Peledan ustun deb tan olingan — Garrincha. U kim edi?
Futbol tarixidagi eng yaxshi o'ng qanot himoyachisi, mohir driblingchi, bir oyog'ida nuqson bo'lsa-da, eng yuqori cho'qqini zabt etgan Garrinchani bugun deyarli eslashmaydi.
Tug'ma nuqsonli bolakay
Asli ismi Manoel Fransisko dos Santos bo'lgan, keyinchalik “Garrincha” laqabini olgan bo'lajak futbolchi 1933 yilning 18 oktyabrida Rio-de-Janeyrodagi Pau-Grandi qishlog'ida tug'ilgan. Uning oilasi juda qashshoq muhitda hayot kechirgan.
Kichkintoy Manoel bir nechta nuqsonlar bilan dunyoga kelgan: orqa miya va tos suyaklarining deformatsiyasi, chap oyog'ining o'ng oyoqdan 6 santimetr qisqaligi ota-onani juda tushkunlikka tushirgan.
Uni davolatish uchun turli muolajalar, hatto jarrohlik amaliyoti ham o'tkaziladi. Biroq, bu foyda bermaydi va shifokorlar uning yurib ketishining o'zi mo''jiza bo'lishini aytishadi. O'sha paytda kun kelib, Manoel dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan tezroq yugura oladigan, mas'uliyatli o'ng qanot himoyachisi bo'lib yetishishi mumkinligi hech kimning hayoliga ham kelmagan.
Nega uning laqabi Garrincha?
Oilasi o'ta qashshoqligi sababli, uning ukasi va singlisi ochlikdan vafot etishgan. Manoel yoshligidan ota-onasiga yordam berar, o'rmonda mevalar terib, ularni sotish bilan shug'ullanardi. U ichkilikka berilgan otasining zararli odatlarini juda erta o'zlashtirdi: ilk bor spirtli ichimlikni totib ko'rganida atigi to'rt yoshda edi. O'n yoshida esa, qishlog'ida tayyorlanuvchi qo'lbola spirtli ichimlikni bemalol ichar va tamaki ham chekardi.
Unga “Garrincha” laqabini opasi Tereza bergan. Сhunki Manoel o'rmonda garrincha nomli qushlarni ovlashni xush ko'rardi. Opasi unga bir kuni: “Sen bu qushlarni shunchalik mahorat bilan ovlaysan-ki, yaqinda o'zing ham garrinchaga aylanasan” deydi. Ana shundan so'ng, uni avval oila a'zolari, keyin ko'chadagi tanishlar Garrincha deb chaqirishni boshlashadi. Vaqt o'tib esa, bu nom butun dunyoga mashhur bo'ladi.
Ko'ngillilar safidan katta klubga
Garrincha 14 yoshida qishloq yaqinidagi tekstil fabrikasiga ishga joylashadi. O'sha paytda ishdan keyin u “Pau-Grandi” nomli ko'ngilli bolalar futbol jamoasida to'p tepardi. U hammadan ham yaxshi o'ynashi bilan ajralib turardi.
Bo'lajak yulduz 16 yoshga to'lganida unga baxt kulib boqadi: ko'ngilli futbol jamoasida o'ynab yurganida tasodifan u yerga borgan “Botafogo” jamoasi futbolchisi Pedro Viana Arati bu nuqsonli bolaning uslublari, tezligini ko'rib hayratlanadi va o'z jamoasining murabbiysiga uni sinab ko'rishini aytadi.
Avvaliga “Botafogo” jamoasidagilar uning biri kalta va qiyshiq oyoqlarini ko'rib kulishadi. Lekin Garrincha eng yaxshi himoyachi bilan bo'lgan sinovdan kutilganidan ham muvaffaqiyatli o'tadi. Uni darhol jamoaga olishadi va yaxshigina maosh tayinlashadi.
“Ole!” an'anasi va 9 yilda qo'lga kiritilgan oltin kubok
1953 yilning birinchi mavsumidayoq, Garrincha jami 20 ta golli natijani qayd etadi. To'qqiz yil davomida g'oliblikni qo'lga kirita olmagan jamoa o'shanda Rioning oltin kubogiga ega bo'ladi. Shundan so'ng, Garrincha keng ommaning e'tiboriga tushadi. Muxlislar uning har bir golida “Ole!” deya qichqirishadi. Bu hayqiriq hatto boshqa mamlakatlardagi muxlislar o'rtasida ham an'anaga aylanadi.
1957 yilda “Botafogo” klubiga yangi murabbiy keladi. Kommunist va futbol sharhlovchisi bo'lgan Jon Saldaniya o'yinchilarga qarata: “Men hech biringizga o'ng qanotga aralashishingizga ruxsat bermayman. Bu Garrinchaning joyi. Qolganlarning barchasi markazda va chapda o'ynashi kerak. Garrincha xohlaganini qilsin, sizning vazifangiz esa, undan pas kutish va darvoza tomon zarba berishdir” deydi.
1958 yilda bo'lib o'tgan jahon chempionatida esa, sovet jamoasi himoyachisi Vladimir Kesaryov “Sovetskiy sport” nashriga shunday deb yozadi: “Garrincha tezlik va fintlar bo'yicha shu qadar ustunki, u bilan bas boylashish behuda. O'sha o'yinda Garrincha Pele va boshqa braziliyalik o'yinchilardan ham balandroq pog'onada edi”.
O'sha o'yinda Braziliya SSSRni 2:0 hisobida mag'lub etadi. Finalda esa, turnir mezboni — shvedlardan ustun kelishadi. Shu bilan Braziliya o'z tarixida ilk marta jahon chempioni degan unvonni qo'lga kiritadi.
Garrincha 1966 yilda bo'lib o'tgan jahon chempionatida ham yulduzdek porlaydi. Bu o'yinlarda u 4 marta gol urishga muvaffaq bo'ladi. Braziliya yana g'alaba qozonadi.
Uning tizzalari ko'p azob bergan
Vaqt o'tib, Garrinchaning tizzalari og'riy boshlaydi. Unga “osteoporoz” nomli dard yopishadi. “Botafogo” shifokori uning vaqtinchalik o'yindan chetlashishini so'raydi. Biroq, klub Italiya va Frantsiya bo'ylab turnirga chiqish arafasida bo'lgani uchun, “Botafogo” prezidenti Serxio Darsi: “Garrincha o'likmi yo tirikmi, maydonga kerak!” deb qat'iy turib oladi.
Manbalarga ko'ra, har bir o'yindan oldin futbolchiga ukol qilingan. Ammo uning oyoqlaridagi og'riq shu qadar kuchli ediki, o'yinlardan so'ng, jamoadoshlari uni yechinish xonasidan to avtobusgacha qo'llarida ko'tarib ketishar edi. Shuning uchun, o'sha og'riq qoldiruvchi narkozni olish uchun Garrincha har bir o'yinni intiqlik bilan kutgan.
Maydonni tark etish
1968 yilda futbolchi farzandlari uchun aliment to'lamagani uchun, ikkita uyini sotishga majbur bo'lgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Garrinchaning bir nechta ayoldan jami 14 nafar farzandi bo'lgan.
Nihoyat, 1973 yilda u maydonni tark etishga qaror qiladi. Braziliya terma jamoasi bilan xayrlashuv o'yini uchun, Garrinchaga taxminan 60 ming AQSh dollari beriladi. Xayrlashuv o'yinida Braziliya FIFA jamoasiga qarshi o'ynaydi va 2:1 hisobida g'alaba qozonadi. Sovet futbolchisi Yevgeniy Lovchev bu onlarni shunday deb izohlaydi: “Garrincha maydonni tark etayotganida uning ko'z yoshlari tinmadi. Uni 150 ming tomoshabin olqishladi”.
Boshqa manbalarga ko'ra, Rio-de-Janeyrodagi «Marakana» stadioniga sevimli futbolchisi bilan xayrlashish uchun hatto 350 ming tomoshabin yig'ilganligi qayd etilgan. Garrincha “Botafogo” safida jami 614ta o'yinda ishtirok etib, naq 243 ta gol kiritgan mohir o'yinchi edi.
Ayanchli va abgor yakun
Keyingi bir necha yil davomida u faqatgina yashash uchun pul topish maqsadida Lotin Amerikasining kichik jamoalarining o'rtoqlik uchrashuvlarida qatnashib yuradi. Futbol afsonasini arzongina narx evaziga tomosha qilish uchun kelgan muxlislarning tez orada hafsalasi pir bo'la boshlaydi. Сhunki Garrincha anchayin ortiqcha vazn orttirgan va uning uzatmalari va zarbalari avvalgidek aniq emas edi. Oxir oqibat, vaziyat shu darajaga borib yetadiki, ikki karra jahon chempionini oddiy viloyat tribunalaridan haydab yuborishadi.
U futboldan ketgach, ichkilikka berilib ketadi. Bora-bora hayoti ham qashshoqlashadi. Odamlar unga e'tibor bermay qo'yishadi. Umrining so'nggi kunlari mana shunday ayanchli tus olgan Manoel Fransisko dos Santos — afsonaviy Garrincha 1983 yil 20 yanvarda jigar tsirrozidan vafot etadi.
Xolida Egamberdieva,
“Ishonch.uz”
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0