Beshikda yot(ma)gan bolalar
Ha, bugungi bolalar beshikda yotmayapti, ayniqsa shaharliklar. Bunga har xil qarashlar sabab bo'lyapti. Masalan, kimdir beshikni foyda desa, boshqa birov zarar deyapti. Unga hatto «eskilik sarqiti», deya ta'rif berayotganlar ham yo'q emas. Ayrimlarning nazdida beshik o'tgan zamonning matohiga aylandi. Uning o'rnini biz ommatan “pampers”* deb ataydigan tagliklar egalladi. Beshikka qarshi kurash fonida pampers biznesi gullab-yashnamoqda.
Bu bo'yicha har kim o'z fikriga ega. Kimgadir beshik, kimgadir pampers ma'qul. Har kimning o'z tanlovi bor. Ularga aql o'rgatishga haq-huquqimiz yo'q. Ammo har narsada me'yor bo'lgani durust. Aks holda, hozircha kichik ko'rinayotgan masala kelajakda katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois beshik bilan pampersning foyda va zararlarini tahlil qilib, qay birining toshi og'ir kelishini ko'rib, xulosa qilsak, adolatdan bo'ladi, nazarimizda.
Birinchi bo'lib, beshik masalasiga to'xtalsak.
To'g'ri, bugun zamon o'zgardi. Turli vositalar beshikning o'rnini bosyapti. Lekin bu yoppasiga undan voz kechish kerak degani emas. Har holda ota-bobolarimiz beshikda ulg'ayib kam bo'lishmagan. Agar uning zarari bo'lganda ular o'sha paytdayoq ilg'ashgan bo'lardi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi nevrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasi professori Zarifboy Ibodullaevning aytishicha, beshikning bola salomatligiga hech qanday zarari yo'q.
– Oxirgi vaqtlarda bola beshikda yotsa bo'lmaydi, u erkin o'sishi kerak, degan gaplarni ko'p eshityapmiz, – deydi professor. – Vrach sifatida shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, beshik bola uchun judayam muhim va foydali vosita sanaladi. Xususan, u tayach a'zolar, ya'ni suyak, bo'g'im, muskullar, oyoq, umurtqa pog'onasini to'g'ri shakllanishiga munosib hissa qo'shadi. Hozir bolalar orasida skolioz, oyoq qiyshiqligi kabi kasalliklar ko'payib ketdi. Travmatologlar buni ayni beshikda yotmaslik bilan izohlashyapti.
Beshikning ustidagi yopinchig'i mavsumga moslab, masalan, qishda qalin duxobadan, yozda yengil to'qima matodan tayyorlanadi. Bu bolani sovuqda issiq, yozda salqin yotishini ta'minlash bilan bir qatorda, uni har xil zararli hashoratlar chaqishidan saqlaydi. Ikki tarafdan siqib bog'lash go'dakning tinch va bir maromda uxlashiga hamda umurtqa pog'onasi to'g'ri o'sishiga xizmat qiladi. Miyadagi o'ta muhim gormonlar bola aynan tinch yotgan vaqtida sintez qilinadi. Demak, psixologik, nevrologik tarafdan ham beshik go'dak uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Unda yotgan bolaning tagi doim quruq bo'ladi va bu shamollashning oldini oladi.
Ba'zi odamlar beshik chaqaloqning miyasi chayqalishiga olib keladi, deb o'ylashadi. Bu mutlaqo noto'g'ri tushuncha. Beshik sekin va ohista, bir maromda tebratiladi va hech qanday zarari yo'q. Aksincha, faqat uning foydasiga xizmat qiladi.
Yana bir gap. Ayrimlar boshi qiyshiq o'sganini beshikdan ko'rishadi. Bu undan noto'g'ri foydalanish oqibati. Masalan, beshikda haddan ortiq ko'p qolib ketish yoki noto'g'ri yo'rgaklash bunga sabab bo'lishi mumkin.
Muxtasar aytganda, beshik bolaning ham jismonan, ham ruhan sog'lom va baquvvat bo'lib voyaga yetishi uchun xizmat qiladigan muhim vosita. Qandaydir tug'ma nuqson bilan tug'ilgan, shifokorlar uni beshikka belashni tavsiya qilmagan holatlar bundan mustasno, albatta.
Mutaxassisning fikrlaridan ko'rinib turibdiki, beshikning bolalarga deyarli salbiy ta'siri yo'q.
Xo'sh, nega unda ko'pchilik beshikni inkor etmoqda? Сhunki 5-10 daqiqa vaqt sarflab, beshikni tayyorlab, bolani belashdan ko'ra, unga shunchaki pampers taqib qo'yish qulay bo'lib qoldi. Sintetik tagliklar bugun onalarning ham, bolalarning ham dastyoriga ayladi. Lekin buning ham o'ziga yarasha zararlari bo'lsa, ajab emas.
Umuman olganda, pamperslar bizning kundalik hayotimizga kirib kelganiga uncha ko'p bo'lmadi. Demak, uning zararini hali anglashimiz qiyin. Biroq sintetik taglik bilan ulg'ayayotgan avlod vaqti-soati yetib, oila qurgach, uning «foydasi»ni o'z tanasida his qilsa ajab emas.
Masalan, pampers xorijda ancha oldin paydo bo'lgan. Shu sababli ularning hozirgi vaziyati havas qilgudek emas. Tug'ilish kam. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ularda jinsiy kasalliklar, xususan, erkaklar orasida urologik holatlar ko'paygan. Balki bunga pamperslarning ham «munosib» hissasi bordir.
– Sintetik tagliklarning birdan-bir maqsadi – o'zidan ho'l o'tkazmaslik, – deydi Zarifboy Ibodullaev. – Shu bois u havo o'tmaydigan qilib tayyorlanadi. Nafaqat bolalar, balki kattalar ham aksariyat holatda teridan nafas olishini hisobga olsak, bu katta zarar ekani oydinlashadi.
Pamperslar jinsiy a'zolarning rivojlanishiga yaxshigina salbiy ta'sir ko'rsatishini urologlar tasdiqlashmoqda. Ayni paytda yangi uylangan yigitlar ayoli bilan qo'shilolmaslikdan shikoyat qilib kelishayotgan ekan. Ayniqsa, bu shahar joylarda keng tarqalgan. Qishloqlarda bu muammo nisbatan kam. Сhunki ular asosan beshikdan foydalanishadi. Zarur hollardagina pampers taqishadi. Meningcha, jinsiy zaiflik va jinsiy kasalliklarning bir uchi aynan hozirgi tagliklarga borib taqalsa kerak...
Haqiqatan ham, bugun ko'plab xorijiy davlatlarni tug'ilish soni kamayib ketayotgani tashvishga solmoqda. Ular bu muammoni hal qilish uchun aholiga turli mukofotlar taklif qilishmoqda.
Hozircha bizda bu muammo yo'q. Yildan yilga aholi soni ortib boryapti. Biroq bir narsani yoddan ko'tarmaslik joiz: yuqorida ta'kidlaganimizdek, pamperslarda ulg'ayotgan avlod hali katta hayotga to'liq qadam qo'ygani yo'q. Balki ma'lum bir davr kelib, bu bizda ham o'z asoratlarini berar. Bu vaqt bilan bog'liq jarayon.
Qisqasi, pampersdan voz kechib, yoppasiga beshikka qaytish kerak, degan fikrni ilgari surishdan yiroqmiz. Tanlov har kimning o'z ixtiyorida. Faqat bunda me'yorni unutmaslik joiz. Zotan, so'nggi pushaymon o'zingga dushman bo'lmasin…
* Alohida ta'kid: Biz qaysidir savdo markasini tanqid qilmayapmiz, shunchaki bolalar tagliklari orasida “Pampers” eng mashhuri bo'lgani uchun barchasini shu nom bilan atashga o'rganib qolganmiz. Maqolada ham xalqona tildan foydalanildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0