Guruhda kutilgan o'rinni qo'lga kirita oldik. Endi pley-off qanday bo'ladi?
Qatarda bo'lib o'tayotgan Osiyo Kubogi musobaqasida O'zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhida 2-o'rinni olib, nimchorak finalga yo'l oldi. Xo'sh, buyog'iga vakillarimiz qanday o'yin ko'rsatishadi?
Bizni kelgusi bosqichlarida nimalar kutmoqda? Bugun biroz kelajakka xayoliy sayohat qilib ko'ramiz.
Jarohatlar bilan esda qolgan guruh bosqichi
Terma jamoa guruh bosqichida 2-o'rinni qo'lga kiritishni deyarli barcha muxlislar kutishgan edi. Bunga sabablar yaqqol ko'rinib turgandi: Avstraliya bilan o'yinlar tariximiz va ularning xalqaro miqyosdagi nufuzi, Suriya va Hindiston nisbatan oson raqiblar ekani.
Birinchi o'yin harqancha muhokama va e'tirozlarga sabab bo'lmasin, yakunda baribir kutilgan natija bo'ldi. Lekin, guruh bosqichi deganda boshqa narsani baribir xayoldan o'tkazaveramiz endi.
Masalan, 2011 yilgi Osiyo Kubogida barcha Odil Ahmedovning Qatarga, Aleksandr Geynrixning Xitoyga urgan super gollarini eslaydi. 2015 yilgi turnirda Sardor Rashidov Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinda yulduzga aylangan. 2019 yili Yaponiya bilan ko'rsatilgan chiroyli o'yin yodingizda bo'lsa kerak. Lekin joriy musobaqa terma jamoamiz faqat va faqat jarohatlar bilan esda qoldi.
Aslida, bu narsa musobaqadan avvalroq boshlangandi. Dastlab, Shomurodov, 1-turdan so'ng Hojiakbar Alijonov, keyinroq Husniddin Aliqulov, 2-turda maydonga tushib, 3-turda qaydnomaga ham kirmagan Sherzod Nasrullaev va nihoyat oxirgi turda Sergeev.
Endi janob Katanetsning oldida bosh og'rig'i turibdi. Kelgusi o'yinlarda kimni maydonga tushirgan ma'qul? Darvozabonlardan hozircha muammo yo'q, qanot himoyachilari esa asosiy masala bo'lib turibdi. Yarim himoyachilarimiz bisyor, biroq nominal hujumchi bitta qoldi: Bobir Abdixoliqov.
Keling, nimchorak finalda terma jamoamiz qanday tarkibdan maydonga tushishini taxmin qilib ko'ramiz:
Darvozabon: O'tkir Yusupov
Himoyachilar: Zafarmurod Abdirahmatov, Abduqodir Husanov, Umar Eshmurodov, Rustam Ashurmatov, Farruh Sayfiev
Tayanch yarim himoyachilar: Otabek Shukurov, Odiljon Hamrobekov
Qanot vingerlari: Abbosbek Fayzullaev, Jaloliddin Masharipov
Hujumchi: Bobir Abdixoliqov
Pley-offda kimlarga qarshi o'ynashimiz mumkin?
Ana endi pley-off “setka”siga qarash vaqti keldi. O'zbekiston terma jamoasi 30 yanvar' kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da “F” guruhida 2-o'rinni qo'lga kiritgan terma jamoa bilan kuch sinashadi. Bu guruhda ayni vaqtda holat quyidagicha:
3-tur o'yinida Saudiya Arabistoni Tailand bilan o'ynaydi. Agar shu o'yinda Tailand yutib qo'ysa Saudiya O'zbekistonga raqib bo'ladi, agar O'mon yirik hisobda yutib, Tailand mag'lub bo'lsa O'mon bilan o'ynashimiz mumkin. Lekin, ko'p ehtimol Tailand bizning nimchorak finaldagi raqibimiz bo'ladi.
Har bir jamoaga hurmatni saqlagan holda aytish kerakki, nisbatan osonroq raqibga ro'baro kelamiz.
Deylik, nimchorak finaldan o'tdik. Сhorak finalda bizni Qatar yoki uning nimchorak finalda tushadigan raqibi kutib oladi. Qatarga kim raqib bo'ladi? “C” yoki “E” guruhining 3-o'rin sohibi. “C” guruhida 3-o'rin aniq – Falastin. “E” guruhi esa ancha murakkab bo'lib turibdi. Bu yerda holat quyidagicha:
Сhorak finalda kim bo'lishidan qat'iy nazar yarim finalga yo'l olsak bizni kim kutib olishi mumkin? Bu yerda to'rt jamoa tushish ehtimoli bor va ularning hozircha ikkitasi, va balki uchtasi ancha qiyin raqiblar.
Eron – Suriya g'olibi chorak finalda Yaponiya va “E” guruhi g'olibiga qarshi maydonga tushadi. E'tiborga molik tomoni, “E” guruhida birinchilikka bosh nomzod – Janubiy Koreya (guruhdagi holat yuqorida ko'rsatildi). Ma'lumot uchun, kecha Koreya Respublikasi bosh murabbiyi Yurgen Klinsmann va uning 3 yordamchisi Yaponiya – Indoneziya uchrashuvini stadiondan kuzatdi.
Ehtimollar nazariyasiga ko'ra, O'zbekiston terma jamoasining yarim finaldagi raqiblari Eron, Janubiy Koreya va Yaponiyadan biri bo'ladi.
Bo'ldi, shu joyida kelajakka sayohatni to'xtataman. Biz bir futbol muxlisi sifatida O'zbekiston milliy terma jamoasiga omad, jarohat olgan futbolchilarga esa salomatlik tilaymiz. Qanaqa natija bo'lishidan qat'iy nazar, kelgusi musobaqalarga umidimiz so'nmaydi, bizni hali oldinda Jahon Сhempionati kutib turibdi.
Og'abek Samisov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0