Xususiy universitetda o'qituvchilarga mehnat ta'tili uchun pul to'lanmaydimi?
Assalomu alaykum. Men xususiy universitetda o'qituvchi lavozimida ishlayman, 56 kunlik ta'tilda ta'til puli berilmas ekan, bu qonunchilikda to'g'rimi?
Savolga Toshkent davlat yuridik universiteti katta o'qituvchisi, ekspert Muhammadamin Karimjonov ushbu murojaatga batafsil javob beradi.
– Mutlaqo noto'g'ri. “Pedagogning maqomi to'g'risida”gi Qonun 14-moddasi 3-qismida davlat ta'lim tashkilotlarining pedagoglariga davomiyligi ko'pi bilan 56 kalendar kundan iborat bo'lgan haq to'lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta'tili kafolatlanadi. Ayrimlar mana shu normani asos qilib, nodavlat ta'lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga 56 kun berilmaydi, kamida 21 kun bersa ham bo'ladi deyishayotgan bo'lishi mumkin.
Lekin MK 218-moddasiga ko'ra har yilgi asosiy uzaytirilgan ta'tillar ayrim toifadagi xodimlar uchun ham ular mehnat vazifalarining o'ziga xos jihatlari va xususiyatlariga hamda boshqa holatlarga qarab belgilanadi. Bunday ta'tillar olish huquqiga ega bo'lgan xodimlarning ro'yxati va ushbu ta'tillarning davomiyligi qonunchilikda belgilanadi.
Pedagoglar esa yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo'riqish, asab tangligi bilan bog'liq ya'ni alohida tusga ega bo'lgan ishlardagi ayrim toifadagi xodimlar jumlasiga kiradi! Davlat tashkilotidagi pedagog yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo'riqish, asab tangligini boshdan kechiradiku, nodavlatdagilar esa yo'qmi?
MK 501-moddasiga ko'ra, ta'lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga o'ttiz olti soatdan ortiq bo'lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat ta'tili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta'tilining davomiyligi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo'yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qarori pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta'tili davomiyligi me'yorlarini belgilaydi. O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta'tili va qo'shimcha ta'tillar davomiyligi me'yorlarini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
MK 501-moddasida pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o'ziga xos xususiyatlari sifatida pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta'tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo'yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanishi nazarda tutilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
Diqqat! E'tibor bering, yuqoridagi qonunchilik hujjatlarida ta'lim tashkilotlari davlat yoki nodavlatga ajratilmagan. Ya'ni yuqoridagi yillik uzaytirilgan ta'til bilan bog'liq talablar, nafaqat davlat, balki xususiy ta'lim tashkilotlari(universitet, maktab, maktabgacha ta'lim tashkilotlari va boshqalar)ga ham birdek taalluqli.
Bundan tashqari, "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun 3-moddasiga e'tibor bering, unga ko'ra davlat akkreditatsiyasi — davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat ta'lim tashkilotlari (bundan buyon matnda ta'lim tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatining davlat ta'lim standartlari va davlat ta'lim talablariga hamda o'quv dasturlariga muvofiqligining davlat tomonidan e'tirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga ma'lumot to'g'risidagi hujjatlarni topshirish huquqining taqdim etilishidan iborat jarayon.
Ya'ni "Ta'lim to'g'risida"gi Qonundan kelib chiqsak ta'lim tashkilotlari deyilganda davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat ta'lim tashkilotlari ham nazarda tutiladi!
Demak, yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo'lsak, nodavlat ta'lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga ham 56 kalendar kundan iborat bo'lgan haq to'lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta'tili berilishi kerak!
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0