Balki ularning bundan boshqa chorasi qolmagandir Yoxud onalarni ham tinglab ko'ring...
“Meni bir qo'shnim bor edi. Foizga pul olib, to'lolmagach, uyini bo'shatib berishga majbur bo'ldi. Eri Rossiyaga ishlagani ketib, pul yubormadi. Ayol tushkunlikka tushib qoldi. Ichadigan, bolalarini uradigan odat chiqardi. Avvallari juda mehribon, ochiqko'ngil ayol edi, farzandlarini yeru ko'kka ishonmasdi”.
Tanishimning hikoyasi meni qattiq o'yga toldirdi. Turli munozaralarga qaramay, avvalo, onaning ruhiy holatida o'zgarish ro'y bergani, buning oqibatida umidsizlikka tushib qolganiga alohida e'tibor qaratishimiz zarur. Binobarin, inson qanchalik kuchli bo'lmasin, muammolar oldida ojiz qolishi ayni haqiqat. Ayniqsa, yaqinlari, turmush o'rtog'i, oilasining mehri, qo'llovini his qilmasa, hayoti tobora yomonlashib boraveradi. Hatto hech kim ko'ziga ko'rinmaydi.
Ba'zi-ba'zida ijtimoiy tarmoqlarda farzandlariga qo'shib, o'z joniga qasd qilayotgan onalar haqida xabarlar o'qib qolyapmiz.
To'g'ri, hodisalarga huquqiy tartibda baho beriladi. Lekin jamoatchilik onalar, ayollarni yozg'irishga tushadi. Yana ham aniqroq aytganda, sabablar qolib, oqibatlarni muhokama qilamiz.
Bir ko'z oldingizga keltirib ko'ring, ayol, ona ham avvalo, inson. Uning ham baxtli yashashga to'la haq-huquqi bor. O'z vaqtida e'tibor va g'amxo'rlik ko'rmagan va buning oqibatida o'zini yo'qotib qo'yayotgan ayollar ming afsuski, bor alamini o'zidan va farzandlaridan olmoqda. Bu noto'g'ri yo'l ekanini bilmaydi, deb o'ylaysizmi? Adashasiz. Buni juda yaxshi bilishadi. Lekin bu holatda ular bundan boshqa chora topolmayotgandir...
Shu yilning 6 noyabr' kuni o'z uyining hovlisida yosh bolani ayovsiz kaltaklayotgan ayol aks etgan video tarqaldi. Andijonda yosh ayol Rossiyada ishlayotgan eridan o'ch olish uchun 5 oylik bolasini azoblayotgani videosi ham muhokamalarga sabab bo'ldi. Xorazmlik ayol esa uch bolasini o'zi bilan birga yoqib yubormoqchi edi...
Taassufki, bunday misollarning oxiri yo'q...
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti 2022 yilda dunyoda bolalarga nisbatan zo'ravonlikni tahlil qilar ekan, uni jamiyatdagi turli muammolar bilan bog'laydi. Jumladan, gender va ijtimoiy tenglikning yo'qligi, uy-joy bilan bog'liq muammolar, ishsizlik va kambag'allik, ichkilikbozlik va narkomaniya, bolalarga nisbatan zo'ravonlik qilishni qo'llab-quvvatlovchi madaniy va ijtimoiy me'yorlar, hayot sifatining pastligi kabi qator muammolar bolalarga nisbatan tayziq va zo'ravonlik qilishga sabab bo'lishi mumkinligi aytiladi. Sakson foiz holatda bolalarga o'z yaqinlari tayziq o'tkazar ekan.
- Odatda tushkunlik sabab o'zi va yaqinlariga ozor berayotgan ayollarning 90 foizi oxir-oqibat, qilgan ishidan pushaymon bo'lishadi, – deydi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi Malika Qadirxanova. – Bir ona, buvi sifatida bu kabi voqealarni muntazam o'rganib boraman. Eng asosiy masala – nega shu holatgacha yetib kelindi, degan savolni o'rtaga tashlaymiz. Muammolar har jihatdan o'rganib chiqiilishi lozim.
Bunday vaziyatlar aksariyat hollarda turmush o'rtog'i chetga chiqib ketgan, boshida biroz moddiy ta'minotini qilib, keyinchalik uni uzib qo'ygan yoki boshqa ayol bilan yurib ketgan, umuman, e'tibordan chetda qolgan ayollar tomonidan sodir etilmoqda. O'ylab qaralganda, ko'pchilik onalar o'z huquqlaridan to'g'ri foydalanishni bilishmaydi.
Oilalarning holatini o'rganishda “mahalla beshligi” muhim o'rin tutadi. Ularning amaliy ishlari natijasi o'laroq, yaqinda soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo'shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi”ga aylantirish taklif etildi. Bu jarayonda har bir oilaga kirib borish, ularning muammolarini chuqur o'rganish, imkonsiz, tushkunlikka tushib qolgan onalarga yordam qo'lini uzatish juda ham zarur. Bunda albatta, “Buvijonlar maktabi”, “Oqila ayollar” harakati yordamidan keng foydalanish lozim.
Tabiiyki, ayollarni onalik huquqidan mahrum qilish, muammoga yechim bo'la olmaydi. Boisi, bu holatda onaga ham, farzandlariga ham yanada qiyin bo'ladi. Bolalar qarovsiz qoladi, vasiylikka oladigan qarindoshlar ularga yetarlicha mehr ko'rsatmasligi mumkin. Toki muammoning sabablari bilan kurashilmas ekan, bunday holatlar takrorlanaveradi.
Bunday chorasiz, yo'l topolmay qolgan ayollarni kasb-hunarga jalb qilish, ularni ish bilan ta'minlash ko'proq samara beradi. Negaki, hunari, ishi bor ayolning daromadi bo'ladi. Moddiy ta'minotga u qadar ehtiyoj sezmaydi. Qiyin vaziyatlarda imkonsiz qolmaydi. Mahallalarda esa bunga imkoniyatlar bor. O'quv markazlarida bepul ta'lim olishlari, kasb-hunar o'rganib, mustaqil ish boshlashi ham mumkin. Qolaversa, yigit-qizlarni oilaga tayyorlash, ota-onalik vazifalariga mas'uliyat bilan yondashishni uqtirib borish darkor.
Haqiqatan ham, voqealarni kuzatar ekanmiz, farzandlarini azoblayotgan ayollarning ko'pchiligi alamzada ekanini ko'ramiz. Oilaviy munosabatlar, ro'zg'or tashvishlari, yetishmovchilik, mehrsizlik, e'tibordan chetda qolish kabi ijtimoiy, iqtisodiy va ma'naviy muammolar ularni shu ko'yga solayotgani bor gap. Ularni hal etishga, to'siqlarni yorib o'tishga esa aksariyat hollarda ayollar ojizlik qilishadi, kuchlari yetmaydi. Сhunki bu borada ularning tajriba, tasavvur va bilimlari yo'q. Hududlardagi reabilitatsiya markazlari esa aksariyat hollarda keyingi vaziyatlarda ko'maklashadi. Ko'pchilik opa-singillar esa bu yerga murojaat qilishga ham andisha qilishadi.
– Keyingi paytlarda oilalarda farzandlarga nisbatan ota-onalar tomonidan zulm, zo'ravonlik holatlari tez-tez uchrab turibdi. Bu juda tashvishli holat, – deydi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova. – Biz qachon bunday sitamkor, zulmkor, qahri qattik insonlarga aylanib ulgurdik? Azaldan oila muqaddas sanaladi. Avvallari otalar o'ziga yarasha ibrat maktabi o'laroq, tarbiyani qo'lga olishgan, onalar esa yumshoqlik bilan farzandlarini o'ziga xos fazilati, mehri bilan tarbiya qilgan.
Islom ta'limotiga ko'ra, farzandlar Alloh taoloning aziz ne'mati, jannatning rayhonlaridir. Ularga sitam, zo'ravonlik qilish oqlanadigan, kechiriladigan holat emas.
Balki sabablaridan kelib chiqqan holda oilada er-xotin munosabati, majburiyati, huquqi, daxldorlik, xabardorlik mas'uliyatini oshirishga qaratilgan amaliy jarayonlar, ma'naviy asoslarga ham e'tibor berish kerakdir.
Ma'naviy asoslar deganda, azaliy qadriyatlar, diniy omillardan ham foydalanishimiz zarur bo'ladi. Bu borada ayniqsa, otaning mas'uliyati juda muhim. Yigitlarimizga shu masalalarni uqtirishimiz, ularning ongiga oilida ham moddiy, ham ma'naviy mas'uliyatini oshirish qadriyatini ham singdirib borishimiz lozim.
Oila institutini mustahkamlash hamda yoshlarni oilaga tayyorlashda ma'lum muddat oila markazlari qoshida innovatsion maktablar faoliyat olib bordi. Bu yaxshi tajriba bo'ldi. Men ham ana shu kurslarga taklif qilinib, huquqiy-diniy tarafdan er va xotinlik munosabatlari, farzandlar oldidagi majburiyatlar bo'yicha o'z maslahatlarim bilan o'rtoqlashgandim. Yoshlarning savollari, qiziqishlaridan kelib chiqib, buni qanchalar kerakligini his qilgandim. Ko'pincha ota-onalar hayotiy muammolar, ro'zg'or tashvishlari bilan band bo'lishadi. Shu bois bunday kurslar yana tashkil etilishi kerak, nazarimda.
JSST bolalarga nisbatan zo'ravonlik masalalarini o'rganar ekan, profilaktik tadbirlar qatorida ota-onalar va tarbiyachilarni qo'llab-quvvatlash, ular bilan tibbiy, ruhiy mashg'ulotlar olib borish, hayotiy bilimlarini takomillashtirishni ham taklif qiladi. Aslida ham, onalarga nega bunday qilganini so'roqlashdan ko'ra, ularga yordam qo'lini cho'zish, yaqinlaridan umid bo'lmaganda o'ziga nisbatan ishonchini mustahkamlash, jamiyat ayollar uchun hamisha yordamga shay ekaniga ishontira bilish muhim.
Onalarni shunchaki ayblash oson... Ammo ularni ham bir tinglab ko'ring, eshiting, tushunishga harakat qiling, shunda har doim ayollar aybdor bo'lavermasligiga amin bo'lasiz.
Gulruh ODAShBOEVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0