Kartani naqd pulda to'ldirish: qiyinchiliklar va baland foizlar muammosi
Bugun ko'p holatlarda naqd puldan ko'ra, elektron to'lovlar ommalashdi. Plastik kartochka orqali pul o'tkazishning qulayligi, masofalarning ahamiyati yo'qligi ham bunga sabab bo'ldi. Bir paytlar odamlar 20-25 foizga maoshini naqdlashtirgan bo'lsa, bugun kartada pul izlab yurganlarga ko'zingiz tushadi. Bu albatta yaxshi, ammo endi plastik kartaga pul to'ldirishda muammolar yuzaga kelmoqdaki, bundan ko'z yuma olmaymiz...
Gapni o'zim yaqinda duch kelgan muammodan boshlay qolay. Yaqin do'stim meni vakil qilib, salmoqli ehson berdi. Pul naqd edi, cho'ntagim to'lib ketdi. Xursand bo'ldim, baraka topsin. E'lon berdim. Har doimgidek aksariyati kartaga tushirishni so'rashdi.
Surishtirsam, naqdni kartaga tushirish uchun 2 foizgacha ustama to'lash kerak ekan. Hali uni o'tkazish bor, unga ham 1 foizgacha o'tkaziladi. Uni yechib olaman degan ham 1 foiz to'laydi. Hammasi bo'lib muhtojning qo'liga yetib borguncha 3-5 foiz pul (balki undan ham ko'proq bo'lishi mumkin) yo'q bo'lib qoladi. Shu o'rinda savol tug'iladi: kartadagi pulni naqd qilishda 1 foizlik komissiya to'lovini tushunamiz. Bank kupyura, bankomatlar, elektr uchun turli xarajatlar qiladi. Ammo plastik karta naqd pul bilan to'ldirilganda nega katta komissiyalar qo'yilyapti? Mijoz bankka naqd valyuta keltiryapti-ku.
Mavzuni chuqurroq o'rganish maqsadida bir qancha banklarda kartani to'ldirish masalasini o'rgandim. Banklarning plastik kartalarini shoxobcha yoki filialga borib to'ldirish bepul hisoblanarkan. Ammo hammada ham o'sha bank kartasini ochish, muassasaga borish, uzun navbatda turib kutishga sharoit yoki imkoniyat yo'q. Shuningdek, tijorat banklari cheklangan soatlarda xizmat ko'rsatadi. Soat 16:00 da kassalar yopiladi, shanba va yakshanba kunlari esa mutlaqo ishlamaydi. Bu ham mijozlar uchun anchagina noqulay sanaladi.
Bankomatlar esa naqd pul orqali karta balansini to'ldirish uchun foiz oladi. Bundan tashqari, kuzatuvlarga ko'ra, bankomatlarda naqd pul kirim qilishga har doim ham imkoniyat yo'q. Ularning aksariyatida bu funktsiya texnik sabablarga ko'ra ishlamaydi. Shuningdek, ko'pgina bankomatlarda cash in (pul kirim funktsiyasi) ham yo'q.
Turli to'lov tashkilotlari, kompaniyalar bankomatlari orqali naqd pulni kartaga tashlash foizlari haqida gapirmasa ham bo'ladi. Masalan, Paynet bankomati orqali bank kartalarini to'ldirishda 3 foizlik xizmat haqqi mavjud. Ilova orqali Paynet onlayn kartasini ochib, bepul pul tashlasa bo'ladi, ammo onlayn kartadagi pulni boshqa joyga o'tkazish uchun yana 0,9 foiz xizmat haqqi to'lashga majbursiz. Ammo mazkur kompaniyaning ustun tomonlari ham bor. Ushbu bankomatlar ko'p joylarda o'rnatilgan va tunu-kun ishlab turadi. Shu sababdan yumushi o'ta zarur bo'lgan yoki bank xizmatlarini haminqadar tushunadigan kishilar 3 foizgacha pulidan voz kechib, ishini bitirishga majbur bo'lmoqda. Misol uchun, bir o'quvchimiz, kartasiga 589 ming so'm pul tashlash uchun 607 ming so'm sarflagan, ya'ni orada qariyb 18 ming so'm mablag' shunchaki xizmat haqqi sabab havoga uchib ketmoqda (bu pulga 2 kilogramm guruch sotib olish mumkin).
Yana bir o'quvchimiz fikrini yozdi: yaqinda tugatilgan banklardan biridan olingan kreditni shu ilova yoki paynet shoxobchalari orqali to'lasa bo'larkan, ammo buning 2 foizgacha xizmat haqqi olinyapti (bank ilovasi faoliyat to'xtatilgan). Masalan, siz oylik grafik bo'yicha 500 ming so'm emas, 510 ming so'm to'lashga majbursiz. Qiziq, nahotki olingan qarzning o'z foizi ustiga yana uni to'laganlik uchunam foiz to'lansa, bu nima degan gap?!
Evropa yoki boshqa hududlarni gapirmaymiz, bizga yaqinroq bo'lgan Rossiya yoki Qozog'istonda kartalarni naqd pulda komissiyasiz to'ldirishning usullari anchagina keng ekan. Masalan, Qozog'istonda bankomatlar orqali 500 ming tenge (taqriban ming AQSh dollari)ni komissiyasiz ravishda kartaga tushirib olish mumkin. Qo'shnilarda nafaqat kartani to'ldirish, balki naqd pul yechib olishda ham yengilliklar ko'p ekan. Masalan qozoq Halyk Banki kartasi orqali ularning bankomatlaridan 1 mln tengegecha (2 ming AQSh dollari ekvivalentida) foizsiz pul yechib olish mumkin. O'zbekistonda esa bank kartasini to'ldirish yoki pul yechib olishda foizini qoplab beradigan barmoq bilan sanarli banklar mavjud ekan, xolos (masalan TBS bank o'z mijozlari shunday xizmatlari yo'lga qo'ygan).
Menimcha, bizning banklarda haliyam mijozlarni asosan naqd pul bilan ta'minlash masalasi ustuvor sifatida ko'riladi. Shu sababdan, kartasini naqdda to'ldirmoqchi bo'lganlar turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Bugun kartadan kartaga pul o'tkazishda foizsiz o'tkazmalar ommalashdi. Bu albatta mijozlar xizmatlardan ko'proq foydalanishiga xizmat qiladi. Nima sababdan kartani to'ldirishda ham (bankomatlar va boshqa qurilmalar orqali) shunday yengilliklar yaratilmayapti? Ayniqsa viloyatlardan Toshkentga yoki poytaxtdan viloyatlarda pul jo'natishga ko'pchilik naqd so'm yoki AQSh dollaridan foydalanyapti, yo'lovchi taksilarga iltimos qilishga, ularga “pochta” uchun xizmat haqqi to'lashga majbur bo'lyapti. Buning o'rniga bank kartalari va elektron pulni ommalashtirish tijorat banklarining o'ziga ham foydali emasmi?
Shu o'rinda bu masalada Markaziy bankka ham murojaat qilamiz: nima sababdan moliya tashkilotlari kartani to'ldirishda noqulay tarzda foizlar qo'ymoqda, buni nimaga asoslanib qo'yishmoqda? Nega regulyator katta foiz qo'yayotgan tashkilotlarni insofga chaqirib, ularga chora ko'rmayapti?
To'g'ri, bugun biz bozor iqtisodiyotida yashayapmiz. Hamma foyda ko'rishga, biznesi rivojlanishiga intiladi. Biz yuqorida tanqid qilganlarning ham salmoqli xarajatlari borligini tushunamiz. Ammo baribir xalqqa insof bilan yengillik qilib berilsa, qaytanga to'lov tizimlari va bank xizmatlari yanada ommalashib, zararlarni qoplab, foydaga chiqishi mumkin-ku. Markaziy bank mazkur masalada yaxshigina o'rganish o'tkazib, vaziyatni tartibga solsa ma'qul ish bo'lardi deb o'ylaymiz.
Bundan tashqari, hayotimizdagi katta reallikka aylanib borayotgan kredit sirtmog'i mavzusini ham ko'tarishga jazm etganmiz. Tez orada kuting!
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0