Bryus Li 84 yoshda: afsonaviy aktyorning o'limiga nima sabab bo'lgan?
Bolaligida Bryus Li nomini eshitmagan, unga havas qilmagan, u kabi kuchli va chaqqon bo'lishni orzu qilmagan kishini topish qiyin. O'ttiz uch yil ham yashamagan aktyor va sportchining shuhrati butun olamga yoyilgan.
Garchi u bevaqt dunyodan o'tgan bo'lsada, nomi tillarda doston edi. Joriy kuzda Bryus hayot bo'lganda naq 84 yoshga kirgan bo'lardi. Mashhur aktyorning o'limi hanuz muhokama markazida bo'lgan mavzulardan biri sanaladi. Qisqa yashagan gongkonglik aktyor kino va jang san'atining timsollaridan biri bo'lib qoldi. Uni sharq va g'arb o'rtasidagi ko'prik deb ham atashardi. Garchi ildizlari Xitoyga borib taqalsa ham, Bryusning faoliyati va shaxsiy hayoti G'arb, xususan AQSh bilan ham mustahkam bog'langandi.

Bryus Li 1940 yil 27 noyabrda San-Frantsiskoda tug'ilgan. Uning ota-onasi gongkonglik Li Xaytsuan va Greys Li edi. Uning otasi kanton opera aktyori edi. Onasi etnik jihatdan aralash (metis) bo'lib, unda yevropalik va osiyoliklar qoni bo'lgan. Bryus xitoylik nufuzli Xotxunlar oilasida tarbiyalangan.
Bo'lajak aktyor kattagina oilada o'rtancha farzand edi. Uning ikki opasi (Agnes va Fibi) va ikki akasi (Piter va Robert) va bir ukasi bor edi. Xitoyliklar e'tiqodiga ko'ra, bolalarni yovuz ruhlardan himoya qilish uchun bir nechta ismlar qo'yilishi kerak bo'lgan. Taqvimga ko'ra, bola Ajdaho yili va Ajdaho soatida tug'ilgan, shuning uchun u Li Xiulun ismini oldi, bu «Kichik ajdaho» deb tarjima qilinadi. Keyinchalik, onasi o'g'liga Li Сhanfan ismini qo'ydi, bu «orqaga qaytish» degan ma'noni anglatadi. Bola tug'ilishidan biroz oldin Gonkongda yashovchi er-xotin Amerikaga teatr gastroli bilan borishdi. Homilador Greys tug'ruq sababli sayohatni davom ettira olmasligi ma'lum bo'lgach, u San-Frantsiskoda qoldi. Shifoxonada hamshiralardan biri bolaga amerikacha Bryus ism qo'yishni taklif qildi, bo'lajak aktyor AQShga ko'chib ketgunga qadar oilada bu ismni hech kim eslamadi.
Li hayotining dastlabki yillari Gonkongda o'tdi. U jismonan zaif bola edi va ota-onasi uni chiniqtirishga intilishdi. O'smirlik chog'ida Bryus La Salle keng qamrovli rivojlanish kollejiga yuborilgan. 13 yoshida u raqs saboqlarini olishni boshladi va to'rt yildan so'ng u cha-cha chempionligini qo'lga kiritdi.
Shu bilan birga, Bryus jang san'ati bilan shug'ullangan va maktabda janjallashib muammo tug'dirgandan so'ng, onasi uni to'ng'ich qizi Agnes bilan yashash uchun AQShga yuborishga qaror qildi. Lining AQShda tug'ilgani va unda fuqarolik borligi ham bunda qo'l keldi.
Avvaliga u San-Frantsiskodagi opasining oldiga bordi, lekin keyin Sietlga ko'chib o'tdi va u yerda mahalliy restoranlardan biriga ofitsiant bo'lib ishga kirdi. Bu yillarda yigitcha Edison texnik maktabini tamomlagan va Vashington universitetining drama va falsafaga ixtisoslashgan yo'nalishiga o'qishga kirdi.

O'smirlik chog'ida Bryus kung-funi o'rganishni xohlardi - unga ko'cha janglarida o'zini tutish uchun ko'nikmalar kerak edi. Ota-onalar o'g'lining tanlovini ma'qullashdi va uni Ving Сhun san'atini o'rganish uchun mashhur jang ustasi Ip Man huzuriga yuborishdi. Yigit doimiy ravishda mashg'ulot o'tkazdi, texnika va jang usullarini sinab ko'rdi. Li o'rgangan uslub qurolsiz jang qilishni o'z ichiga olgandi, ammo u keyinchalik qurol bilan jang qilishni ham o'zlashtirib oldi. Mashg'ulotlar davomida Bryus dzyudo, jiu-jitsu va boksni o'zlashtirgan. U kung-funing jit kun-do deb nomlangan yangi uslubini ishlab chiqish orqali jang san'atiga hissa qo'shdi. U 1961 yilda AQShda ochgan jang san'ati maktabida dars berishni boshladi. Darslar arzon emas edi, lekin shunga o'xshash ko'plab o'quv yurtlaridan farqli o'laroq, bu maktab millatidan qat'i nazar hammani o'qitdi. O'qituvchi sifatida Lining o'zi hech qachon o'z mahoratini oshirishni to'xtatmadi, har bir harakatini mukammallikka olib keldi. Bo'yi 172 sm, vazni taxminan 60 kg bo'lganda u shunchalik kuchli, tez va epchil ediki, go'yo u hech qanday kuch sarflamay, faqat raqibiga teginish bilan zarba bera olardi. Arnold Shvartsenegger minimal yog' miqdori tufayli Lining tanasini «mukammal sportchi modeli» deb atagan.
Qo'shma Shtatlarga ko'chib o'tgach, Li o'z jang san'atini namoyish qilib, Amerika teleseriallari va fil'mlarida rol o'ynay boshladi. U o'zining birinchi shon-shuhratini Kato rolini o'ynagan «Yashil asalari» seriali tufayli oldi. Keyinchalik u «Betmen» da ham ushbu qahramon obrazida paydo bo'ldi. 1969 yilda uning ishtirokida «Marlou» fil'mi chiqdi.
1971 yilda kino olamida jang san'ati g'oyasini o'zgartirgan «Katta xo'jayin» fil'mi paydo bo'ldi. Aktyor va jang ustasi yulduzga aylandi va ko'pchilik uning nafaqat sportdagi jasoratiga, balki uning uslubiga ham taqlid qilishga intildi, xuddi shunday soch turmagiga taqlid qila boshladilar. Muvaffaqiyat to'lqinida Bryus muntazam ravishda harakat qilishni davom ettirdi. Uning navbatdagi «G'azab mushti» fil'mida yosh va intiluvchan aktyor Jeki Сhan rol o'ynadi. Keyinchalik, yulduz sifatida u interv'yusida Li nafaqat uning kasbidagi rivojlanishiga ta'sir qilgani, balki jangda o'zini tutish g'oyasini ham shakllantirgani haqida gapirdi. Bryus barcha kaskadyorlarni o'zi bajarishga intildi, shuningdek, suratga olish jarayonida ishtirok etgan barchaga mehribon va e'tiborli edi.

Shundan so'ng, «Ajdaho yo'li» kartinasi chiqdi, unda Li va Сhak Norris qahramonlari o'rtasidagi so'nggi jang sahnasi namoyish etildi, bu hali ham kino ijodkorlari uchun namuna hisoblanadi. Aktyorlar nafaqat suratga olishdi, balki birga mashq qilishdi. 1972 yilda Li «Enter the Dragon» fil'mida ishladi, uning o'limidan olti kun o'tib fil'm prem'erasi bo'lib o'tdi. Ushbu kartina aktyorning hayoti davomida oxirgisi edi. Bryus yana bir loyiha – «O'lim o'yini»da 28 daqiqa suratga tushishga muvaffaq bo'ldi. Film1978 yilda chiqdi; suratga olish dublyorlar yordamida, aktyor ishtirokisiz yakunlandi.
Lining shaxsiy hayoti muvaffaqiyatli bo'lgandi. 1964 yilda u Vashington universitetida o'zi tanishgan amerikalik qiz Linda Emeri bilan turmush qurdi. Сhet elliklar bilan nikoh Xitoyda ma'qullanmagani sababli, to'y yashirin o'tdi. Ushbu oilada ikki farrzand dunyoga keldi, 1965 yilda Brendon ismli o'g'il, to'rt yildan so'ng Shennon ismli qiz tug'ildi.
Afsuski, yolg'iz o'g'ilning taqdiri fojiali yakunlandi. Brendon otasining izidan borib, aktyor va jang san'ati ustasiga aylandi. 1993 yilda u suratga olish maydonchasida vafot etdi: aktyor kadrda otilgan to'pponchaga haqiqiy patron o'rnatilgan bo'lib chiqdi.
Bryus Lining o'zi 1973 yil iyulda, 33 yoshida vafot etgandi. Uning tasodifiy o'limi hanuz bahslarga sabab bo'ladi. Bu voqea Gonkong uchun, shuningdek, butun dunyodagi muxlislar uchun zarba bo'ldi. Tashxisga ko'ra, o'limga miya shishi sabab bo'lgan. Aktyorning qabri Sietlda joylashgan. Ma'lumotlarga ko'ra, aktyorda bosh og'rig'iga qarshi tabletkani qabul qilgandan keyin shish paydo bo'lgan. Kengaytirilgan talqinga ko'ra, o'sha paytda Bryus juda ko'p spirtli ichimliklar iste'mol qilgan, ko'p suv ichgan va qattiq ovqatlardan voz kechgan, shuning uchun bu giponatremiya - natriy yetishmovchiligini rivojlantirdi, mazkur omil esa o'limga sabab bo'lgani aytiladi. Lindaning so'zlariga ko'ra, so'nggi oylarda uning eri qattiq ovqat iste'mol qilishni to'xtatgan va faqat sabzi va olma sharbati bilan kun kechirgan. Faqat suyuqlik bilan oziqlanish sabab Bryus 1973 yil may va iyul oylari orasida juda ko'p vazn yo'qotgan bo'lishi mumkin.
Ayrim muxlislar o'z sevimli aktyorining bunday tez va oson o'limiga ishonishni xohlamadilar, bu Li vafoti haqida ko'plab mish-mishlarning paydo bo'lishiga olib keldi. Taxminlardan biri aktyorning yevropaliklar va amerikaliklarga xitoycha jang san'atini o'rgatishini istamagan boshqa jangchi tomonidan o'ldirilganidir. Ammo mazkur taxminlar tasdiqlanmagan.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0