Autizm nega ko'paymoqda?
Autizm — bu bolalardagi miya faoliyatining rivojlanishiga ta'sir qiluvchi nevrologik xususiyatdir. Uning ilk belgilari odatda 1,5–3 yoshgacha namoyon bo'ladi. Bolada muloqotda sustkashlik, boshqalarga qiziqish bildirmaslik, gapirishda qiyinchilik bilan kuzatiladi.
Autizmning sabablari nimalar?
Mutaxassislar autizmni psixik emas, balki nevrologik holat deb hisoblaydilar. Uning kelib chiqishida bir necha omillar — irsiy xususiyatlar, homiladorlik davridagi infektsiyalar, perinatal gipoksiya (tug'ruq vaqtida kislorod yetishmovchiligi), metabolik buzilishlar va ekologik omillar ishtirok etadi.
Tadqiqotlarga ko'ra, har 500 nafar boladan biri autizm spektridagi buzilishlar bilan dunyoga keladi. Bu holat o'g'il bolalarda qizlarga nisbatan 4 baravar ko'proq uchraydi.
Belgilari:
Autizmning asosiy belgilari bola gapirishni kech boshlashi, atrofidagi odamlarga nisbatan qiziqish bildirmasligi, ko'zga tikilib qaramasligi, o'yinlarda qatnashmasligi, qo'llarini silkitish, bitta narsaga qattiq bog'lanish kabi stereotipik xatti-harakatlarda namoyon bo'ladi. Masalan, bola muzqaymoq olsa ham zavq bildirmasligi mumkin.
Ba'zan bola normal rivojlanib, keyinchalik ortga qaytish kuzatiladi — bu regressiv autizm deb ataladi.
Shuningdek, bola mantiqsiz so'zlar aytishi, "men" o'rniga "siz" deyishi, televizordagi reklamalarni takrorlashi mumkin. Rejimdagi o'zgarishlarga qattiq qarshilik ko'rsatishi, bitta idishdan ovqatlanish yoki muayyan yo'ldan yurishga qat'iy bog'lanishi mumkin.
Qo'shimcha alomatlar: tana va salomatlik bilan bog'liq holatlar
Autizmli bolalarda ko'pincha ovqat hazm qilish muammolari — ich qotishi yoki diareya, immunitetning pastligi, allergiya, infektsiyalarga moyillik va vitamin yetishmovchiligi (ayniqsa B6, B12, C, A va E) kuzatiladi. Ba'zi hollarda og'ir metallar bilan zaharlanish belgilari ham uchraydi.
Autizmdagi iste'dodli bolalar
Autizm bilan yashayotgan ba'zi bolalarda yuqori iqtidor namoyon bo'ladi. Ular notiqlik, kuchli eslash qobiliyati, noyob musiqiy mahoratga yoki arifmetik qobiliyatlarga ega bo'lishlari mumkin. Bu holat autizmga ega barcha bolalarda kuzatilmaydi, ammo bunday istisno holatlar orqali jamiyatdagi stereotiplar yengib borilayapti.
Qanday tashxis qo'yiladi?
Autizm maxsus qon yoki UTT tahlili bilan aniqlanmaydi. Tashxis bolaning xatti-harakatini kuzatish, muloqot qobiliyatini baholash orqali qo'yiladi. Diagnostika jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:
1. Skrining testlari: 1,5–2 yoshda o'tkaziladi. Bolaning yoshiga mos asosiy ko'nikmalarini aniqlashga qaratilgan.
2. Keng qamrovli baholash: nevrolog, pediatr, psixolog va psixiatrlar tomonidan o'tkaziladi. Qo'shimcha ravishda qon tahlillari, eshitish va ko'rish testlari, genetik va metabolik tahlillar o'tkazilishi mumkin.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bolaning aqliy salohiyati va rivojlanish darajasi autizm prognozini belgilaydi. Ba'zi bolalarda aqliy zaiflik bo'lsa, boshqalarda ma'lum sohalarda yuqori qobiliyatlar kuzatiladi.
Autizmni davolash mumkinmi?
Autizm butunlay yo'qolmaydi, ammo to'g'ri tashxis va erta reabilitatsiya orqali bolaning rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatish mumkin. Mutaxassislar tomonidan tayinlangan terapiyalar — logoped, defektolog, psixoterapevt, shuningdek, osteopatik mashg'ulotlar bolaga jamiyatga moslashishga yordam beradi. Har qanday usullardan foydalanishda bolaning individual holati hisobga olinishi juda muhim.
Nima qilish kerak?
Agar farzandingizda autizmga xos belgilari bor deb shubhalansangiz, darhol mutaxassislarga murojaat qiling. Erta tashxis va faol parvarish autizmli bolalar uchun muhim hayotiy farqni yaratadi. Bu murakkab holatni tushunish, farzandingizni to'g'ri tarbiyalash va uning iqtidorini aniqlash orqali siz unga yangi imkoniyat eshiklarini ochasiz.
Oltinoy Mo'minova,
Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika
fakul'tetining 2-bosqich talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0