Baxtning egri chizig'i o'zgardimi?
Baxtsiz avlod deganda ko'z oldimga Erix Mariya Remarkning «G'arbiy frontda o'zgarish yo'q» asari keladi. Shunki endigina 17-18 yoshga to'lgan, hali o'n gulidan bir guli ochilmagan yigitlarning beg'ubor yoshligi shavqatsiz urushda barbod bo'ladi.
Ammo «Baxtsiz avlod» jumlasining ma'nosi bugungi kunda tubdan o'zgargan. Bu haqda «Fortune» jurnalida e'lon qilindi. Unda yozilishicha, Garvard va Beyler universitetlari olimlarining 22ta davlatda 200mingdan ziyod insonlar o'rtasida o'tqazgan tadqiqoti orqali ayon bo'ldiki, baxtning egri chizig'i o'zgargan.
Aniqrog'i, hech qanday urushlarsiz Z avlodning quvonch hissi yo'qolib bormoqda. Ha, gap Z avlod haqida ketyapti. Bu avlod 1997-2010-yillarda tug'ilgan bolalarni ichiga oladi. Keling, uzoqqa emas, o'z yurtimizdan gapiramiz. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va ularning ichidagi har-xil haqiqatdan yiroq bo'lgan ko'z-ko'z qilishlar, oilaviy muammolar, moddiy yetishmovchilik va sevgidagi ayriliqlar ba'zi bir irodasi past yoshlarimiz uchun "ajoyib depressiya" bo'lib xizmat qilyapti. Lekin yuqorida keltirilgan muammolarning aksariyati avvalgi avlodlarda yo'qmidi? Albatta bo'lgan, ammo nega aynan Z avlod baxtsiz? Shunki 18 yoshidayoq «Yigitlarning mashinasi, uyi, ishi bo'lishi kerak», deydigan qizlar, ko'chada va uyda boshqa-boshqa insonga aylanadigan yigitlar, ikir-chikirlarigacha ommaga olib chiqib, "Man maqtanmayapman, shunchaki, siz bilan bo'lishgim keldi" deydigan maqtanchoqlar, ehhe… Sanasang charchaysan kishi.
Aynan shu kabi holatlar urchib ketdi. Birgina misol, skill uzb nomi ostida Pubg o'yini o'ynaydigan bolaning ortidan bir gala 14-15 yosh atrofidagi bolalar chopib yuribdi. Bittasidan nega yig'layapsan, deb so'rasa, iltimos, aka, bir qo'l o'ynaylik, deydi. Shumi, biz ulg'aytirayotgan Temuriylar avlodi? Shumi, Boburiylar avlodi? Ha, afsuski shular.
Keling, endi yoshlarimiz nega bunday ahvolga tushib qolayotgani haqida ham gaplashsak. Holatda ota-onalarning ham qisman aybi bor. Ammo to'liq ayblab bo'lmaydi. Psixolog Shahlo Orifxo'jaevaning ta'kidlashicha, yuqorida aytilgan «qisman aybdorlik»ning bir nechta sabablari mavjud. Birinchidan, «Ota-onalarning o'zlari qanday muhitda katta bo'lishgan?» degan savolni o'rtaga tashlasak. Hozirgi kundagi ota-onalarning 70-75 foizi SSSR davri oxirlarida tug'ilgan insonlar. Ularning ota-onalarining aksariyatining asosiy maqsadi yeb-ichish va ishlash bo'lgan. Afsuski, ular ulg'aygan farzandlariga bola tarbiyasi haqida oz bo'lsa ham o'rgatishmagan. O'zlari ko'r-ko'rona yoki mentalitetimizdan kelib chiqib tarbiya berishganidek, ularning bugungi kunda ota-onaga aylangan farzandlari ham shunday yo'l tutishmoqda.
Farzand tarbiyalash borasida kerakli bilimga ega emas. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar ularni ham, ularning farzandlarini ham «zabt» etgan. Oqibatda oilalarda, ota-ona va farzandlar o'rtasida muloqot kamayib ketgan.
Bolalar o'zlarini atrofida yaqinlari bo'la turib, yolg'iz his etishmoqda. Mehr-e'tibor yetishmayapti. Bir so'z bilan aytganda, oldingi avlodlarga qaraganda hozirgi bolalar ancha baxtsizroq.
– Bir jihatdan zamon ham o'zgarib borayapti. Kechagi kun bugungi kunga to'g'ri kelmaydi. To'g'ri tarbiya shunday qoladi, deyishimiz mumkin. Ammo bugungi kun bolalarining diydasi internet sabab qotib ketyabdi. Shu bois ularga ko'proq va samarali vaqt ajratish zarur. Sabablardan yana biri, avloddan-avlodga yomonlashayotgan ekologiyadir. Bu sog'liqqa, shu bilan birga kayfiyatga ham ta'sir qiladi. Demak, bugun nafaqat bolalarimiz tarbiyasiga balki bizni o'rab turgan tevarak atrofga ham bee'tibor bo'lmasligiz zarur. Xalqimizda “Ogohlik davr talabi” degan yaxshi naql bor. Bugun har doimgidan ham ogoh bo'laylik. O'zimiz, kelajagimiz va farzandlarimiz uchun, – deydi psixolog.
Murodilla URDUShEv
O'zJOKU talabasi



Maqolaga baho bering
0/52
0
0
0
0