O'zbekistonliklarning aksariyati bir kunlik to'yga yillik daromadini sarflayapti – tadqiqot
“Yuksalish” harakati tomonidan aholi o'rtasida yuqori to'y xarajatlariga sabab bo'layotgan omillarni belgilash, mavjud an'analarga bo'lgan jamoatchilik kayfiyatini baholash maqsadida “O'zbekistonda to'ylar” mavzusida so'rovnoma o'tkazdi.
So'rovnomada jami 1 247 kishi ishtirok etdi. Shundan 34,3 foizi 18-30 yosh, 35,5 foizi 30-45 yosh, 30,2 foizi 50 yoshdan kattalardan iborat.
Oilaviy holati bo'yicha esa 71,13 foizi oilali, 24,38 foizi hali oila qurmagan va 4,49 foizi bu to'g'ridagi savolga javob berishmagan.
Tadqiqot poytaxt, viloyat markazlari va tumanlarni o'z ichiga olgan holda mamlakatning turli hududlaridan bo'lgan respondentlarni qamrab olgan. So'rovnomada mamlakatning barcha hududlaridan fuqarolar ishtirok etgan.
Ular, jumladan, “Oxirgi yillarda oilangizda to'y bo'lganmi yoki rejada bormi?” degan savolga aksariyat respondentlar “to'y o'tkazganmiz yoki rejalashtiryapmiz” deb javob bergan.
Xarajat va daromadlar nomutanosibligi
Ko'pchilik oilalarning daromad darajasi bilan to'y uchun qilinayotgan yoki rejalashtirilgan xarajatlar o'rtasida sezilarli tafovut kuzatilmoqda.
Respondentlarning katta qismi – 81,24 foiz (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) – o'z oilasining o'rtacha oylik daromadini 5 million so'mdan 12 million so'mgacha deb ko'rsatgan.
Lekin “To'yga taxminan qancha pul sarflagansiz (yoki sarflashni rejalashtiryapsiz)?” degan savolga ular rejalashtirilgan yoki amalda sarflangan mablag'lar ko'pincha (umumiy respondentlarning 65,2 foiz) 50 million so'mdan 100 million so'mgacha yoki undan ham ko'proqni tashkil qilishini aytishgan.
Bu ko'rsatkich ko'plab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori bo'lishi mumkin.
Moliyalashtirish manbalari
Shunga mos ravishda, aksariyat respondentlar to'y xarajatlarini shaxsiy jamg'armalari hisobidan emas, boshqa manbalar orqali qoplaganliklarini bildirgan. Asosiy moliyaviy manbalar quyidagilar bo'lgan:
- “O'zim va yaqinlarim yordamida” – bu javobni 55,17 foiz respondent tanlagan. Bu natija to'y xarajatlarining jamoaviy moliyalashtirilayotganini ko'rsatadi – ya'ni, og'irlik faqat kelin-kuyov emas, balki ularning ota-onalari va qarindoshlariga ham tushadi.
- “Qarz olganman / olaman” – degan javobni 25,1 foiz respondent bergan. Bu esa aholi o'rtasida to'y tufayli yuzaga kelgan qarzdorlik darajasining yuqoriligini anglatadi.
- “Daromadim yetarli”– deb hisoblaganlar 14,11 foiz.
- Javob bermaganlar – 5,62 foiz.
Bu raqamlar shuni ko'rsatadiki, to'y – ko'plab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk, ularning mavjud daromadlariga mutlaqo mos kelmaydi va qarzga botiradi, bu esa yangi turmush boshlayotgan oilalar yoki ularning ota-onalari uchun moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug'diradi.
Respondentlarning 46,11 foizi to'yga katta xarajat qilishga nima sabab bo'layotgani haqidagi savolga “Jamiyat bosimi / elga to'y berishim kerak degan majburiyat” deya javob berishgan.
Bu eng yetakchi sabab bo'lib, to'y jamiyat nazarida baholanadigan ommaviy tadbir sifatida qaralishi madaniyatimizda chuqur ildiz otganini ko'rsatadi. “Uyat”dan qo'rqish va “yuzimiz yerga qaramasin” degan istak oilalarni o'z imkoniyatlaridan ortiqcha xarajatlarga majbur qilmoqda.
Shuningdek:
- “Yoshlarning orzu-havasi” – 31,36 foiz respondentlar bu variantni tanlagan.
- “Ota-onaning orzu-havasi” – 29,03 foiz. Bu ikkinchi muhim omil hisoblanadi. Ko'pincha katta avlod hashamatli to'y o'tkazishda qat'iy turib oladi, bu orqali ular o'z ambitsiyalarini ro'yobga chiqarib, qarindoshlar hamda jamiyat oldidagi “burchini” ado etayotganini his qiladi.
- “Quda tomonning talabi” – 16,6 foiz respondent bu holatni muhim deb hisoblagan. Bu ikki oilaning kimo'zarga harakat qilishga undovchi omil sifatida ta'riflangan.
Shunday qilib, yuqori to'y xarajatlari ko'proq yoshlarning shaxsiy tanlovidan emas, balki katta ijtimoiy bosim va ota-onalar hamda jamiyat kutgan umidlar natijasida yuzaga kelayotgan holatdir.
So'rovnoma ishtirokchilarining eng katta guruhi to'y xarajatlarini shaxsiy tanlov deb hisoblasa-da, respondentlarning qariyb yarmi to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita jamiyat bosimini tan olgan. Bu jamiyatda ichki ziddiyat mavjudligini ko'rsatadi: bir tomondan – erkin tanlovga intilish, boshqa tomondan esa – an'analar va ijtimoiy kutishlarning kuchli ta'siri.
Natijalar bosim haqidagi qarashlar turlicha bo'lsa-da, uning mavjudligi aholining muhim qismiga taalluqli dolzarb muammo ekanini ta'kidlaydi.
Kamtaronalik istagi va isrofgarchilik amaliyoti
So'rovnoma natijalari, shuningdek, jamiyatda ichki qarama-qarshilik mavjudligini ochib beradi.
Ya'ni, respondentlardan “To'y qanday bo'lishi kerak?” deb so'ralganida ularning 39,62 foizi “Kamtarona” yoki “O'rtacha, yaqinlar davrasida” kabi variantlarni tanlagan.
“Dabdabali, hashamatli” variantini esa atigi 6,66 foiz respondent afzal ko'rgan.
Bu jamiyatda dabdabali to'ylarning samarasizligi haqida aniq tushuncha mavjudligini va ko'proq kamtarona to'ylar o'tkazishga bo'lgan kuchli istak borligini anglatadi. Biroq bu ratsional yondashuv ijtimoiy me'yorlar va an'analar to'sig'ini yenga olmayapti. Odamlar ikki o't o'rtasida qolgan: sarflashni istamaydilar, ammo majbur bo'lishmoqda.
Afzal ko'rilgan muqobil variantlar: agar tanlov imkoni bo'lsa, respondentlar mablag'ni quyidagi yo'nalishlarga sarflashni afzal ko'rgan bo'lardilar:
- ta'lim olishga,
- uy-joy sotib olishga,
- sayohatlarga,
- sog'lig'ini tiklashga,
- biznesga sarmoya kiritishga.
So'rov natijalari shuni ko'rsatadiki, O'zbekiston aholisi dabdabali to'ylar o'rniga mablag'ni kelajakka yo'naltirishga tayyor — bu ta'lim, uy-joy xaridi, sog'liqni tiklash yoki biznesni rivojlantirish kabi yo'nalishlarni o'z ichiga oladi. Bu esa aholining moliyaviy savodxonlikka intilishi va uzoq muddatli rejalashtirishga bo'lgan ehtiyoji borligini anglatadi.
“Yuksalish” harakati tadqiqotdan xulosa qilib, O'zbekistonda to'y an'analarini isloh qilish va soddalashtirish bo'yicha kuchli ijtimoiy buyurtma mavjudligi, aholi eng qimmat va charchatadigan marosimlardan voz kechishga tayyorligini bildiradi.
“O'zbekistondagi zamonaviy to'y xarajatlari ko'plab oilalarni qarzga botirayotgan bo'lib, bu ularning turmushni boshlash imkoniyatlariga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Isrofgarchilikning asosiy sababi shaxsiy istaklar emas, balki ijtimoiy bosim, “ko'z-ko'z qilish” madaniyati va katta avlodning kutishlari hisoblanadi.
Jamiyatda ratsional fikrlash (xarajatlarni kamaytirish zarurati) bilan an'anaviy irratsional xatti-harakatlar (odamlar nima deydi degan qo'rquv) o'rtasida ichki ziddiyat mavjud.
Ko'pchilik aholining fikricha, to'y marosimlarini soddalashtirish, hajmini kamaytirish va ortiqcha odatlardan voz kechish zarur va qo'llab-quvvatlanadi”, – deyiladi Harakat xulosasida.
O'z navbatida, to'y xarajatlarining haddan tashqari oshib ketishini hal qilish uchun ma'rifat, jamoatchilik bosimi va sog'lom odatlarni rag'batlantiruvchi tizimli yondashuv zarurligi ta'kidlanadi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0