“Bu yil bandlikni ta'minlash va kambag'allikni kamaytirishda hal qiluvchi yil bo'ladi” – Prezident
Qayd etilishicha, bu yil 5 million 200 ming aholi band qilinib, 1,5 million odam kambag'allikdan chiqariladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev bugun, 3-fevral kuni aholi bandligini ta'minlash va investitsiyalar jalb qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yig'ilish o'tkazdi.
Yig'ilish avvalida davlat rahbari bu borada o'tkazilgan avvalgi yig'ilishlarda belgilab olingan vazifalar xususida ham to'xtalib, “2025 yil bandlikni ta'minlash va kambag'allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo'lishi”ni ta'kidladi.
Qayd etilishicha, bu yil 5 million 200 ming aholini band qilib, 1,5 million odamni kambag'allikdan chiqarish, 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 30 milliard dollardan oshirish hisob-kitob qilingan.
Yig'ilishda, shuningdek, joriy yil yanvar' oyida 277 ming fuqaro ishli bo'lgani, shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgani hamda 153 mingi tadbirkorlikka jalb qilingani aytib o'tildi.
“Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha 32 ta yo'nalishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Yaqinda vazirlik va hokimliklar mutaxassislaridan iborat guruhlar Xitoyga borib, tajriba almashib keldi. Endi joylardagi imkoniyatlar aholiga tushuntirilib, daromad topishga ko'maklashiladi.
Ish o'rinlari va investitsiya o'zaro bog'liq. Bu yil qariyb 14 milliard dollarlik 8 mingta loyihani amalga oshirib, 272 mingta doimiy ish joyi yaratish rejalashtirilgan”, – deydi davlat rahbari.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, o'tgan oyda O'zbekistonga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya kelgan. Fevral' oyida ham shuncha investitsiya olib kelish, 623 ta loyihani ishga tushirish ko'zda tutilgan.
Yig'ilishda loyihalar bo'yicha manzilli ishlab, sur'atni keskin oshirish zarurligi ta'kidlandi.
Yil boshidan buyon eksport hajmi 1 milliard 300 million dollarga yetgan. Mutasaddilarga xorijiy hamkorlar bilan ishlab, tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishga ko'maklashish, yangi korxonalarni eksportga jalb etish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0