Mubashshir Ahmad Istanbulda hibsga olinib, O'zbekistonga jo'natildi
“Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi, Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov joriy yil 8-may kuni tongda Turk politsiyasi tomonidan Istanbuldagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan. Avvaliga surishtiruvdan so'ng Mubashshir Ahmadning Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o'tkazilgani va u erdan qo'yib yuborilishi aytilgan edi.
Biroq o'tgan 4 kun davomida Immigratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) Mubashshir Ahmadning qaerdaligi, sog'lig'i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma'lumot bermagan.
Bugun, 12-may kuniga kelib esa turkiyalik advokat Ibrohim Ergin Mubashshir Ahmadning O'zbekistonga deportatsiya qilinganini ma'lum qildi.
Advokatga ko'ra, uni 9-may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo'lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnedagi Migratsiya idorasiga jo'natgan.
“Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab o'tilgan va noqonuniy tarzda O'zbekistonga topshirilgan”, – deydi advokat.
Ibrohim Ergin, o'z navbatida, Turkiya xavfsizlik tuzilmalarining ushbu qarorini noqonuniy ekanini aytadi va mamlakatga xavfsizlik istab kelganlarga nisbatan bu vaziyatni yaratganlarni mahkamaga tortishni so'raydi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0