Yodgor Sa'diev: Vatansiz odam — bechora odam
Mustaqillikning 33 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Yaqinda davlat rahbarining “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi.
Ushbu hujjatga ko'ra, eng aziz va eng ulug' bayram “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida keng nishonlanadigan bo'ldi. Darhaqiqat, mustaqillik — bebaho ne'mat. Ammo uning qadriga goh yetyapmiz, gohida yo'q.
Vatan haqida yuzlab asarlar bitilgan, minglab satrlar qoralangan, o'nlab fil'mlarda turli obrazlar orqali uning qadr-qimmati ochib berilgan. Biroq biz, baribir, Vatanni yurakdan ta'riflashga, uni sharaflashga intilaveramiz. Aslida ona tuproq xususida har kimning o'z qarashi, ta'rifu tasnifi bor. O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti Yodgor Sa'diev bilan suhbatimiz ayni shu mavzu doirasida kechdi.
— Yodgor aka, ijodkorlar, yozuvchi-shoirlar yurtga o'zgacha ta'rif berishadi. Siz uni qanday ta'riflagan bo'lardingiz?
— Vatan bu — ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz yashab o'tgan muqaddas zamin! Vatan shunday tuyg'uki, ko'ksimizga jo bo'lgan shu tuyg'u uchun jon berish ham sharafdir. Vatansiz odam — bechora odam.
Xizmat yuzasidan ko'p davlatlarda bo'laman, ammo oradan hech qancha o'tmay, yurtimizni sog'inib qolaman. Eski shaharda katta bo'lganim uchunmi dimog'imga issiq nonning hidi yetishmayotgandek bo'laveradi. Esimni tanibmanki, erta tongda mahallamizdan issiq nonning hidi kelib turardi.
Bolaligimdagi Eski shahar hozir tubdan o'zgarib ketdi: tekis va ravon ko'chalar, ko'rkam binolar... Hozirgi eski shaharda Yangi O'zbekiston qiyofasi aks etib turibdi. Buni qarangki, bolaligim o'tgan joylarga borsam, tanish hid dimog'imga urilgandek bo'ladi va men yurtimning yoqimli iforini tuyaman. Vatan haqida gap ketganda, mana bu misralar yodimga tushadi va ular mening kechinmalarimni to'la-to'kis ifodalaydi:
Agar sen bug'doy-boshoq bo'lsang, somoningman, Vatan.
To abad boshing omon bo'lsin, tovoningman, Vatan.
Bo'lmasin ovvora yov, oybolta qayrab yurtima,
Yov uchun mangu o'tib bo'lmas dovoningman, Vatan.
Aslida Vatan haqida uzundan-uzoq nutq irod etishga hecham hojat yo'q. Birgina to'rtlik yoki topib aytilgan ibora odamga, yurakka boshqacha ta'sir qiladi.
— To'g'ri. Lekin oramizda shunday insonlar borki, Vatanni madh etsangiz, darrov maddohlikka yo'yishadi.
— Undaylar har doim bo'lgan va ularning gap-so'zlariga ko'pam e'tibor bermaslik kerak. Ona tuproq, shonli yurt sha'niga istagancha yaxshi gaplarni aytish lozim va bu maddohlikka kirmaydi. Bu onasining mehnati, mashaqqatlari evaziga biror-bir darajaga erishgan oqil farzandning onasiga e'tirofidek gap aslida.
— Afsuski, oramizda ko'ksiga urib, «Vatan, vatanim...» deydiganlar, ammo yurt boshiga ish tushsa, uning koriga yarash o'rniga undan mudom kir axtaradiganlar ham yo'q emas...
— Gapingizda jon bor. Bilmadim, balki bunday toifadagi odamlar qandaydir ilinjda shu ishni o'zlariga ep ko'rishar.
Rahmatli onam “Bolam, yurting, oilang, kasbing va do'stingga hech qachon xiyonat qilma”, deb bot-bot takrorlardi. Volidamning hech esdan chiqmaydigan bu pand-nasihatiga amal qilib kelyapman.
Bizning yurtimiz, bu zamin — dunyo tan olgan allomalar makoni. Ular hech qachon o'z yurtidan nolimagan, aksincha, el-yurt, xalq uchun butun hayotini bag'ishlagan. Masalan, buyuk sarkarda Amir Temur bobomizni olaylik.
Bir vaqtlar teatrimizda Usmon Azimning “Adolat fasli” nomli dramasi sahnalashtirilgan edi. Spektaklda kaminaga Amir Temur qiyofasini gavdalantirish nasib etgandi. Bosh qahramonning so'zlari haligacha yodimda:
“Adolatsizlikdan aziyat chekkan insonning qarg'ishini Alloh taolo shaksiz qabul qilgay. Saltanatning rivoji, yurtning obodligi, elning farovonligi faqat adolat tufaylidir. Adolat barqaror yurtga Parvardigor baraka urug'ini sochadi. Bu yurt ko'karsin, gullab-yashnasin. Ey, Parvardigori olam, mulki Turon saltanatiga adolat hamisha yor bo'lg'ay”.
Shundan kelib chiqib, aytadigan bo'lsam, bugun mamlakatimizga Shavkat Mirziyoev bosh ekan, Yangi O'zbekistonimizda hamisha adolat tantana qilgay.
— Bu gaplaringizni ayrimlar balandparvozlikka yo'yishi mumkin…
— Men bunday deb o'ylamayman. Bugun mamlakatimiz tubdan o'zgardi. Odamlar hayotida ko'p va xo'p ijobiy o'zgarishlar ro'y bermoqda. Buni tan olmaslik adolatdan emas. Kimlar uchundir o'tmishni esdan chiqarish osondir, ammo men uchun emas. Bugungi tub islohotlar bir shaxsning irodasi bilan amalga oshirilayotgani ayni haqiqat.
— Buni tan olmayotganlarda balki vatanparvarlik tuyg'usi yetishmas…
— Shunday bo'lishi mumkin. Nazarimda, oxirgi vaqtlarda ayrimlarda vatanparvarlik biroz susaygandek. Yurt haqida dildan gapirsangiz, maddohga chiqaradiganlar ham topilyapti. Aslida kimningdir qandaydir nohaqlikka yo'liqib, yurtdan ko'ngli sovishiga Vatan aybdor emas. Vatan hech qachon o'z farzandiga pichoq sanchmaydi. Kimningdir adolatsizlikka duch kelishi uning xatti-harakati yoki shaxslar bilan bog'liq holat. Shu bois kindik qon to'kilgan maskanni yomonlab, ayblab bo'lmaydi. Vatandan gina qilishga haqimiz yo'q.
— Vatandan talab qilishdan oldin unga bir nima berish kerak deysiz-da…
— Yashang, ko'nglimdagi gapni topib aytdingiz. Odam, eng avvalo, Vatan menga nima berdi deb emas, aksincha, men unga nima berdim, deb o'zini qiynasa, to'g'ri bo'ladi.
Yoshimiz ham ancha ulg'ayib qoldi. Ma'lum bir yo'lni, davrni bosib o'tdik. Shu kungacha nimalar qildim, qanday yutuqlarga erishdim, elga, millatga nafim tegyaptimi, deb o'zimga ko'p savol beraman. Shukr, xalq uchun qo'ldan kelgancha xizmat qildik. Lekin bu hamma maqsadimga to'la-to'kis erishdim, degani emas. Farzand o'z ota-onasiga qancha yaxshilik qilmasin, ularning oldidagi qarzini uzolmaganidek, Vatan koriga har qancha yaramaylik, shuncha ozdek tuyulaveradi.
2023 yilda “Hamdo'stlik yulduzi” davlatlararo mukofotiga loyiq ko'rildim. Aslida bu milliy san'atimiz va O'zbekistonimizning yana bir bor tan olinishi, e'tirof etilishidir.
Shunday bo'lsa-da, yuragimning tub-tubidan menga ko'p yaxshi kunlarni tortiq etgan yurt oldida qarzim ko'pligini his qilaman. Toki, yurak urib turar ekan, muqaddas yurt koriga yarashga doim tayyorman. Biz baxtli odamlarmiz, chunki shunday qo'rg'onda tug'ildik. Tilagim — Vatan omon bo'lsin!
Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni bayram bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ilohim, el-yurt ravnaqi, inson qadrini ulug'lash yo'lida olib borilayotgan ishlar barakali va bardavom bo'laversin!
«ISHONCH» muxbiri G'ulomjon MIRAHMEDOV suhbatlashdi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0