Iqlim o'zgarishi: Ayollar hayotidagi ro'shnolikka nojo'ya ta'sir
Iqlim o'zgarishi va gender masalasi bir-biriga chambarchas bog'liqligi tobora aniq bo'lib bormoqda. Darhaqiqat, ayollar va iqlim o'zgarishi haqidagi ma'lumotlarda ijobiy jihatlarni topish qiyin. Сhunki dunyoda kambag'allarning aksariyat qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Tabiiyki, ular iqlim o'zgarishi tahdid solayotgan resurslarga ko'proq tayanadilar.
Iqlim o'zgarishi xotin-qizlarning yashash va turmush sharoitlariga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani, hayoti va sog'lig'i uchun xavf tug'dirayotgani gender zo'ravonlikka ham sabab bo'lmoqda. Ayniqsa, bu jarayonlar ularning salomatligi yomonlashishi, turli kasalliklar ko'payishiga olib kelayotgani ham hech kimga sir emas. Misol uchun, suv va havoning ifloslanishi, havo haroratining ko'tarilishi, tabiiy ofatlar, respirator va suv bilan yuqadigan kasalliklar ko'payishiga turtki bo'ladi.
Nega hayot ba'zan shunchalik adolatsiz?
Ismim Gulbahor (o'zgartirilgan). 25 yoshimda, oilamning xohishiga ko'ra, Bir yigit bilan turmush qurdim. Sobir yaxshi inson edi, lekin uning oilasida yashash sharoiti qiyin bo'ldi. Ular qishloq chekkasidagi uyda istiqomat qilishar, suvni esa uzoqdan – bir-ikki kilometr naridagi Quduqdan tashib kelar edim. Quduqdan olingan suvni kunlab tindirib, tagidagi cho'kmalarni ehtiyot bilan ajratib ishlatar edik. Turmush o'rtog'im doim yordamga tayyor edi, lekin ishlari sabab hamma vaqt uyda bo'la olmasdi. Shuning uchun ba'zan aravachaga katta-katta idishlarni ortib, suv olib kelish menging zimmamga tushardi. O'sha paytlarda homiladorligimning ilk oylarini boshdan kechirayotgan edim. Og'ir baklarni ko'tarib, yo'l bosish qiyin edi, lekin qaynonamning “homiladorlik — kasallik emas” degan gaplari va turli kinoyalariga chidashimga to'g'ri kelgan. Bir kuni, odatdagidek, quduqdan suv olib kelayotgandim. 15 litrlik bakni aravaga joylash uchun egilib, shoshilib harakat qildim. To'satdan oyoqlarim qaltirab, muvozanatni yo'qotdim va bak bilan birga yerga quladim. Zarbadan butun tanamni og'riq qopladi, ammo yuragimni ezgan boshqa bir qo'rquv edi. Ichimdagi hali tug'ilmagan farzandimga zarar yetgan bo'lishidan o'lguday qo'rqardim.
Keyingi kunlarda o'zimni yomon his qildim va shifokorga murojaat qilishga majbur bo'ldik. Tug'ulajak farzandim hayot ekan, lekin yiqilish tufayli shifokorlar jiddiy asoratlar bo'lishini aytishdi. O'sha kundan boshlab turmush o'rtog'im va men uchun yangi hayot boshlandi — farzandimiz zaif, maxsus ehtiyojlari bilan tug'ildi. Avvaliga bu holatni qabul qilish qiyin bo'ldi. Turmush o'rtog'im ning orzulari parcha-parcha bo'lib, u ko'pincha o'zini aybdor his qilardi. Men esa farzandimiz uchun kuchli bo'lishga intildim. Har bir kun sinov edi — davolanishlar, ehtiyojlarini ta'minlash, boshqalarning kinoyali qarashlariga bardosh berish. Lekin bolamning tabassumi va kichik yutuqlari bizga umid bag'ishlardi.
O'sha yiqilish bizning hayotimizni o'zgartirdi, lekin sevgimiz va sabr-toqatimiz farzandimizning kelajagi uchun kuch bo'lib xizmat qilmoqda. Bu kun bugungacha yuragimda o'chmas xotira bo'lib qolgan, ammo shu bilan birga menga kurashishni o'rgatgan. Bu hikoya meni yengil nafas olishga undaydi, lekin unda ochilmagan bir savol doim bor: nega hayot ba'zan shunchalik adolatciz bo'ladi?
Azizaning hikoyasi
Mening ismim Aziza (o'zgartirilgan). 23 yoshimda uydagilar xohishiga ko'ra turmush o'rtog'im bilan oila qurdik. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Qishloq chekkasidagi anhordan suv olib kelamiz. Anhor suvini ham toza deb bo'lmaydi. Olib kelgan katta baklardagi suvlarimizni ba'zan kunlab tindirib qo'yishga to'g'ri keladi. Suv olayotganimizda baklar tagidagi cho'kmalar qo'zg'alib ketmasligi uchun ehtiyot bo'lamiz. Shu holdagi suvdan biz ichish va maishiy maqsadlarda foydalanamiz. Suvning tozaligidan tashqari uni tashish muammosi ham bor. Erim yordamini ayamaydi, ammo doim ham uyda bo'la olmasligi sababli, ba'zan obdasta bilan, ba'zida esa aravachalarda bir-ikki bak suv olib kelaman. Nikohimizdan ko'p o'tmay homilador bo'ldim. Lekin qishloq sharoiti va qaynonamning g'azabi sababli anhordan suv tashishdan ozod bo'lolmadim. 15 litrlik baklarni anhordan to'ldirib, aravachaga ortayotganimda og'riq his qila boshladim. Buni qaynonamga aytganimda esa “O'lmagan bizni jonimiz ekanda”, degan shiringina gaplarni eshitdim.
Erim esa onasiga bo'lgan hurmati sababli ortiqcha gap qila olmasdi. Ammo suv olib kelishda yordamlashib yurardi. Erim uyda bo'lmagan kunlardan birida suv olish uchun anhor bo'yiga tushib, katta bak bilan suvga yiqildim. Ana shu lahzada men va erimning 5 oylik orzulari zavol topdi. Hali tug'ilmagan farzandimni yo'qotdim.
Shundan keyin ikki haftacha ishlardan “ozod etildim”. Ammo erim meni e'tiborsizlikda ayblab, “o'sha suvni o'zim olib kelardim-ku”, deya jahl qila boshladi. Ana shu mudhish voqeadan keyin yillar davomida farzand ko'ra olmadik. Ko'cha-ko'ydagi gap-so'zlar, qaynonamning “tug'mas xotin bilan umring o'tyapti”, degan tazyiqlaridan keyin erim juda asabiy bo'lib qoldi. Hatto meni kaltaklaydigan odat chiqardi. Ba'zan nima uchun kaltak yeyayotganimni ham bilmay qolar edim. Qaynonamning piching va haqoratlari, erimning tazyiqu kaltaklaridan bezor bo'lganimdan keyin, bularning barchasidan ajrashib qutuldim. Hozir ota uyimdaman.
Nega bunday bo'ldi? Tug'ilmagan farzandim nobud bo'lishida men aybdormanmi? Erim nega meni bunday tahqirladi? degan savollar haligacha tinchlik bermaydi. Haligacha aybim nima ekanini anglay olmayman.
– Iqlim o'zgarishini ayollar hayotiga ta'sirini bir necha asosiy nuqtai nazardan ko'rib chiqish mumkin, – deydi O'zJOKU professori, ekojurnalist Nargis QOSIMOVA. – Birinchidan, ular iqtisodiy muammolarga duch kelishi xavfi yuqori. Qurg'oqchilik, suv toshqini va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari sababli ekinlarga zarar yetganda, hosildorlik pasayganda oiladagi zo'ravonlik holatlari ortadi. Aytaylik, ishdan charchab kelgan er suv yo'qligi tufayli kir yuvilmasa, ovqat pishirilmasa yoki oziq-ovqat yetishmasa, alamini bolalari va ayolidan oladi.
Qishloqlarda ko'pincha ayollar, xonadonlarni suv va yonilg'i bilan ta'minlashga mas'ul bo'lishadi. Bu ulardan ta'lim, ish yoki ijtimoiy masalalari bilan shug'ulanish uchun sariflannadigan vaqt va resurslarni o'g'irlaydi.
2023 yilda “Ekolog” jamoat birlashmasi Qoraqalpog'iston Respublikasi fuqarolik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash markazi hamda Jizzax viloyatining “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo'llab-quvvatlash markazi bilan birgalikda aprel'-iyun' oylarida ikki hududda iqlim o'zgarishi ta'sirida yuzaga kelgan gender zo'ravonlikni aniqlash bo'yicha so'rovnoma o'tkazildi. Natijalarga ko'ra, Qoraqalpog'istonda respondentlarning 72 foizi, Jizzax viloyatida 87 foizi iqlim o'zgarishi va ekologik muammolar oiladagi zo'ravonlikka ta'sir ko'rsatishini bildirishdi. Shu tadbir asosida davlat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida davra suhbatlari o'tkazilib, iqlim o'zgarishining oiladagi zo'ravonlikka ta'siri oldini olish bo'yicha hududga mos tavsiyalar ishlab chiqildi.
– Iqlim o'zgarishi barcha joyda bo'lgani kabi agrar sohaga ixtisoslashgan Jizzax viloyati ayollari hayotida ham sezilmoqda, – deydi Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi rahbari, gender masalari bo'yicha ekspert Nodira ALIMOVA. – Сho'l hududlar, xususan Mirzacho'l, Arnasoy, Do'stlik, Zafarobod singari tumanlarda asosan qishloq xo'jaligi bilan shug'ullanuvchi aholi o'rtasida ekin maydonlarini sug'orish, chorva mollarini boqish muammolari, migratsiya oqimi kuchaygan. Tog'li hududlar, Baxmal, Zomin, Sh.Rashidov, Forish tumanlarida tez-tez sel kelishi kuzatilmoqda. Havoning qishda o'ta sovib ketishi, yozda haddan ziyod isishi, chang va bo'ronlar aholi o'rtasida turli allergik va boshqa kasalliklar ortib borishiga sabab bo'lmoqda. Albatta, bu xotin-qizlarga o'z salbiy ta'sirini o'tkazmay qolmaydi.
Har qanday davr va har qanday vaziyatda fuqarolik jamiyati institutlarining o'rni va roli muhimdir. Ayniqsa, bugungi global iqlim o'zgarishi sharoitida aholi xabardorligini oshirish va unga moslashish bo'yicha choralar ko'rishda axborot va ma'lumot yetkazish, aholining, xususan, ayollar va bolalarning bilim va ko'nikmalarini oshirish NNTlardan katta mas'uliyat talab etadi.
Bu borada biz dastlabki qadamlarni tashlaganmiz. Ya'ni qishloq ayollari o'rtasida tabiiy resurslar, jumladan suvdan oqilona foydalanish, elektr energiyasini isrof qilmaslik, barglarni yoqmaslik, chiqindilarni turlarga ajratib, qayta ishlashga topshirish, muqobil energiya manbalari, maishiy texnikalardan foydalanish kabi tavsiyalar beruvchi trening va targ'ibot tadbirlarini olib bormoqdamiz. Bundan tashqari, mavjud infratuzilmani o'zgartirish, samarador energiyaga mos uy-joylar qurish, iqlim sharoitini hisobga olgan holda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ekish va yetishtirishni tavsiya qiluvchi tadbirlar muntazam o'tkazib kelinyapti.
Har holda jim qarab turilgani yo'q. Yana nima qilish kerak? Genderga doir qonunchilik, jamiyat barqarorligini oshirish va iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish usullarini o'z ichiga olgan keng qamrovli strategiyalar zarur. Qolaversa oziq-ovqat xavfsizligi va ayollarning reproduktiv xulq-atvori modellari o'rtasidagi murakkab bog'liqlikni hal qilish uchun barqaror dehqonchilik usullari, sog'liqni saqlash tizimi afzalliklarini kuchaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va sog'lom turmush tarzini keng ommalashtirish orqali bu boradagi muammolar yukini yengillatish mumkin.
Davron ERGAShEV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0