Farzandsizlik — ayolga yuklangan aybmi?
Ko'pgina jamiyatlarda farzandli bo'lish — nafaqat tilak, balki intilish va hatto ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilinadi. Bu intilishning og'irligi esa aksar hollarda aynan ayollarning yelkasiga tushadi.
Ma'lumotlarga qaraganda, dunyo bo'yicha katta yoshli aholining taxminan 17,5 foizi, ya'ni har olti kishidan biri bepushtlikdan aziyat chekmoqda va bu ko'pgina mamlakatlar va mintaqalarning asosiy muammosiga aylangan.
Bepushtlik shunchaki tibbiy muammo emas. U inson qadri, shaxsiy erk va insoniylik chegaralari haqidagi jamiyatning yashirin tushunchalarini namoyon etadi. Farzandsizlik — tabiiy holat yoki tibbiy muammo sifatida emas, balki "ayb", "kamchilik" sifatida baholanadigan muhitda yashash ayol kishi uchun oson emas.
Bu jarayonda ko'p ayollar o'zini himoyasiz qolganday his qiladi. Jamiyatda farzandsizlik juda kamdan kam hollarda erkakka nisbatan so'raladigan savolga aylanadi. Сhunki nozik muhitda erkakning quvvati — himoya qilingan, ayolning imkoni — shubha ostida bo'ladi. Holbuki, tibbiy jihatdan, bepushtlik yuz foiz holatda ayol bilan bog'liq emas. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, bepushtlik holatlarining taxminan 40% erkaklar omili bilan bog'liq. Ammo amalda eng og'ir ta'na ayollarga yo'naltiriladi.
Сhunki jamiyatda hali ham ayolning "ishonchliligi" ona bo'lishi bilan o'lchanadi. Hali ham ko'p muhitlarda nikohning asosiy ma'nosi — farzand tug'ishga aylantirib qo'yilgan. Ayolning sevgiga, mehnatiga, hamrohligiga emas, nasl qoldirish qobiliyatiga qaraladi. Va agar bu ish bajarilmasa, uning qadri pasayib, hatto oiladagi mavqei ham so'roq ostida qoladi. Shunday vaziyatda ayol nafaqat shifokorlardan, balki qarindoshlaridan, mahalladoshlaridan, hatto o'z yaqinlaridan ham ta'na eshitadi. "Boshimizni yerga qaratib qo'yding", "odamlar gap-so'z qilyapti", "balki ajrasharsizlar" kabi malomatlar — ko'p ayollarning kundalik voqeligiga aylangan. Bu gaplar mehribonlik yoki maslahat soyasida, aslida esa tanqid niqobida aytilsa-da, kishi qalbida chuqur jarohat qoldiradi.
Mening tariximda ham shunday voqea sodir bo'lgan. O'n yil shu muammo girdobida yashadim. Tekshiruvlar, dorilar, davolash usullari... Kutish va umid. Lekin har bir natijasiz muolaja — nafaqat yangi qayg'u, balki yangi ta'na va e'tirozlarni tug'dirar edi. Bu holat toki men o'n yildan so'ng farzand ne'matiga erishganimdan so'nggina to'xtadi.
Muammo shundaki, jamiyatimizda farzandsiz ayol o'z dardini ochiqchasiga ayta olmaydi. Ruhiy og'riqni siqib qalbida yashiradi. Va shu siqilish — unga, uning tanasiga, jamiyatdagi o'rniga ta'sir qiladi. Aslida bu muammoga duch kelgan oilalarni har taraflama qo'llab-quvvatlash, ma'naviy, psixologik yordam berish jamiyatimiz uchun muhim masaladir.
Shu nuqtayi nazardan farzandsizlik masalasiga munosabatni qayta ko'rib chiqish kerak. Jamiyatda unga bo'lgan munosabat o'zgarmasa, yuzlab ayollar "o'z aybini yuvish" uchun hayot kechirib yuraveradi.
Axir ayol kishining qadri dunyoga keltiradigan farzandlar soni bilan emas, boshqalarga mehr, sabr va ruhiy quvvat ulashish qobiliyati bilan belgilanishi lozim. U farzandsiz bo'lsa ham, oilasi uchun suyanch, jamiyat uchun baraka bo'lishi mumkin. Bu tushunchaga yetishimiz — nafaqat ayollarni, balki butun insoniylik darajamizni baholaydi.
Farzandsiz oilalar taqdirini inson huquqi nuqtayi nazaridan qayta ko'rib chiqish vaqti keldi. U haqida sukut saqlash, ta'na qilish yoki uyat tuyg'usi bilan yondashish o'rniga — qo'llab-quvvatlash, eshitish va tushunish lozim bo'ladi. Ayol inson. Uning yuragi bor. Va uning hayoti faqat ona bo'lishi bilan emas, yashashi bilan qimmatlidir.
Dildora IBROHIMOVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0