Qayga bormay, boshda do'ppim, g'oz yurarman gerdayib: Parijda 500 yevroga sotilmagan Andijon do'ppisi
Frantsiyada bo'lib o'tgan yozgi olimpiada o'yinlarida o'zbekistonlik Fan klub a'zolarining Parij ko'chalarida milliy qo'shiqlarimizni aytib yurgani ancha shov-shuv bo'ldi.
Katta do'ppi kiyib olgan yigit andijonlik Nodirbek To'ychiev bo'ladi.
U sportga begonamas. Sababi 1986 yilda futbolga kirib kelgan. Andijon yoshlar jamoasida besh raqami ostida to'p surgan. Keyinchalik millionlar o'yiniga ishqibozligi hayoti mazmuniga aylandi.
U o'zbekistonlik muxlislar safida Qatar, Xitoy, Indoneziya, Singapur, Tailand kabi qator mamlakatlarda xalqaro musobaqalarni jonli ko'rish baxtiga erishdi. E'tiborlisi, dunyoning qay yurtiga bormasin, shu do'ppi hamroh bo'lgan.
Diagonali 50x50 santimetr o'lchamdagi do'ppini dastlab, 2009 yilda Misrdagi musobaqalarga borish oldidan Karima xolasi tikib bergan. O'shandan buyon katta o'yinlarda shu bosh kiyimda bo'ladi.
Parij-2024 o'yinlarida O'zbekiston Fan klubi a'zolarining 200 nafari Andijon viloyatidan borishdi. Albatta, yirik musobaqalarda stadionning o'zida sportchilarimizni jonli qo'llab-quvvatlashning zavqi boshqacha.
– Fan klub katta jamoa. Unda turli kasb egalari bor. “Temuriylar keldi, Boburiylar keldi”, degan xitob bilan yurtimizni madh etdik. Qizig'i, Parij ko'chalarida milliy qo'shiqlarni baralla aytib yurganimizda, butun dunyodan kelgan odamlar “O'zbekiston, O'zbekiston” deya biz bilan suratga tushishga oshiqishdi. Hattoki do'ppini 500 yevroga sotishimizni so'raganlar bo'ldi. Bu o'zbekning g'ururi, milliy bosh kiyimi pulga sotilmaydi, deganimizdan keyin, yana bir bor bizga tan berishdi֪ – deydi suhbatdoshimiz.
Nodirbek To'ychievning bir o'g'li, ikki qizi bor. O'g'li Muhammadjon ham futbol ishqibozi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0