Afro'za Hamdamovaning onasi: «Qizimning jahon chempioni bo'lishi — o'n yildan beri ko'zlangan marra edi»
Italiyada bo'lib o'tgan shaxmat bo'yicha jahon chempionati yurtdoshimiz — Afro'za Hamdamovani 14 yoshgacha bo'lgan qizlar o'rtasida jahon chempioni sifatida kashf etdi.
Shu paytgacha o'zbekistonlik qizlar — Bahora Abdusattorova va Gulruhbegim Tohirjonovalar bunday darajadagi o'yinlarda qatnashib, kumush medallarni qo'lga kiritishgan edi. Ammo qizlar o'rtasidagi birinchi oltin medalni aynan Afro'za Hamdamova olib kelmoqda. Afro'za bunday yuksak miqyosdagi musobaqalarda avval ham ishtirok etgan. Onasining aytishicha, iste'dodli shaxmatchi 7 yoshidan boshlab, yuksak darajadagi musobaqalarda qatnashib kelmoqda. Jumladan, Gruziyada o'tgan Jahon chempionatida birinchi marta qatnashib, 4-o'rinni egallagan bo'lsa, Braziliyada o'tgan chempionatda (8 yoshida) ishtirok etib, 2-o'ringa sazovor bo'lgan. Keyinchalik, Xitoy va Ispaniyalardagi musobaqalarda ham yaxshi natijalar ko'rsatgan.
— Bu galgi g'alaba, ya'ni qizimning jahon chempioni bo'lishi biz uchun u sportga ilk kirib kelgan 2013 yildan boshlab, ko'zlangan yuksak marra bo'lgan, — deydi Shabnam Ismatova. — O'tgan 10 yillik izlanish va mehnat samarasi o'laroq, u shunday marrani zapt etdi.
Afro'za Hamdamova 2009 yil 25 fevralda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug'ilgan. Ayni paytda u 14 yoshda, ota-onasi bilan Samarqand shahrida yashaydi va shahardagi 42-maktabning 8-sinfida ta'lim oladi. Unga shaxmatni 4 yoshidan boshlab, dadasi Akbar Hakimov o'rgata boshlagan. Bunga sabab, Akbar aka shaxmatni juda yaxshi ko'rar, universitetda o'qib yurgan kezlarida talabalar o'rtasidagi musobaqalarda doim eng oldi o'rinlarni egallardi. Shu ma'noda iste'dod unga otasidan o'tgan desak, adashmaymiz.
— Kunlarning birida, — deb eslaydi Shabnam opa, — turmush o'rtog'im bilan farzandlarimiz haqida gaplashib o'tirganimizda, otasi «Afro'zaning xotirasi yaxshi, anchadan beri kuzatib yuribman, unga shaxmatni o'rgatsak, yaxshi natijalarga erishadi, deb o'ylayapman. Bizning davrlarimizda yaxshiroq shug'ullanishga sharoit bo'lmagan, hozir hamma sharoit yetarli», — deb qoldi. Men ho'jaynimning fikrlarini qo'llab-quvvatladim. O'sha vaqtda qizimiz endi 2 yoshni qarshilagan edi. Esimda bor, o'sha paytlarda Afro'zaga nimani o'rgatsak, yodlab olar, hatto 3-4 yoshida hamma harflarni bilardi.
Shunday qilib, asli kasbi sotsilog, ammo keyinchalik xususiy tadbirkorlik bilan shug'ullanib, oilasi iqtisodini mustahkamlab olgan Akbar aka qizi Afro'zaga astoydil shaxmatni o'rgata boshladi. Keyinchalik esa bir paytlar o'ziga ham professional shaxmatni o'rgatgan ustozi, hozirda rahmatli bo'lgan — Shahob Hamroqulovga olib bordi. Shahob Hamroqulov ham yosh qizdagi iste'dodni ilg'ab, unga shaxmatning sir-asrorlarini o'rgatdi. Shu bilan birga, Afro'za internetda muntazam xalqaro grossmeysterlar, mohir shaxmatchilarning o'yinlarini kuzatib bordi, o'rgandi va ular bilan onlayn musobaqalarda o'zini sinab ko'rdi. Akbar aka tadbirkor bo'lgani bois qizining professional shaxmat izidan borishi uchun ko'p vaqt ajratishi, o'z mablag'i evaziga musobaqalarga olib borishi zarurligini yaxshi anglardi va bundan hech qachon qochmadi. Uning fikricha, tajriba — katta va yirik musobaqalarda to'planadi. Shu bois Afro'za qatnashgan musobaqalar unga katta tajriba maktabi bo'ldi.
Shaxmatsevar jurnalist Husan Karvonli qahramonimiz qatnashgan musobaqalar haqida ma'lumot berar ekan, quyidagilarni keltirdi:
"Afro'zaning muvaffaqiyatlari: Afro'za shu paytgacha O'zbekiston Respublikasining shaxmat bo'yicha xotin-qizlar o'rtasidagi (maktab o'quvchilari o'rtasida) shaxmatning asosiy — standart yo'nalishi bo'yicha ilk va hozircha yagona jahon chempioni edi. Endi esa, bolalar va o'smirlar o'rtasida jahon chempionatida ham o'zbekistonlik qizlar ichida ilk jahon chempioni bo'ldi". |
Biz iqtidorli shaxmatchining kun tartibi bilan qiziqdik. Сhunki yuksak g'alaba uchun olib boruvchi yo'llar oson kechmagani aniq. Ma'lum bo'lishicha, Afro'za maktabda ham a'lo baholarga o'qiydi. Darslaridan kelgach, har kuni 7-8 soat shaxmat bilan shug'ullanadi. Ha, har kuni 7-8 soatdan kam emas! Ilgarilari u shifokor bo'lishni orzu qilardi. Hozirda esa rejalari o'zgargan. Kelajakda ham uni dunyoga olib chiqqan soha — professional shaxmatni davom ettirmoqchi. Ayni paytda ularning Samarqand shahrida Afro'za nomidagi xususiy shaxmat klubi bor. Klubga qahramonimizning otasi Akbar Hakimov rahbarlik qiladi.
Katta bir dovondan o'tib, dunyoga o'zbek qizlarining ham aqlu zakovatini tan oldirgan Afro'zaning keyingi maqsadi va rejasi yanada ulkan — kelajakda butun dunyo shaxmatchi ayollari o'rtasida jahon chempioni bo'lib, jahon tojini yurtimizga olib kelish. Ayni paytda mazkur tojga xitoylik shaxmatchi ayol egalik qiladi.
Ishonch.uz sayti jamoasi o'z oldiga ulkan maqsadlar qo'yib, davlatimiz bayrog'ini dunyo sahnalarida xilpiratayotgan yosh iste'dod sohibini, uning ota-onasi va ustozlari, yaqinlarini yuksak g'alaba bilan qutlab, kelgusida ham faqat omadlar tilab qoladi.
Zebo NAMOZOVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0