Bu yil chorvachilikni rivojlantirish uchun 350 mln dollar jalb qilinadi
Shavkat Mirziyoev mutasaddilarga yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmini 5 baravarga oshirishni topshirdi.
So'nggi to'rt yilda chorvachilikni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 700 million dollar olib kelindi, bu yil yana 350 million dollar jalb qilinadi.
Ayni paytda Prezident Mirziyoev raisligida bo'lib o'tayotgan yig'ilishda qayd qilinishicha, buning hisobiga kamida 20 mingdan ziyod veterinarga ehtiyoj paydo bo'ladi. Birgina Buxoroda 250 nafar veterinarga talab bor.
Davlat rahbari mutasaddilarga yil yakunigacha xususiy veterinariya va para-veterinariya xizmati hajmini 5 baravarga oshirishni topshirdi.
Shuningdek, servisni rivojlantirish bo'yicha vazir va hokimlarda yondashuv har xilligi, birgalikda ishlash yo'lga qo'yilmagani ko'rsatib o'tildi.
Masalan, Xorazmga 6 million mahalliy va xorijiy sayyoh olib kelish reja qilingan bo'lsada, Xorazmga haftasiga 52 ta aviareys va 23 ta poezd qatnovida tashilayotgan yo'lovchilar yiliga 800 mingdan oshmayapti. Buxoro va Samarqandga kelgan turistlarning ko'pchiligi Xivaga aviareys bo'lmagani uchun qaytib ketayapti.
Yana bir misol, yetti yilda xususiy klinikalar soni 3 karra oshdi. Ko'p klinikalar olib kelingan brend tibbiy uskunalarni ro'yxatdan o'tkazish 6 oygacha cho'zilayotganidan norozi bo'lib, chetdan keladigan uskunalarni soddalashgan tartibda ro'yxatdan o'tkazish taklifini beryapti.
Joylarda tibbiy laboratoriya ochish uchun tadbirkorlar akkreditatsiyadan o'tishga oylab vaqt sarflayapti. To'siqlar juda ko'p. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, har bir viloyatda 10 nafardan shunday tadbirkorlar bor. Ular 1 million dollardan pul tikib, laboratoriya ochishga tayyor.
Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshdi.
Lekin, ichimlik suvi, kanalizatsiya va yo'l qurilishida bunday loyihalar deyarli yo'qligi ko'rsatib o'tildi. Sharoit yaratib berilsa, 1 milliard dollar sarmoya kiritib, 10 mingta ish o'rni qilaman, degan mahalliy tadbirkorlar juda ko'p.
Uch yil oldin 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo va servis ob'ektlari qurish bo'yicha imtiyoz berilgan. O'tgan davrda 209 ta bunday ob'ektlar qurildi. Lekin, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0