Metroda to‘lovga cheklov: bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga(mi)?
Bugun metroga tushib o‘zim uchun noqulay bo‘lgan “yangilik”ni kashf etdim: bitta bank kartasidan ketma-ket faqat besh martagacha bilet uchun pul to‘lash mumkin ekan. Gap shundaki, metroda sayyohlarni ko‘rdim.
Taxminan 20-25 kishi hayron bo‘lib turishibdi. O‘zlari to‘lay olishmadi, gid naqd bilan to‘lash uchun bankomatga ketdi. Odatda sayyoh-mehmonlarga yordam bergim keladi. Kichik ko‘magim tegsin, deb hammasini chaqirdim va birin-ketin kartamda to‘lab, turniketdan o‘tkaza boshladim. O‘zim uchun ishlatganimdan so‘ng to‘rt kishidan keyin yashil o‘rnida qizil rang ko‘rindi. “Balki turniket ishlamagandir” deb boshqasiga to‘ladim. Uyam ishlamadi, natijada xodimdan so‘radim. “Besh kishiga to‘lov qilgan bo‘lsangiz kartangiz endi bloklanadi. Yarim soatgacha ishlamaydi”, dedi u. Hayratlandim. Sayyohlar ham qolaverishdi. Indamay ketdim…
Endi tasavvur qilaylik, biz etti kishilik oilamiz. Besh kishiga to‘lasam, bu tizimga ko‘ra qolgan ikki bolam qolib ketishi mumkin ekan. Yoki ota-ona va qarindoshlar bilan aylanishga chiqsangiz va faqat bittagina bank kartasi bo‘lsa... Ayniqsa o‘zbek xalqi yor-birodarlar bilan yurishni, qarindoshlar bilan muloqotni xush ko‘radi. Shunday vaziyatda metropoliten yoki avtobusda noqulay ahvolga tushib qolish mumkin ekan.
Xo‘sh, nega bir necha to‘lovdan so‘ng, bank kartasi orqali operatsiyalar vaqtincha to‘xtatilib qo‘yiladi? Maʼlumotlarga ko‘ra, bu xavfsizlik va firibgarlikning oldini olish uchun ekan: agar kartangiz o‘g‘irlansa yoki tushirib qoldirsangiz, kimdir undan foydalanib butun boshli “armiya”ni metroga o‘tkazib yubormasligi uchun limit qo‘yilarkan.
To‘lov tizimidagi kechikish (Offline vs Online): metro turniketlarida tranzaktsiyalar juda tez amalga oshishi kerak. Baʼzida tizim pulni darhol echib olmay, maʼlumotni keyinroq bankka yuboradi. Bir kartadan ketma-ket cheksiz to‘lov qilish tizimda “qarzdorlik” xavfini tug‘diradi.
Mayli ushbu sabablarda biroz bo‘lsada jon bordir. Ammo xavfsizlik qoidalarini deb, oddiy jamoat transportida yurishni bunchalik qiyinlashtirish nega kerak? Masalan, ketma-ket to‘lovni 4-5 martagina emas, 10-15 martagacha uzaytirsa bo‘ladi. Chunki hayotda har qanday vaziyat bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari metro xorijiy sayyohlar va viloyatdan kelgan mehmonlar uchun tomoshabop joy. Ular odatda 15-20 kishilik guruh bo‘lib yuradi. Demak, karta orqali to‘lovdagi cheklovdan aynan ular ko‘proq jabr chekmoqda.
Davlatimizda so‘nggi yillarda xususiy avtomobilda harakatni cheklab, jamoat transportini ommalashtirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda. Hatto amaldorlarni ham bunga o‘rgatish maqsadida “Avtomobilsiz kun” kabi tadbirlar o‘tkazilyapti. Shunday holatda bank kartasi orqali to‘lovda cheklov o‘rnatib qo‘yish g‘alati emasmi? “Raqamlashtirish” deyildi, to‘layapmiz. “Karta ishlating” deyildi, ishlatyapmiz. Lekin bor-yo‘g‘i 4-5 marta to‘lov qilish bo‘yicha cheklovni qanday tushunish mumkin? Karta meniki, uning ichidagi mablag‘i meniki. Bir kunda hattoki 30-40 martalab metro yoki avtobusga chiqishim mumkin. Istaganimga to‘lay olmasam, o‘zimga tegishli mablag‘ni qulay boshqara olmasam, huquqlarim cheklanmaydimi?!
Ushbu maqolani yozar ekanmiz, jamoat transportida to‘lovga masʼul bo‘lgan ATTO tizimi vakili Davron Shoyoqubov ijtimoiy tarmoqda bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha tushuntirish berishga urindi. Uning aytishicha, sayyohlar uchun Visa, Mastercard, Union Pay kabi xalqaro kartalaridan to‘lov qilish imkoniyati deyarli ATTO tizimi yaratilgandan beri mavjud. Bank kartalari orqali bir vaqtni o‘zida 5 marotabagacha (!) to‘lov qilish mumkin: bundan keyin kartalarda muayyan vaqt to‘lovlar chegaralanadi. Xar bir bekatda bir marotabalik chiptalar xarid qilish uchun o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish uskanalari o‘rnatilgan. Shoyoqubovga ko‘ra, “karta orqali bir paytning o‘zida 25 kishiga to‘lov qilib bo‘lmasligini huquq buzilishi deb atash qiyin”. Shuningdek, ATTO vakiliga ko‘ra, kartadan to‘lov qilishni iloji bo‘lmay qolsa, naqd pul orqali uskunalardan bilet sotib olish mumkin. Shu erda savol tug‘iladi: o‘zi hammasi dastlab naqd to‘lovdan voz kechish va to‘liq karta orqali to‘lash tizimiga o‘tish uchun emasmidi?
Bir metro foydalanuvchisi boshqa muammoni ham aytib qoldi. U “Beruniy” bekatidan ikkita qog‘oz chipta xarid qilgan va bittasini ishlatgan. Keyin ikkinchi chiptani “Chilonzor” bekatida qo‘llamoqchi bo‘lgan, ammo chipta o‘tmagan. Xodimlarning tushuntirishicha, chipta faqat o‘zi olingan bekatdagina ishlar ekan. Demak kartasi bo‘lmagan yo‘lovchi har metroga tushganda infokiosk oldida navbat kutishga majbur...
Xullas, metroda jamoaviy yuradiganlar, ayniqsa Toshkentga yangi kelganlar chipta to‘lovi borasida qoqilishlari, muammoga duch kelishlari haqiqatga yaqin. Shu o‘rinda biz masʼullarga nima taklif bera olamiz?
Birinchidan, mayli xavfsizlik bo‘yicha vajlarni tushunamiz, ammo bitta karta orqali ketma-ket to‘lov miqdori kamida 10-15 martagacha oshirilishi kerak. Masalan, 10 marta to‘lov qilinsa, bu 17 ming so‘m bo‘ladi, o‘g‘rilar yoki xakerlar bunday miqdordagi mablag‘ uchun bosh og‘ritib o‘tirmasa kerak.
Ikkinchidan, o‘z qobig‘imizdan chiqib, jahon tajribasiga yuzlanishimiz kerak. O‘n millionlab sayyohlar boradigan Turkiyani olaylik. Misol uchun, Istanbulda bitta İstanbulkart kartasi bilan ketma-ket istalgancha odamni o‘tkazishingiz mumkin. Tizim sizni “firibgar” deb gumon qilmaydi yoki kartangizni bloklamaydi. Kartada mablag‘ bo‘lsa bo‘ldi — navbat bilan bosaverasiz va odamlarni o‘tkazaverasiz. Biroq, bu erda bitta “aqlli” cheklov bor: imtiyoz faqat birinchi yo‘lovchi uchun: Istanbulda transportda “peresadka” (bir transportdan boshqasiga o‘tish) tizimi bor. Masalan, birinchi marta minganingizda 20 lira echsa, ikkinchi transportda 14 lira echadi.
Agar siz bitta kartadan 5 kishini o‘tkazsangiz, tizim faqat birinchi odam uchun chegirma beradi. Qolgan 4 kishi uchun to‘liq narx echiladi. Bu tizimning iqtisodiy jihatdan o‘zini himoya qilish usulidir. Tizim faqatgina ro‘yxatdan o‘tmagan va anonim karta egalari uchun 500 liragacha cheklov qo‘yadi. Agar foydalanuvchi mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tsa, u yanada qulaylashadi.
Xullas, omma uchun bir xizmat yaratilganda darrov uni chegaralash yoki taqiq o‘rnatish emas, barcha uchun qulay va xavfsiz tizim yaratish ustida bosh qotirish kerak. Menimcha, jamoat transportidagi to‘lov qancha qulaylashsa, bu birinchi navbatda davlat va tashkilotning o‘zi uchun foydali bo‘ladi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0