Valyuta UZS
  • USD

    12 790.4322.17

  • EUR

    14 486.4486.4

  • RUB

    162.60-0.03

+31C

+31C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+31c

  • Hozir

    +31 C

  • 13:00

    +32 C

  • 14:00

    +32 C

  • 15:00

    +32 C

  • 16:00

    +32 C

  • 17:00

    +32 C

  • 18:00

    +31 C

  • 19:00

    +30 C

  • 20:00

    +26 C

  • 21:00

    +24 C

  • 22:00

    +23 C

  • 23:00

    +22 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Dushanba, 02-June

+31C

  • Hozir

    +31 C

  • 13:00

    +32 C

  • 14:00

    +32 C

  • 15:00

    +32 C

  • 16:00

    +32 C

  • 17:00

    +32 C

  • 18:00

    +31 C

  • 19:00

    +30 C

  • 20:00

    +26 C

  • 21:00

    +24 C

  • 22:00

    +23 C

  • 23:00

    +22 C

  • Dushanba, 02

    +31 +20

  • Seshanba, 03

    +32 +20

  • Chorshanba, 04

    +35 +20

  • Payshanba, 05

    +37 +20

  • Juma, 06

    +29 +20

  • Shanba, 07

    +22 +20

  • Yakshanba, 08

    +31 +20

  • Dushanba, 09

    +33 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

GAP BO'LIShI... MUMKIN

yoxud tilimizda ko'payib borayotgan “yog'li qurt”lar xususida
Jamiyat
482 02:00 | 23.03.2025 02:00

Ishdan horib kelib, bugun futbol bormi-yo'qmi, deya televizor murvatini buradim. «Olov pazanda» ko'rsatuvi namoyish etilayotgan ekan. Kechki taom pishishiga biroz vaqt bor. Tamshanib-tamshanib ekranga qaradim: dasturxonga birin-ketin tansiq taomlar tortildi. Ekspertlar nozik lablarini bilinar-bilinmas ochib, ularni navbati bilan «degustatsiya» qilishdi. Shu qadar yuksak odob madaniyati bilan totinishdiki, sanchqi uchidagi luqmani deyarli bilintirmay chaynashdi. Avvalgi ko'rsatuvlardan farqli o'laroq, bu gal hammaning fikri bir joydan chiqdi: tayyorlangan taomlarning tuz-namagi, go'shtning yumshoqligi, bezatilib, likopchalarga joylashtirilishi — hammasi ekspertlarga ma'qul keldi. Bir ovozdan deyishdiki: «Gap yo'q! Gap bo'lishi mumkin emas! Ta'riflashga til ojiz! Dahshat!».


Shu payt uydagi taom ham pishdi. Dasturxonga o'tirish kerak. Qorin chuldirash arafasida. Ishtaha ochilib ketgan. Ammo men negadir shoshilmayman. Ko'rsatuvning o'ziga, maqsad-muddaosiga e'tirozim yo'q. Oshxona bekalari uchun o'ziga xos mahorat maktabi. Boshlovchi o'z rolini qoyilmaqom qilib bajardi. Ammo…


Tilimiz buzilib ketyapti-da. «Gap yo'q», «Gap bo'lishi mumkin emas. Dahshat» deyish qaerdan keldi? Boshqacha ifodalash mumkin emasmi?!


Men birgina «Olov pazanda»ni ko'zda tutayotganim yo'q, Teleekranda, radioda, matbuotda, seriallarda shunaqa qurama til rivoj topmoqdaki, bunga ona tilimizni qadrlaydigan, hurmatini joyiga qo'yadigan kishining asabi dosh berolmaydi. Tilimizning sofligi, latofati, beqiyos imkoniyatlari haqida tinimsiz yozamiz, ma'ruzalar o'qiymiz, xato-kamchiliklarni tuzatamiz, ammo natijadan darak yo'q. Aksincha, qandaydir qorishiq, duragay tomonga qarab burilayotgandaymiz. Yoshlarni qo'yaturaylik, bu — alohida mavzu, ba'zi voizlar ma'ruzalariga alohida ziynat berish uchunmi, o'zimizda bor so'zlar qolib, iste'molda umuman yo'q, ma'nosi aniq bo'lmagan daydi, olifta atamalardan foydalanmoqdalar. Biz — ziyolilar (aniqrog'i, tilshunos olimlar) noto'g'ri ishlatilayotgan so'z va iboralarni, maqolu matallarni ko'rib tursak ham, imlo xatolari, chalasavodlik, tilimiz ustiga har tarafdan ofatday bostirib kelayotgan bo'lsa ham parvo qilmaymiz. Bitta olimlikka da'vogar do'stimiz: «Kuyunavermang, qanday yozishsa yozishaversin, tushunadigan odam xatosini to'g'rilab o'qiydi», deydi. Nahotki shunday bo'lsa?


Dovondan oshib, Qo'qon tomonga yo'l olar ekansiz, yo'lning har ikki tomonidagi son-sanoqsiz do'konlarga duch kelasiz. Savdo avjida. Turfa xil reklama yozuvlari: «Yog'li patir», «Doda somsa», «Yog'li qurt»... Kattagina do'konning peshtoqiga (suratda ko'rayotganingiz) yirik-yirik harflar bilan «Eshon qurt» deb yozib qo'yilibdi. Sal nariroqda «Qurt-baraka» degan yozuvga ko'zim tushdi. Tilimizda «qut», «qurt», «qurut» degan so'zlar bor. Qurt tushgan joyda baraka bo'lmaydi. «Eshon qurt» degani — qurtning eshoni degani emas, Eshon boboga qarashli do'konda sotilayotgan qurut.


Ravon va jozibali nutq, to'g'ri talaffuz inson zotining hech narsaga qiyoslab bo'lmaydigan ma'naviy boyligi. O'z ona tilida, shu bilan birga, boshqa tillarda ham fikrini tiniq ifoda etishga qodir kishilar fazilat bobida komillikka yaqin turadilar. Ulug' ajdodlarimiz bir emas, bir necha tillarni egallab, shu tillarda ham barakali ijod qilishgan. Ammo ular hech qachon, har qanday sharoitda ham o'z ona tillarini unutishmagan.


Odobli til, mantiqiy mushohada, suhbatdoshni e'tibor bilan tinglash, fikriga e'tibor berish, so'zini bemavrid bo'lmaslik, o'rinsiz luqma madaniyatli insonlarga xos muhim fazilat. Inson bu yorug' olamda umrguzaronlik qilar ekan, hayoti davomida kutilgan-kutilmagan holatlarga, tasodifiy tangliklarga duch kelishi, muammolar girdobiga tushishi mumkin. Bunday paytda til mukammalligi najotkor kuchga aylanadi, hissiyotga berilib, g'azab otiga mingan kishi esa bir og'iz noo'rin so'zi bilan chigal vaziyatni battar chigallashtiradi. O'ylamay aytilgan birgina so'z, behayo bir ibora oilani barbod qilishi, ota-bola, akauka, opa-singil, qarindosh-urug'ni bir-biriga yovlashtirishi mumkin. Bunga misollar ko'p. Millat sha'niga botadigan, g'ururiga tegadigan asossiz ayblov yoki tahqir bois xalqlar, mamlakatlar o'rtasiga rahna solingani, jangu jadallarga sababchi bo'lgani ham sir emas.


Hayotda goho bir-birini mutlaqo tanimagan, o'zaro muloqotda bo'lmagan ikki kishi go'zal bir lutf, samimiy tabassum, shirin muomala bois qadrdon bo'lib ketishadi. So'zning qudrati, tilning jozibasi bois shunday bo'ladi. Xalq ertaklarida tasvirlangan ochko'z devlarning «Assalomu alaykum, dev buva!» qabilidagi yoqimli muomala bois yomon niyatidan qaytishi so'zning qudratini ko'rsatadi. Sotsiolog olimlar milliy-ma'naviy ildizlar zaiflashgan, ma'naviy qadriyatlarga rioya qilish sustlashgan, ona tilining qo'llanilishi kamaygan hududlarda jinoiy xatti-harakatlar ko'proq sodir bo'ladi, degan xulosaga kelishgan.


So'zlash odobi oiladan, maktabdan, mahalladan boshlanadi. Inson nechog'liq uzoq umr ko'rmasin, bu odobga o'rganishning adog'iga yetib bo'lmaydi. Kichiklik chog'idan to'g'ri talaffuzga, so'z va iboralarni, ismlar, joylar, turfa xil nomlarni to'g'ri ifoda qilishga o'rgatilgan, kitob bilan do'st tutingan, ko'p ertak o'qigan, sarguzasht dostonlarni miriqib tinglagan bolalarning nutqi boshqa tengdoshlarinikiga nisbatan mukammal, ayni chog'da, shirali bo'ladi. Bu farqni nainki nutqda, bolaning shakllanayotgan xarakterida, tengdoshlari bilan muomalasida, atrofida kechayotgan voqea-hodisalarga munosabatida va hatto orzu-xayollarida ham ko'rish mumkin.


— Tilni faqat til nuqtai nazaridan emas, tarix, milliy qadriyatlar, urf- odatlar, ulug' ajdodlarimizning merosidan bahramandlik nuqtai nazaridan turib ham asrashimiz zarur, — deb yozgan edi O'zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov «Til va el» asarida. — Frantsuz olimi M.Bellin 1861 yili chop etilgan kitobida ulug' mutafakkir Alisher Navoiyning ona tiliga e'tiborini shunday baholagan: «Alisher Navoiy o'z milliy tilining afzaliyatlarini inkor etib bo'lmaydigan dalillar bilan isbot etgani — o'z xalqi orasida vatanparvarlikni boshlab berganidan dalolatdir».


XvI asrda Dyu Belle degan shoir boshchiligida bir guruh olim va yozuvchilar «Frantsuz tilini himoya qilish va ulug'lash» nomli manifest qabul qilib, unda «Ona tilini himoya qilish — Vatanni himoya qilish bilan barobar», degan fikrni jamoatchilik hukmiga havola etishgan.


Hassos shoira Tursunoy Sodiqova ma'ruzasining har so'zidan olov, ohangidan muhab bat chaqnardi. Ijodiy uchrashuvlarda so'zning o'zini ham so'zlatvorardi, bulbulday sayratardi. Notiqlik mahorati, ishontirish san'ati, ta'sir etish salohiyati baland edi. Ovozida boshqa notiqlarda kam uchraydigan noyob sehr bor edi. Shoira, o'zi yozganiday, «So'z izlash, so'z o'ylash, so'zga rang-tus berish, uni chiroyli ijroda taqdim etishga urinish, ko'zlarni, quloqlarni o'ziga maftun qilish uchun turli auditoriya lar, davralarda jon teriga tushib jang qilar, bahslashar, «so'zda o'lib, so'zda tirilardi». Opani tinglaganlar u bilan yana bir bor muloqotda bo'lish, so'z chashmasidan qonib-qonib ichishni, so'z olamiga sayohat qilishni niyat qilardilar.


Adib va publitsist Ahmad A'zam necha yuzlab so'z va iboralar, maqol va matallarning to'g'ri qo'llanilishi, ma'no-mazmuni haqida turkum maqolalar yozdi, amaliy takliflar kiritdi. Haqiqatning ko'ziga tik qarab, «Eng yomoni, tilga, adabiy chalasavodlikka e'tiborsizlik ko'nikmaga aylanib bo'ldi, til, to'g'ri talaffuz haqida gapirish endilikda hatto erish tuyuladi. Tili g'aliz, yozish mahorati sust mualliflarning tomtom kitoblari chiqyapti! Birov bir nima deyayotgani yo'q. Shu qadar yasama, shu qadar sun'iy jumlalarki, kitob deyishga til bormaydi. Badiiy asarda, umuman, har qanday yozuvda, hatto oddiy yozishmada ham, asosiy mezon — til, bu mezon yo'qolsa, ko'p narsani yo'qotgan bo'lamiz», degan edi u kuyunib.


Ahmad A'zam «Vijdon nomusi» sarlavhali o'zi ko'rmay ketgan kitobiga kirgan maqolalarida quyidagilarni yozib ketgan: «Hozirgi adabiy tilimiz ne-ne asrlar davomida necha ming-ming ijodkorlarning tinimsiz mehnati hosilasi. Bu to'g'rida gapirganda «Devonu lug'atit-turk»ni yaratib bergani uchun Mahmud Koshg'ariyni til piridek xotirlaymiz. «Qutadg'u bilig» yaratilganmi, binobarin, unga zamin — til, demakki, uni kitob holiga keltirib, muhrlab asrash zarurati bo'lgan. Agar tilni qo'riqlash, uning obro'sini joyiga qo'yish, yangi martabalarga ko'tarish ehtiyo ji bo'lmaganda Navoiy bobomiz turkiy til sha'n-shavkati borasida «Muhokamatul-lug'atayn»ni yozmagan bo'lur edilar. Kerak ekanki, ona tilini qo'riqlash, bosqinlardan himoyalash va o'stirish uchun shu fidoyiliklar qilingan».


Bugun biz ona tilimizni shu ulug'lar kabi himoya qilmoqdamizmi?


Matbuotimiz «Til — xazina» kabi ruknlar ostida deyarli har haftada kuyunchak maqolalar e'lon qilinadi. Tele-radio boshlovchilar, ayniqsa, futbol o'yini sharhlovchilari nutqidagi nuqsonlar, reklama roliklaridagi ko'ngilni g'ashlaydigan g'alizliklar tinimsiz tanqid qilinadi. Ammo ahvol shu darajaga yetib bordiki, ba'zi «surbet» xatolarga ko'nikib ham bo'ldik: «Ismi, otasining ismi» deyish o'rniga hamon «Ismi-sharifi» deb yozamiz, blankada hali ham «F.I.Sh» degan qisqartma bor. Yoqimli qo'shiqni qo'l telefonimizga ko'chirib olmaymiz, aravaga xashak ortganday «yuklaymiz». Tushlik payti taom tanovul qilmaymiz, «obedlanamiz». Ishxonada: «Bu ishni ujingacha tugallashimiz kerak», deymiz. Teatrda spektakl' tomosha qilsak, aktyorlar ijrosidan ta'sirlanib, «Qoyil! Yashavor! Ofarin!» deyish o'rniga «Bravo» deb qichqiramiz. Kimgadir maktub yozsak, «Hurmat va ehtirom bilan» yozamiz, bu ikki so'z aslida bir so'zligiga e'tibor qilmaymiz. Majlisda navbatdagi notiqqa so'zni «mamnuniyat» bilan beramiz. U gapini «Avvalambor, assalomu alaykum», deb boshlab, «Hammamizga ma'lumki...» deya davom ettiradi. Salomlashishni «avvalambor» deyishdan boshlash qaerdan kelib qoldi? Keyin, agar u aytmoqchi bo'lgan gap hammaga ma'lum bo'lsa, uni takrorlashning nima hojati bor? Taniqli san'atkorimiz qisqa interv'yuda o'zbekchadan ruschaga, ruschadan o'zbekchaga xuddi vaqti bemalol odam ko'chaning u tarafidan bu tarafiga, bu tarafidan u tarafiga o'tganday gapiradi. Hech kim «hay» demaydi.


Talabalar shaharchasidagi oshxona darvozasiga «Zig'ir osh» deb yozib qo'yilgan. Zig'irdan osh qilinmaydi, oshga uning yog'i ishlatiladi.


«Makkajo'xori» deymiz, «makka» va «jo'xori» boshqa-boshqa ekin-ku? «Sarimsoqpiyoz» ham shu — «sarimsoq» boshqa, «piyoz boshqa» (Z.Isomiddinov kuzatuvi). «Kami bor» degan bema'ni bir ibora tilimizga kirib qolib, rosa yigirma yil yashadi-yov. Bozorlarimizda «pochin» so'zi hamon quloqqa chalinadi, «tak», «znachit», «seravno», «tochno», «kakras», «pochti», «super» kabilarning so'z lug'atimizdan aslo ketgisi yo'q.


«Jin urgur» degan ibora bugungi seriallarni butunlay egallab oldi. O'zbek «Er yutkur», «Qurib ketkur» iboralarini ishlatishi mumkin, ammo hech qachon o'zi yo'q jindan yordam so'ramaydi. Bu ibora ruscha «Сhert poberi»ning kalka usulidagi tarjimasi. Serialda ota qiziga: «Yaxshimisan, qizim?», desa, qizi: «Yaxshiman», deb javob qiladi. Ota: «Ha, yaxshi», deydi. Dialoglar o'ta sifatsiz, soxta.


Yana bir shunday «noyob» tarjima: rus tilida «Nam nado pogovorit'» degan ibora bor. Muhtaram serialchilar tilimizda xuddi shu ma'noni anglatadigan so'z yo'qday unga jon-jahdlari bilan yopishib olishgan. Millat paydo bo'lganidan beri hech bir o'zbek ota yoki ona o'g'li yoki qiziga «Gaplashib olishimiz kerak» demagan va demaydi ham. O'zbek: «O'g'lim, qani o'tirchi, ishlaring yaxshimi, xafaroq ko'rinasan, nima bo'ldi?» dey di. Ona ham shunday yo'l tutadi. Xalq ichidan chiqqan serialchilar bundan bexabar.


Ustoz Alibek Rustamovning «So'z haqida so'z» risolasida tilimizdagi ko'pdan-ko'p g'alizliklarga tegishli sharhlar berilgan:


«Olimlar izlanmoqda», deb bo'lmaydi, ular yo'qolib qolgan-u, qidirish boshlangan, degan ma'no kelib chiqadi. «Olimlar ilmiy tadqiqot ishlari bilan band» deyish kerak.


«Ayni kunlarda» emas, «Shu kunlarda».


«Erga chigit qadalmaydi, ekiladi. Ko'ylak yoqasiga tugma qadaladi».


«Qomusiy olim» emas, alloma.


«Amir Temur xiyoboni», «Navoiy teatri», «Bobur bog'i» deyish to'g'ri. «Nomli», «nomidagi» deyishga hojat yo'q.


«Lutfan taklif etaman» deyish ikki jihatdan noto'g'ri. Сhunki, «lutfan» va «taklif» so'zlari ma'no jihatidan bir-biriga zid. «Men sizni lutf qilib, mehmonga chaqiraman, desa, chaqiriluvchi: «Men sizning lutfingizga zor emasman», deyishi mumkin.


«Qamishdan bel bog'lab, yoningizda turaman» deyishda kinoya bor. Сhunki qamish bilan belni bog'lab bo'lmaydi.


«Badiiy havaskorlar» emas, «Havaskor san'atkorlar».


«Xo'jalik ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari» emas, «Direktorning xo'jalik ishlari bo'yicha o'rinbosari».


«Mikrob tashuvchi emas», «Mikrob tarqatuvchi».


«Shamchirog'» emas, «shabchirog'».


«Yuragida yoli bor» deyish noto'g'ri. «Yuragida o'ti bor» deyish kerak.


«Nur ustiga a'lo nur» deyish noto'g'ri. «Nur a'lo nur» yoki «Nur ustiga nur» deyilsa to'g'ri bo'ladi.


«Asfalas-sofilinga ketdi»ning ma'nosi «Do'zaxning eng tuban joyiga ketdi» degani. Bu yerda sofil — tuban, sofilin — ko'plik ma'nosi. Bu ta'rif elga zulm qilgan kishilarga aytiladi».


Bu ham hali hammasi emas. Radio tinglasangiz, har o'n daqiqada qo'shiq «jarang sochayotganiga» (!) guvoh bo'lasiz. Majlisu yig'inlarda so'zga chiquvchilarning aksariyati salomni chuchmallashtirib, «Avvalambor assalomu alaykum» deydi. Bu yerda «avvalambor» so'zi mutlaqo ortiqcha.


«8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami» deyish noto'g'ri. «Xalqaro xotin-qizlar» degan tushuncha yo'q. Ayollarni xalqaro va mahalliy toifalarga bo'lib bo'lmaydi. «Xotin-qizlarning xalqaro bayrami» deyish kerak.


Yozuvchi Shodmon Otabek saksoninchi yillarning oxiri — sho'rolar saltanatining umri hali tugamagan bir paytda ona tilimizning ayanchli ahvoli to'g'risida matbuotda bong urgan mualliflarimizdan biri. O'sha yillari adabiyot gazetasida ustoz Ibrohim Rahimning «Tilimizni hakka cho'qiganmi?» sarlavhali maqolasini, Mirza Kenjabekning kuyunchaklik bilan yozgan ilmiy-publitsistik tahlilini katta jur'at bilan e'lon qilgandik. Oradan ko'p yillar o'tdi, tilimizning nufuzi oshdi, ko'p muammolar hal etildi. Ammo hali-hanuz o'z ona tiliga nopisandlik bilan qarab kelayotganlar oz emas. Boshqa xalqlarning tillarini bilish ijobiy fazilat. Bugun ingliz, frantsuz, yapon yoki arab tilida bemalol muloqotga kirishayotgan yoshlarni ko'rib, havasimiz keladi. Faqat… bu bilimdonlik ona tilini unutish, uni pastga urish evaziga bo'lmasligi kerak


Yangi yil arafasida, yil kirib kelganida bir-birimizni samimiy qutlaymiz. Talabalik yillarim yangi yil kirishiga sanoqli soatlar qolganida ustozlarimizdan biriga qo'ng'iroq qilib, «Yangi yilingiz bilan, domla!», degandim, ustoz kutilmaganda: «Xo'sh, nima, yangi yilingiz bilan?», deb so'rab qoldi. «Tabriklayman», dedim shosha-pisha. «Nima bilan?», qayta so'radilar ustoz. «Domla, yangi yilingiz bilan tabriklayman», dedim. «Ha, bu endi boshqa gap, rahmat, sizni ham yangi yil bilan tabriklayman», dedi ustoz xursand bo'lib. Shu-shu kimnidir tabriklamoqchi bo'lsam, albatta, jumlani to'g'ri tuzadigan bo'ldim. Ko'plarga ustozlari bunday tanbeh berishmagan chog'i. Biror kishi yaxshi kostyum kiygan bo'lsa, ruslar «Ox, kakoy sil'niy kostyum» deyishadi. Tilimizdagi g'alizliklarga e'tibor bermay yuraversak, erta-indin «O'-ho', juda kuchli kostyum kiyibsiz-ku, aka!», degan jumla ham peshonamizga keladi. Ruslar «goryachie melodii», deyishadi. Bunga hech kim ajablanmaydi. Ammo biz «qaynoq taronalar» deb to'tiqushdek takrorlab yotibmiz, tilimizni ongli ravishda buzyapmiz, kelajak avlodlar oldida malomatga qolishimizdan xabarimiz yo'q.


Poytaxtimizning Muqimiy va Shota Rustaveli ko'chalari kesishgan chorraha yaqinidagi imoratlardan birining peshtoqida yirik harflar bilan yozib qo'yilgan «Bolalar savdo uyi» jumlasi uzoq vaqt ko'zga tashlanib turdi. Magazinda esa bolalar emas, bolalarga mo'ljallangan kiyim-kechaklar sotiladi.


Taniqli xonanda: «Сhoponga belbog' bog'lab, bir yorning ko'nglini ovlab...», deb qo'shiq kuylaydi. Yaxshi qo'shiq, ammo belbog' choponga emas, belga bog'lanadi, birodar. Bosh qa bir qo'shiqchi: «Toshkentlik hur (huriliqo)ni «xurrak» so'zidagi «x»ni ishlatib, «Toshkentlik xur» deb talaffuz qiladi.


Hayotda o'zbek tilida qoyilmaqom qilib ifodalash mumkin bo'lmagan biror holat, tasvir, voqelik, tabiat hodisasi, falsafiy tushuncha yoki xulosa yo'q. Dunyoga mashhur «Ilohiy komediya»ni o'zbek tiliga o'girgan Abdulla Oripov tilimiz mavqeidan bexabar italiyalik olimning «Sizning tilingiz shunday ulug' asar ma'nosini to'la-to'kis ifodalashga qodirmi?», degan savoliga javoban, birgina «shamol» so'zining o'ndan ortiq, «yig'lamoq» fe'lining o'n beshga yaqin sinonimlarini keltiradi. «Boburnoma»ni o'zimizning olimlardan ham o'tkazib tadqiq qilgan yaponiyalik olim Eyji Mano o'zbek tilining beqiyos qudrati va hadsiz imkoniyatlarini mamnunlik bilan e'tirof etadi. Shunday ekan, birgina nokli shirinlikka tikilib, tamshangan holda: «Bu taomni ta'riflashga til ojiz», deb turaversak, kelajak avlodlar bizni, albatta, gap-so'z qilishadi. Gapga qolishimiz mumkin.


Xulosa o'zingizdan…


Ahmadjon Meliboev,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist
Manba: «Ishonch» gazetasi.
2024 yil, 19 oktyabr'


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 4128 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat