21 million so‘mlik moddiy yordam haqidagi xabarlar rostmi?
YouTubeda bir videoga ko‘zim tushdi. Unda aytilishicha, kesarcha kesish (kesarevo) orqali tuqqan ayollarga 21 million so‘m miqdorida moddiy yordam berilar ekan. Shu maʼlumot qanchalik to‘g‘ri?
Cavolga huquqshunos Muhammadamin Karimjonov javob beradi.
— Internetdagi har qanday xabarlarga ishonaveramang!
Mazkur video o‘rganib chiqildi va u hech qanday huquqiy asosga ega emasligi aniqlandi. Afsuski, bunday asossiz axborotlar tez tarqaladi, ko‘pchilikni ishontirib qo‘yadi.
Bunday videolarning asosiy maqsadi — podpischik to‘plash va asossiz shov-shuv (xayp) qilishdan iborat.
21 million so‘m haqidagi xabar — asossiz
Kesarcha kesish orqali tug‘gan ayollarga 21 million so‘m miqdorida moddiy yordam berilishi haqida amalda hech qanday qonun yoki qaror mavjud emas.
Aslida qonun nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra:
Ayollarga: tug‘ruqqacha — 70 kalendar kun tug‘ruqdan keyin — 56 kalendar kun
Agar: tug‘ish qiyin kechsa yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilsa, tug‘ruqdan keyingi taʼtil 70 kun qilib belgilanadi.
Yaʼni, bunday holatlarda jami taʼtil: 126 kun emas, balki 140 kun etib belgilanadi.
Shu davr uchun ayolga: qonunchilikda belgilangan tartibda,
lekin o‘rtacha oylik ish haqining kamida 75 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
Bir martalik to‘lov (“suyunchi puli”) haqida
Amalda mavjud yagona bir martalik to‘lov — bu xalq orasida “suyunchi puli” deb ataladigan nafaqadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-871-sonli Farmoniga ko‘ra: bola tug‘ilganda eng kam ish haqining 70,3% miqdorida bir martalik nafaqa beriladi.
Hozirgi hisob-kitobga ko‘ra: 1 271 000 so‘m × 70,3% ≈ 893 513 so‘m
Eʼtibor bering: bu nafaqa hamma holatda ham, ayniqsa keyingi farzandlar uchun kafolatlanmagan.
21 million so‘mlik moddiy yordam haqidagi xabar — feyk
Amalda: tug‘ruq taʼtili (126 yoki 140 kun) ish haqiga bog‘liq nafaqa va bir martalik “suyunchi puli” mavjud
Shuning uchun har qanday maʼlumotni qabul qilishdan oldin uning huquqiy asosini tekshirish juda muhim.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0