Inqirozlar davri va O'zbekiston tashqi siyosatining yangi mantig'i
Bugun, hatto, ayrim professional diplomatlar ham BMTni o'ta katta, juda qimmat, ammo samaradorligi past tuzilma, deb baholamoqda. Haqiqatan ham, BMT dasturlari yiliga taxminan 66-68 milliard dollar talab qiladi. Faqat Kotibiyatning o'rtacha yillik byudjeti 8,83 milliard dollarga teng. Biroq insoniyat oldida turgan asosiy muammolarni hal etishda uning ta'siri deyarli sezilmayapti.
Dunyo taqdiri tobora tashvishli tus olayotgan zamonda yashayapmiz. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2025 yil 23 sentyabr' kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida «Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o'rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda», degan edi.
Shu bois hozirgi xalqaro vaziyatda dunyodagi keskin inqiroz omillari, ko'rinishlari va oqibatlarini tahlil qilish nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Global rivojlanishning bugungi bosqichida O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari, tamoyillari va amal qilish mexanizmlarini aniqlashtirib olish diplomatiyamiz va ekspertlar hamjamiyati oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
So'nggi paytlarda ekspertlar tilidan «polycrisis», ya'ni ko'p inqirozli holat degan yangi atama tushmayapti. Bu bir vaqtning o'zida bir nechta og'ir va o'zaro bog'liq inqirozlar deganidir.
Darhaqiqat, bugun insoniyat geosiyosiy ziddiyatlar, qonli urushlar, iqtisodiy parchalanish, atrof-muhitning keskin yomonlashuvi, qochoqlar oqimi, noqonuniy migratsiya bosimi va pandemiya kabi o'ta og'ir muammolarga duch kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda beqarorlik, o'zaro ishonchsizlik, yetakchi kuch markazlari o'rtasidagi qarama-qarshilik tobora kuchayib bormoqda. Eng xavflisi, davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatishga moyillik ortayotganidir.
2025 yilda global harbiy xarajatlar 2,63 trillion AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan 997 milliard dollari AQSh hissasiga to'g'ri keladi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham harbiy xarajatlarni keskin ko'paytirib, ularning hajmini 452 milliard dollarga yetkazdi. Boshqa yirik davlatlar ham qurollanishga yo'naltirilayotgan mablag'larni muttasil oshirmoqda. Bu «sovuq urush» tugaganidan so'ng kuzatilgan eng keskin o'sish bo'ldi. Ushbu tendentsiya so'nggi o'n yil davomida uzluksiz davom etib kelmoqda.
Ayni paytda dunyoda 839 million kishi o'ta qashshoqlikda yashaydi. Taxminan 318 million kishi doimiy uy-joyga ega emas. Qariyb 2,8 milliard kishida, ya'ni insoniyatning uchdan bir qismidan ortig'ida munosib uy-joy sharoiti ham yo'q.
Barcha sohalarda raqobat kuchaygan. Qolaversa, turmush darajasidagi tengsizlik va tafovut ham tobora ortib boryapti. Transmilliy tahdidlarning tinchlik va barqarorlikka ta'sirini yaqqolroq seza boshladik. Ekologik tanazzul va Yer sayyorasidagi atrof-muhit muammolari global barqaror rivojlanish istiqbollariga putur yetkazib, hozirgi va kelajak avlodlar taqdiriga jiddiy tahdid solyapti.
Davomli qonli urushlar, misli ko'rilmagan iqtisodiy sanktsiyalar, xalqaro savdo to'siqlari, ommaviy qochoqlar oqimi va majburiy migratsiya kabi inqirozlarning oxiri ko'rinmayapti. Menimcha, bularning barchasi chuqur global inqirozning turli ko'rinishlaridir, xolos. Ularning ildizi bir: xalqaro munosabatlarning avvalgi arxitekturasi yemirilmoqda va jahon siyosati hali aniq shakllanib ulgurmagan yangi modelga o'tish bosqichida turibdi. Boshqacha aytganda, bugungi urush va mojarolar Ikkinchi jahon urushidan keyin vujudga kelgan xalqaro tizim, qoidalar, institutlar va me'yorlar yemirilishi bilan bog'liq yanada kengroq inqiroz alomatlaridir.
Jahon siyosatida puxta o'ylangan islohotlar o'rniga yillar davomida shakllangan institutlar, ittifoqlar va me'yorlarni pisand qilmaslik ruhi kuchayib boryapti. Eng achinarlisi, ko'p hollarda buzib tashlanayotgan eski tizim o'rnida nimalar paydo bo'lishi haqida aniq javob yo'q.
Bunday achinarli vaziyatni so'nggi yillarda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan urinishlar «korporativ boshqaruv» tamoyillarini davlat tizimiga olib kirgani, biznes elitalari hukumat tuzilmalariga jalb qilingani bilan izohlash mumkin. Bu Jozef Shumpeterning «bunyodkorona vayron qilish» nazariyasining boshqaruv psixologiyasiga kirib kelishiga ham zamin yaratdi.
Global xavfsizlik arxitekturasi va xalqaro iqtisodiyotdagi keskinliklar AQShning hozirgi ma'muriyati Oq uyga kelgach, yanada kuchaydi. Ma'lumki, o'nlab yillar davomida AQSh urushdan keyingi xalqaro munosabatlar tizimini qurishda yetakchi mavqe egallab kelgan edi. Bu tizim ko'p tomonlama xalqaro institutlar va xalqaro huquqni mustahkamlash, ochiq iqtisodiy tizim va erkin xalqaro savdoni rivojlantirish, liberal-demokratik qadriyatlar hamda inson huquqlarini himoya qilish kabi uch asosiy maqsadga tayanardi.
2026 yili Myunxenda bo'lib o'tgan xavfsizlik konferentsiyasida global xavfsizlik arxitekturasi «vayron qilinayotgani» alohida ta'kidlandi. Hisobotlarga ko'ra, tizimni batamom qayta qurish tobora samarali yondashuv sifatida qabul qilinmoqda, xalqaro institutlar esa haddan tashqari byurokratik va o'zgarishga moslasha olmaydigan tuzilmalar, deb baholanmoqda.
Aytish kerakki, bu yondashuv o'z-o'zidan paydo bo'lib qolgani yo'q. U ayrim shaxslarning sub'ektiv fikri ham emas. «Dunyoni qayta qurish» haqidagi qarashlar davlatchilik institutlari va xalqaro tashkilotlarga nisbatan keng jamoatchilik orasida kuchayib borayotgan ishonchsizlik va norozilikka asoslanadi. Ko'plab mamlakatlarda 1945 yildan so'ng o'rnatilgan dunyo tartibining asosiy tamoyillariga nisbatan salbiy munosabat kuchaymoqda. Ushbu tartibning zamonaviy voqelikka moslasha olishiga shubhalar ham ortib bormoqda.
BMT faoliyatiga berilayotgan baholarda ana shu kayfiyat yaqqol aks etib turibdi. To'g'ri, BMT hali ham global darajada e'tirof etilgan yagona universal maydon sifatida ko'rilyapti. Lekin tashkilot haddan tashqari byurokratik, qaror qabul qilishda sust va zamonaviy geosiyosiy voqelikni yetarli darajada aks ettira olmaydi, degan tanqidlar kuchaygan. BMT tashkil etilgan davrda insoniyat uni bahs-munozara maydoni emas, balki dunyo miqyosidagi boshqaruv mexanizmi yoki kamida jahon parlamenti sifatida tasavvur qilgan edi. Ammo vaqt o'tishi bilan bu umidlar puchga chiqdi.
Bugun, hatto, ayrim professional diplomatlar ham BMTni o'ta katta, juda qimmat, ammo samaradorligi past tuzilma, deb baholamoqda. Haqiqatan ham, BMT dasturlari yiliga taxminan 66-68 milliard dollar talab qiladi. Faqat Kotibiyatning o'rtacha yillik byudjeti 8,83 milliard dollarga teng. Biroq insoniyat oldida turgan asosiy muammolarni hal etishda uning ta'siri deyarli sezilmayapti.
Bundan tashqari, tashkilot hozirgi dunyo muvozanatini to'liq aks ettirmaydi. Masalan, Yaponiya AQShdan keyin BMT byudjetiga eng katta hissa qo'shayotgan davlatlardan biri bo'lib, qariyb 10 foizni ta'minlaydi, lekin Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi emas. Germaniya ham shunday. U ham katta mablag' qo'shadi, ammo Kengashda doimiy a'zolikka ega emas. Dunyoda aholisi eng ko'p bo'lgan Hindiston Xavfsizlik Kengashi a'zolari sonini oshirish g'oyasini ilgari surmoqda.
Natijada ko'p tomonlama diplomatiya samaradorligiga bo'lgan ishonch borgan sari kamaymoqda. Ayrim yetakchi tahlilchilar kelajakdagi tartib institutlarga emas, rahbarlar o'rtasidagi shaxsiy kelishuvlarga tayanadi, degan fikrda. So'nggi paytlarda xalqaro siyosatning tobora shaxsiylashib borayotgani, kelishuvlar esa ko'proq vaziyatga qarab tuzilayotganini ko'ryapmiz. Dunyo kuchli rahbarlar o'rtasidagi tezkor kelishuvlar orqali shakllanadigan model' sari yuzlanmoqda. Bu esa xavfsizlik qonun ustuvorligi bir chetda qolib, kuchli ishtirokchilarning shaxsiy yondashuviga bog'liq bo'ladigan tizimga qaytayotganini anglatadi. Bunday jarayon xalqaro muhitni yanada o'zgaruvchan, oldindan bashorat qilish qiyin va tengsiz qilib qo'yishi shubhasiz.
Parchalanish zamonaviy dunyoning yana bir kuchli tendentsiyasidir. Yevropaning yetakchi siyosatchilari fikricha, hozirgi jarayon transatlantik birlikning yemirilishiga olib kelmoqda. Yevropa AQSh bilan avvalgi strategik ittifoqqa to'liq tayana olmaydigan davrga kirib bormoqda va mustaqil siyosat yuritishga majbur bo'lmoqda. «NATO 3.0» kontseptsiyasi, ya'ni AQShning faol yetakchiligisiz al'yans haqidagi g'oya shu yangi sharoitga institutsional javob sifatida ko'rilmoqda.
Ko'p yillik ittifoqlar zaiflashayotgani Grenlandiya atrofidagi inqirozda, ayniqsa, Erondagi urush paytida yanada yaqqol ko'zga tashlanib qoldi.
Bu esa dunyoda o'zaro bog'liqlik kamaymagan bo'lsa-da, ishonch va o'zaro tushunish ancha susaydi, degan xulosaga yetaklaydi. Bu – juda xavfli holat.
Yana bir muhim xulosa shuki, hozirgi jarayonlar Ikkinchi jahon urushidan so'ng vujudga kelgan xalqaro munosabatlar tizimi davri tugab borayotganini ko'rsatadi. Dunyo uzoq davom etadigan o'tish davriga kirmoqda. Bu davrda global xavfsizlik, iqtisodiy o'zaro bog'liqlik va texnologik boshqaruvning yangi arxitekturasi asta-sekin shakllanadi. Muammo shundaki, mazkur jarayon kelishuvlarsiz, qonun-qoidalarsiz hamda kuchli qarama-qarshiliklar bilan kechmoqda.
Qarshimizda esa xalqaro munosabatlarning yangi paradigmasini shakllantiradigan g'oyat uzoq va mushkul jarayon turibdi.
Markaziy Osiyo dunyodan uzilib qolmagan. Shuning uchun global inqirozlar bu yerdagi barqaror rivojlanishga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi shubhasiz. Bundan tashqari, jahon siyosatidagi inqiroz Markaziy Osiyo mamlakatlari modernizatsiyasi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti istiqbollariga ham bevosita ta'sir ko'rsatadi. Geosiyosiy va iqtisodiy raqobatning kuchayishi inson taraqqiyoti, atrof-muhit, energiya xavfsizligi, oziq-ovqat ta'minoti, suv resurslarini boshqarish, sog'liqni saqlash hamda transport aloqalari kabi sohalardagi imkoniyatlarni cheklayapti.
Shu bilan birga, bugungi Markaziy Osiyoga nazar tashlasak, dunyodagi umumiy manzaradan farq qiluvchi holatning guvohiga aylanamiz. Global ko'p tomonlama hamkorlik zaiflashayotgan bir paytda, mintaqamizda amaliy hamkorlik va mushtarak bunyodkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan mintaqaviy yondashuvning mazmuni oddiy: devor emas, ko'prik qurish kerak. Hech bir mamlakat o'z tabiiy boyliklaridan yakka holda to'liq foydalana olmaydi. Bu qo'shnilar bilan hamkorlikni talab etadi. Shuningdek, transmilliy tahdidlar, transport bog'liqligi, ekologiya, energetika kabi muammolar ham faqat ko'p tomonlama hamkorlik orqali hal etiladi. Parchalanib borayotgan dunyoda mintaqa ko'p tomonlama hamkorlikning yangi drayveriga aylanishi zarur.
Globallashuv dunyo taraqqiyotining asosiy tendentsiyasi bo'lib qolmoqda. Ayrimlar aytayotgan antiglobalizatsiyani tasavvur qilish ancha qiyin. Shunki xalqaro savdoni, mehnat taqsimotini, xalqaro migratsiyani yoki axborot oqimini to'xtatib bo'lmaydi. Shu keng tendentsiya doirasida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish tabiiy jarayon hisoblanadi. Buning birinchi qadami esa mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashdir. Mintaqalashuv globallashuvning tabiiy qismi bo'lib, bu jarayonning ortga qaytmas tus olayotganini ko'rsatadi.
Mintaqaviy hamkorlikning ilk sharti – aniq maqsad va seziladigan foyda. Bu chinakam va ixtiyoriy hamkorlik asosidir.
Ikkinchi shart shuki, davlatlar o'z vakolatlarining ma'lum qismini mintaqaviy tuzilmalarga berishga tayyor bo'lishi kerak. Bu oson emas, lekin boshqa yo'li ham yo'q.
Uchinchi muhim omil davlatlar, jamiyatlar va iqtisodiy tizimlar o'rtasidagi umumiy tamoyillar va qadriyatlardir. Markaziy Osiyoda asta-sekin yangi «mintaqaviy o'zlik» shakllanmoqda. Bu esa hamkorlikning muhim poydevoridir.
O'zbekiston uchun Markaziy Osiyoning so'nggi yillardagi rivoji mustaqil, ko'p yo'nalishli va faol tashqi siyosat naqadar dolzarb ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Bugun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash nafat siyosiy maqsad, balki strategik zarurat hamdir. So'nggi sakkiz yil ichida Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,5 baravar o'sib, 520 milliard dollarga yetdi. Mintaqada sanoat o'sishi yiliga o'rtacha 6 foizni tashkil etmoqda. Bu jahon o'rtacha ko'rsatkichidan ikki baravar yuqori. Tashqi savdo hajmi ikki baravardan ko'proq oshdi, o'zaro savdo ham shunchaga yaqin ko'paydi. O'zbekistonning mintaqa davlatlari bilan savdo aylanmasi esa uch baravarga o'sdi.
2025 yil noyabr' oyida Toshkentda bo'lib o'tgan yettinchi maslahat uchrashuvida Ozarbayjonni ushbu formatda to'liq ishtirokchi sifatida qabul qilish to'g'risida qaror qabul qilindi. Bu chinakam yangi geosiyosiy burilish nuqtasi bo'ldi. Mintaqa uchun Ozarbayjon Kaspiy orqali Yevropa va Yaqin Sharqqa chiqish, logistika va energetika nuqtai nazaridan muhim darvoza hisoblanadi.
So'nggi ikki yil ichida O'zbekiston Qozog'iston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini yo'lga qo'ydi. Bu mutlaqo yangi geosiyosiy voqelikni shakllantirdi. Bokuda O'zbekiston, Qozog'iston va Ozarbayjon prezidentlari ishtirokida o'tgan birinchi sammit mustahkam geostrategik uchburchak shakllanayotganini ko'rsatdi.
O'zgarib borayotgan bu manzarada O'zbekiston, Qozog'iston va Ozarbayjon «o'rta quvvatli davlatlar» sifatida tilga olina boshladi.
So'nggi yillarda C5+1 formati – Markaziy Osiyo davlatlari bilan dunyoning yetakchi kuch markazlari qo'shma muloqoti ancha faollashdi.
2025 yil aprel' oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti bo'lib o'tdi. Iyun' oyida Ostonada ikkinchi Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti doirasida «abadiy yaxshi qo'shnichilik» shartnomasi imzolandi. Oktyabr' oyida Dushanbeda Rossiya – Markaziy Osiyo ikkinchi sammiti bo'lib o'tdi. Noyabr' oyida vashingtonda C5+1 formatida Markaziy Osiyo – AQSh sammiti, dekabr' oyida esa Tokioda Yaponiya – Markaziy Osiyo oliy muloqoti tashkil etildi.
Ilgari ushbu formatlarda ko'proq umumiy siyosiy bayonotlar yangragan bo'lsa, endilikda amaliy loyihalar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, qo'shma dasturlarni amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish andozalari shakllana boshladi. Sammitlar kun tartibi ham ancha kengaydi.
Shulardan biri – nodir minerallar masalasi. Markaziy Osiyo bu sohada katta imkoniyatga ega. Ammo mintaqa sanoati rivojlangan davlatlar uchun faqat xomashyo manbai bo'lib qolmasligi kerak, degan andisha ham bor. Qo'shma loyihalar geologik qidiruvdan tortib qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot chiqarishgacha bo'lgan to'liq zanjirni qamrab olishi lozim. Ana shundagina qo'shimcha qiymat mintaqaning o'zida yaratiladi.
Energetika ham muhim yo'nalishdan biri. Bu yerda asosiy maqsad – energiya muvozanatini diversifikatsiya qilish va an'anaviy manbalardan unumliroq foydalanish. «Tinch atom» va uran mavzusi ham juda katta ahamiyatga ega. Shunki Qozog'iston va O'zbekiston birgalikda global uran ishlab chiqarishda yetakchi o'rinlarda turadi.
Bog'liqlik masalasi ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bugun «O'rta yo'lak» barqarorlikni ta'minlash, ta'minot zanjirlari suverenitetini mustahkamlash va iqtisodiyotimizni turli tashqi bosimlar sharoitida ham ochiq saqlab qolish masalasiga aylandi.
«O'rta yo'lak» Osiyo va Yevropa o'rtasidagi muhim ko'prikka aylanishi kerak. Buning uchun mavjud to'siqlarni bartaraf etish lozim. Masalan, Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi jiddiy muammoga aylanib boryapti. Kemalar sig'imining to'liq ishlatilmayotgani, portlarda kutish muddati uzaygani, harakatlanuvchi tarkib va paromlar yetishmasligi, ayrim temir yo'l qismlarida sig'imning cheklangani va muvofiqlashtirishdagi kamchiliklar bu yo'nalish imkoniyatlaridan to'liq foydalanish imkonini bermayapti.
ETTB hisob-kitoblariga ko'ra,Transkaspiy yo'nalishini modernizatsiya qilish uchun taxminan 18,5 milliard yevro kerak bo'ladi. Lekin bu sarmoyalar besamar ketmaydi. So'nggi o'n yilda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi savdo hajmi 25 milliard evrodan 56 milliard evrogacha o'sdi.
Xavfsizlik ham tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Xorijiy sheriklar va mintaqa davlatlari o'rtasida terrorizmga qarshi kurash, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik va tinchlikka tahdid soluvchi boshqa transmilliy xavflarga qarshi hamkorlik faollashmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo'lgan Afg'oniston ham xavfsizlik, ham bog'liqlik omili ekanini unutmasligimiz kerak. Trans-afg'on yo'nalishlari mintaqa uchun aholisi qariyb 2 milliard bo'lgan Janubiy Osiyo va Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradi.
Qo'shma Shtatlar Prezidenti Donal'd Tramp O'zbekiston Prezidentini 2026 yil Mayamida bo'lib o'tadigan G20 sammitiga taklif qilgani ham jahon hamjamiyatining mintaqa haqidagi tasavvuri keskin o'zgarganini ko'rsatmoqda.
Xo'sh, nima uchun Markaziy Osiyo yetakchi davlatlar e'tiborini jalb qilmoqda, deb o'ylaysiz? Shunki zamonaviy dunyoga uch narsa – rivojlanishni bashorat qila olish, o'zaro bog'liqlik va kelajak resurslari yetishmayapti. Markaziy Osiyoda esa shularning uchalasi ham bor.
Ayrimlar buni mintaqada hukmronlik qilish uchun yangi «Katta o'yin» deb baholayapti. Balki shundaydir. Lekin buni Kipling davridagi o'yin bilan aslo qiyoslab bo'lmaydi. O'shanda mintaqa passiv ob'ekt edi. Bugun Markaziy Osiyo, ayniqsa, O'zbekiston, o'z taraqqiyot dasturi va milliy manfaatlarini chuqur anglagan faol sub'ektga aylanmoqda.
O'zbekiston mintaqaviy siyosatining eng muhim natijasi shundaki, strategik noaniqlik o'rnini strategik bog'liqlik egallamoqda. Ishonch ortmoqda, qo'shma formatlar kengaymoqda, amaliy loyihalar ko'paymoqda. Bu, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, «Markaziy Osiyo hamjamiyati» tobora shakllanib borayotganining belgisidir.
Dunyo inqirozi va Yangi O'zbekiston erishgan yangi xalqaro maqom mamlakat diplomatiyasini yangi yondashuvlar asosida kuchaytirishni talab etmoqda.
O'zbekiston uchun global beqarorlik bir vaqtning o'zida ham xatar, ham imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayni paytda ishonchli sherik sifatida harakat qila oladigan, mintaqalarni bog'laydigan va amaliy hamkorlik maydoni bo'la oladigan davlatlarning strategik ahamiyati ortib borayotgani ayni haqiqat.
Shunday bir sharoitda O'zbekistonning ko'p yo'nalishli tashqi siyosati muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Turli siyosiy va iqtisodiy markazlar bilan aloqalarni diversifikatsiya qilish orqali mamlakat tashqi qaramlikni kamaytirishi, xatarlarni zararsizlantirishi mumkin.
O'zbekistonga ko'plab yuqori darajadagi mehmonlar tashrif buyurmoqda. Bu shunchaki «diplomatik turizm» emas. Bu O'zbekiston imkoniyatlar makoni o'laroq qabul qilinayotganidan dalolat beradi. Investorlar va davlat rahbarlari uchun eng muhim talab qoidalar barqarorligi va aniq strategiyadir. O'zbekiston esa dunyo bilan sanoat, logistika, energetika, ta'lim va texnologiyalar tilida gaplashishni o'rgandi.
Ko'p vektorli siyosat – bugungi sharoitda eng to'g'ri yo'l. Shunki dunyoning o'zi ko'p qutbli tus oldi. Barcha umidni bitta sherikka bog'lash bitta ustun ustiga uy qurishga o'xshaydi. Ko'p vektorli siyosat suverenitetni saqlash usulidir. Agar aql bilan harakat qilinsa, investorlar, texnologiyalar va bozorlar o'rtasidagi raqobat mamlakatimiz manfaatiga xizmat qiladi.
Shu bois O'zbekiston tashqi siyosiy faoliyatini xalqaro vaziyat va mamlakatning mintaqaviy kuch sifatidagi yangi maqomiga moslashtirish zarurati tug'ildi.
2016 yildan buyon tashqi siyosatni yangilash bo'yicha katta ishlar amalga oshirildi. Shu davrda O'zbekiston tashqi siyosatining yangi uslubi shakllandi. Bu uslub tashabbuskorlik, o'z qadr-qimmatini anglash va puxtalik bilan ajralib turadi. O'zbekiston tashqi siyosatining ta'siri ortib borayotgani Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga, BMTda muhim tashabbuslar ilgari surilishiga, Afg'oniston bo'yicha xalqaro hamkorlik faollashishiga olib keldi. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda.
Taraqqiyot har doim mavjud ziddiyatlarni yechish orqali ta'minlanadi. O'zbek diplomatiyasi uchun asosiy murakkablik shundaki, zamon talablari, vazifalar va miqyos tez sur'atda o'smoqda. Bu esa kadrlar salohiyati oshishidan ham tezroq kechyapti. Kuchli diplomatiya kuchli kadrlar va kuchli tahliliy salohiyatdan boshlanadi.
Shu sabab kadrlar siyosatida tahlil, raqamli ko'nikmalar, ma'lumotlar bilan ishlash va sun'iy intellektdan foydalanish qobiliyati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi avlod diplomatlari til bilishi, iqtisodni tushunishi, raqamli savodxonlikka ega bo'lishi va muzokara olib borish mahoratini puxta o'zlashtirishi shart.
Ikkinchi muhim muammo – bir vaqtning o'zida bir-biri bilan keskin ziddiyatga kirishgan davlatlar bilan hamkorlikni saqlay bilish. Bu diplomatiyaning eng yuqori mahoratini talab qiladi. Bunda xalqaro huquqqa hurmat, aralashmaslik tamoyiliga amal qilish, logistika, energetika, ta'lim va mafkuraviy qarama-qarshilik kam bo'lgan boshqa sohalarda muloqot kanallarini ochiq saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari 2026 yil yanvar' oyida diplomatlar bilan uchrashuvda bir qator vazifalarni belgilab berdi. U iqtisodiy diplomatiya elchilar faoliyati samaradorligini baholashda asosiy mezon bo'lishini alohida ta'kidladi. Diplomatik missiyalar investitsiya va texnologiya jalb qilishga, yangi eksport bozorlarini ochishga ko'maklashishi kerak. Shuningdek, sayyohlar oqimini ko'paytirish va qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratish ham ularning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Bugun jamiyat taraqqiyoti har qachongidan ham ko'proq inson kapitaliga bog'liq. Shu bois eng ilg'or xorijiy universitetlarni O'zbekiston universitetlari bilan hamkorlikka jalb qilish diplomatik missiyalarning ustuvor vazifalaridan biri qilib belgilandi.
O'zbekiston diplomatiyasining asosiy vazifasi shu murakkab dunyoda taraqqiyot va barqarorlik oroli bo'lish, Markaziy Osiyo hamjamiyatini mustahkamlashdir.
Sodiq SAFOEv,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o'rinbosari
Manba: "Ishonch" gazetasining 2026 yil 9 apreldagi 42-soni.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0