“Ishonch” gazetasi tahririyati Yunusoboddagi maktab o'quvchilari o'rtasida insholar tanlovini o'tkazdi
Tanlov Alisher Navoiyning hayoti va ijodi mavzusida bo'lib, g'oliblarga pul mukofotlari topshirilgan.
Bugun Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 63-maktdabda shoira Zulfiya tavalludiga bag'ishlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi. Unda “Ishonch” gazetasi xodimlari ishtirok etib, tahririyat tomonidan tashkil etilgan “Mening Navoiy bobom” nomli insholar tanlovi g'oliblarini taqdirladi.
Bayram va taqdirlash marosimi jurnalistlar va yoshlar o'rtasidagi samimiy muloqotga aylanib ketdi.
– O'quvchilarga rag'bat, e'tibor kerak, – deydi 63- maktab direktori Rohila vahobova . – "Ishonch" gazetasi tahririyati bilan hamkorligimiz samarali kechmoqda. Ijodkorlarning ta'lim maskanimizga kelishi, yoshlar bilan muloqot qilishi ularning adabiyotga, kitobxonlikka qiziqishini yanada oshiryapti. Bu o'tkazilgan insholar tanlovida ham aks etdi. Unda 200 ga yaqin o'quvchilarimiz Navoiy bobomiz haqida yozdi, izlandi, his-tuyg'ularini qog'ozga tushirdi. Eng muhimi, ularning asarlarini mutolaa qildi. Biz pedagoglar bunday hamkorlik aloqalari kengayishini, hech kim ta'limga e'tiborsiz bo'lmasligini istaymiz.
Gap shundaki, 2025 yilda mazkur maktab va "Ishonch" gazetasi tahririyati o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu hujjatga asosan, tahririyat xodimlari mazkur maktab bilan hamkorlikda ishlab kelmoqda. Jumladan, maktabda tahririyat ijodkorlari bilan uchrashuv va muloqotlar uyushtirib kelinyapti.
Yaqinda ta'lim muassasasida yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlikni qo'llab-quvvatlash va ijodkor o'quvchilarni kashf etish maqsadida tashkil etilgan “Mening Navoiy bobom” insholar tanlovi o'tkazilib, unda 1- , 2- va 3-o'rinlarni olgan o'quvchilarga tahririyat tomonidan mos ravishda 1 mln so'mdan 2 mln so'mgacha miqdordagi pul mukofotlari topshirilishi ma'lum qilingandi.
– Adabiyot ustozimiz darsda hamma asarning eng qiziq joyini gapirib beradilar. Biz darrov o'sha kitobni topib o'qishga kirishamiz. Bugun insholar tanlovida g'olib bo'lishimizga shu o'qigan kitoblarimiz ham sabab bo'ldi, deb o'ylayman. Rostini aytsam, bu tanlovga chin dildan tayyorlangandim va yozganlarimizga bunchalik katta e'tibor qaratilishini kutmagandim. Gazetaga alohida rahmat aytaman! – deydi maktabning 9-sinf o'quvchisi, tanlovda 1-o'rinni qo'lga kiritgan Noziya Rashidova.
E'zoza UMURZOQOvA
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0