Maktab darsliklari uchun ijara pullari 3 yildan so'ng qayta tiklanyapti
“Darsliklarning to'liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas'uliyati pasayib ketishiga va darsliklarga nisbatan e'tiborsiz munosabatda bo'lishiga olib kelyapti”, – deyiladi Hujjatda.
2025 yil uchun mo'ljallangan Byudjetnomaga ko'ra, 2025-2026 o'quv yilidan 2–11 sinflarda bir to'plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to'lovi undirish tizimi qayta yo'lga qo'yiladi.
Hujjatda ushbu tartib “umumta'lim maktablarini darsliklar bilan ta'minlashda ota-onalar ishtirokini oshirish” maqsadida joriy qilinayotgani aytiladi.
Qayd etilishicha, darsliklarning ijara narxi 80 ming so'm (bir to'plam tan narxining 16-18 foizi) etib belgilanadi. Ushbu to'lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so'm mablag'lar esa har yili o'quvchilarni mashq daftarlari bilan ta'minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo'naltiriladi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to'liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas'uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e'tiborsiz munosabatda bo'lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, – deyiladi Hujjat matnida.
Ma'lumot uchun, 2025-yilda umumiy o'rta ta'lim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bog'liq xarajatlar – 1,3 trln so'm etib belgilangan.
Eslatib o'tamiz, 2022-2023 o'quv yilidan boshlab Prezidentning PF-79-sonli Farmoni bilan maktab darsliklarining ijara to'lovi to'liq Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplash hamda o'quvchilarga darsliklarni bepul foydalanishga berish tizimi joriy qilingan edi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0