Abduvohidning futbolkasi sotuvga qo'yilishi mumkin
Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida futbol bo'yicha amaldagi chempion jamoa Toshkentning “Paxtakor” hamda billur kubok sohibi Qarshining “Nasaf” klublari o'rtasida mamlakat superkubogi uchun o'tgan o'yin esda qolarli holatlarga boy bo'ldi. Uchrashuvning birinchi bo'limida hisob ochilmadi. Ammo ikkinchi bo'limda tomonlar bittadan to'p kiritishdi, hisob-1:1.
Musobaqa nizomiga ko'ra, g'olib penal'tilar seriyasida aniqlanishi lozim edi. Seriyada tomonlarning to'rtinchi zarbasidan keyin “Paxtakor” 3:2 hisobida oldinga chiqib oldi. “Nasaf” beshinchi zarbani golga aylantira olmasa, toshkentliklar superkubokka ega chiqishardi. “Nasaf”dan to'p oldiga darvozabon Abduvohid Ne'matov yaqinlashdi.
Darvozabonlar “dueli”da qarshilik posbonning qo'li baland keldi. Uning aniq va chiroyli zarbasiga hatto toshkentliklar posboni Pavel Pavlyuchenka ham tan berdi. Goldan keyin u hamkasbining qo'lini siqib, tabriklab qo'ydi. Hisob 3:3.
Oltinchi zarbani “Nasaf”dan braziliyalik Viktor da Silva golga aylantirdi 3:4. “Nasaf” oldinga chiqib oldi. Abduvohid “Paxtakor”chi Muhammadqodir Hamraliev tepgan to'pni ham mohirlik bilan qaytara oldi. Shu tariqa uchta penal'ini qaytargan va o'zi ham gol urgan mohir darvozabon uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi.
Bungacha “Paxtakor” va “Nasaf” mamlakat superkubogini ikki martadan qo'lga kiritgandi. Qashqadaryo jamoasi uchinchi marta g'olib chiqib, o'z darajasini va salohiyatini ko'rsatdi.E'tiborlisi, o'yin qahramoni Abduvohid Ne'matov g'alabani yaqindagina dunyoga kelgan farzandiga bag'ishladi.
O'yindan so'ng jurnalistlar Abduvohidning futbolkasini auktsionga qo'yish va undan tushgan pulni bolalar shifoxonasiga o'tkazish taklifini ilgari surishdi. Ne'matov ham o'z navbatida bunga qarshi emasligini bildirdi.
Eslatib o'tamiz, yaqinda Qatardagi Osiyo kubogida Husayn Norchaev gol kiritgandan so'ng uni nishonlashda kiygan o'zbek do'ppisi auktsionda 50 million so'mga sotilib, puli bolalar shifoxonasiga o'tkazilgandi. Demak, o'zbek futbolida ham ishqibozlar qalbini to'lqinlantira oladigan lahzalar, auktsionga qo'yishga arzigulik qadrdon buyumlar ko'paymoqda...
Akmal ABDIEV, ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0