80 yoshli o'qituvchi haqiqatlari
Fidoyi, jonkuyar, hatto oylik maoshini ham maktabdagi xarajatlarga sarflab yuboradigan bu o'qituvchi haqida bundan 10 yilcha burun eshitgandim. Yana esimda qolgani – uning chiroyli ism-sharifi edi: Izabella Akopyan.
O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida u yana yodimga tushdi. Surishtirdim. U hozir ham maktabda algebra va geometriya fanlaridan dars berar ekan. 80 yoshni urib qo'ygan o'qituvchining g'ayratiga qoyil qoldim.
Quyi Сhirchiq tumanida joylashgan olis “Surum” mahallasidagi 37- maktabga kirib borarkanman, faqatgina ta'lim dargohlariga xos bo'lgan beg'ubor muhit, o'tmishni eslatadagan qandaydir g'alati tuyg'u qalbimni chulg'adi. Oq-qora kiyingan, qarilik qaddini biroz egib qo'yganu, ammo qadamlari shahdam va ko'zlari chaqnab turuvchi Izabella opa bizni kulib qarshi oldi. 60 yildan buyon bitta sohada ishlab kelayotgan bu faxriy ustoz bilan dildan suhbatlashdik.
“Bolaligim, yoshligim Bekobodda o'tgan”
– Men 1945 yili Kavkaz o'lkasida tug'ilganman, 4 yoshga to'lgunimcha o'sha yerda yashaganmiz. Millatim arman, 1949 yil O'zbekistonga, Bekobod tumaniga ko'chib kelganmiz, – deydi Izabella opa. – Qo'ni-qo'shnilarning mehribonligi tufayli ular bilan tug'ishgandek ahil-inoq bo'lib ketganmiz.
Bekoboddagi Mayakovskiy nomli maktabni tamomlagach, Yerevan davlat universitetining Kibernetika fakul'tetiga o'qishga kirdim. Tahsilni tugatgach, yana qadrdon Bekobodimga qaytdim. Shunday qilib, mening ilk o'qituvchilik faoliyatim boshlandi.
Rahbar bo'lsa-da, uyini ta'mirlatmagan
O'zim o'qigan maktabda salkam 20 yil ishladim. So'ng oilaviy sharoitlar tufayli Quyi Сhirchiq tumanining “Surum” mahallasiga ko'chib keldik. Bu vaqtda ikki nafar farzandim bor edi. Mahalla hududdagi 37- maktabga o'qituvchi bo'lib ishga kirdim. 1994 yil maktabga direktor etib tayinlashdi. Shu lavozimda 2017 yilga qadar ishladim. Bilasizmi, 20 yildan ortiq direktor bo'lib ishlagan bo'lsam, o'sha davrda hatto uyimni ham ta'mirlatmaganman. Сhunki men halol ishlab topsam-da, rahbar degan nomim bor edi. Atrofga turli gap-so'zlar o'rmalashi tayin edi. Maktabning ba'zi mayda xarajatlariga yonimdan pul sarflab, uyga oylik olib bormagan kunlarim ham bo'lgan. Lekin men baxtiyor edim, chunki o'zim sevgan sohada ishlardim. Uyda ham ko'proq maktab haqida gapiraverganimdan yaqinlarim “Hisobchilik mutaxassisliging ham borku-ya, lekin sen shu o'qituvchilikdan boshqa kasbda ishlay olmaysan. Butun borlig'ing bilan o'qituvchisan”, deb kulishardi.
2017 yildan buyon yuqori sinf o'quvchilariga algebra va geometriya fanlaridan dars berib kelyapman.
“Hozirgi davrni avvalgisi bilan solishtirib bo'lmaydi”
Keyingi yillarda ta'lim rivojiga katta e'tibor qaratilyapti. Bir paytlar maktab ta'miri va boshqa xarajatlarga yonimizdan mablag' sarflashimizga to'g'ri kelardi. Jamoatchilik ishlariga ham ko'p sonli xodimlarga ega – ta'lim va tibbiyot tizimi jalb etilishi majburiy edi. Zimmamizga bir dunyo ishlar yuklanardi...
Hozirgi davrni avvalgisi bilan solishtirib bo'lmaydi. Hududlarda yangi qad rostlagan zamonaviy maktab binolari, shinam sport zallari va boshqa sharoitlarni ko'rib ko'zingiz quvnaydi. Paxta terimi, atrofni obodonlashtirish va metall yig'ishlarda ezilgan o'qituvchilar endilikda o'z ustida ishlab, bolalarga dars berishyapti. Bo'sh vaqtlarida qo'shimcha mashg'ulotlar o'tishlari uchun barcha sharoitlar mavjud.
“Ayrim holatlar yuragimni og'ritadi...”
Ba'zi maktablardagi janjallarni eshitib, ijtimoiy tarmoqlarda goh o'qituvchi o'quvchini, goh o'quvchi o'z ustoziga qo'l ko'targanini ko'rib, yuragim og'riydi. Eng achinarlisi, bunga ba'zi ota-onalar ham hayrixoh, videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylash bilan ovora. O'zingiz o'ylang, chegara bilmas tarmoqda yurtimizdagi bo'layotgan ko'ngilsizliklarning namoyish qilinishi – o'qituvchi degan sharafli nomga, qolaversa, butun mamlakat ta'lim tizimi obro'siga putur yetkazmaydimi?
Bir gapni aniq ayta olamanki, hech bir o'qituvchi bolani urib, unga ta'lim berishni istamaydi. Bunga uning haqqi ham yo'q. Lekin betarbiya bolalar ham yo'q emas. O'qituvchi ham goho emotsiyaga berilib, o'zini tuta olmaydi. Shuningdek, internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlar ham bolalarga juda katta ta'sir qilmoqda.
Uzoq yillik pedagog sifatida aytishim mumkinki, agar bola oilasida e'tibor, yaxshi tarbiya va albatta, mehr ko'rsa, hech qachon qo'rs bo'lmaydi.
* * *
Toshkent viloyati Quyi Сhirchiq tumanidagi eng keksa o'qituvchining suhbatidan shuni angladimki, o'qituvchi o'quvchining qalbiga yo'l topa oladigan, uni ilhomlantiradigan va hayotga tayyorlaydigan bo'lishi shart. Zero, muallim ishiga mehr bilan yondashsa, darslar ham mazmunli va qiziqarli bo'ladi. O'z qadrini his qilgan bola ham maktabga ishtiyoq bilan boradi.
Tobora tez rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bugungi kun o'qituvchisi faqat kitob yo darslikdagi ma'lumot bilan cheklanib qolmasligi, doimiy ravishda yangiliklarni o'rganishi, zamonaviy metodlardan foydalanishi va tinmay o'z ustida ishlashi, eng muhimi, Izabella Akopyan kabi o'z kasbini, o'quvchilari va maktabini sevishi kerak!
Xolida Egamberdieva,
Ishonch
Maqolaga baho bering
0/52
0
0
0
0