Nega faqat yomonliklarni ko'rsataverasiz?
“Serial ko'rishdan qutulish uchun uyimga WI-FI o'rnatdim”, deb qoldi sobiq hamkasbim. So'ng u seriallarning nimasi ma'qul kelmayotganini izohlay boshladi: “Yuragingiz og'riydi, ishonmasangiz, istagan kanalingizga kiring-da, uzog'i bilan yarim soat kuting, albatta, kimningdir yig'layotganiga, oilaviy fojiasiga guvoh bo'lasiz...”
Darhaqiqat, milliy serial va novellalarimizning asosiy qismi oila mavzusida. Nazarimda, ularda yomonlik haddan ziyod bo'rttirilgan. Bundan tashqari, qadriyatlarimizga qarshi isyon qilinayotgandek tasavvur uyg'otadi. Jumladan, kimdir, albatta, qarindoshi yoki tanishining boshiga shunday kulfatlarni soladiki, beixtiyor qalbingizni nafrat zaharlay boshlaydi.
Bu ham yetmaganday, mazkur “ijod” namunalari ibosizlik va g'urursizlik jamiyatni qamrab olganmi, degan shubha tomon yetaklaydi. E'tiborlisi, syujetlarning katta qismi o'xshash. Avval salbiy qahramon hammani qoniga tashna qiladi, keyin jazosini oladi yoki biror voqea sabab yaxshi odamga aylanadi.
AQSh, Koreya, Xitoy kino ijodkorlari yomonlik va qarama-qarshiliklarni aks ettirishda bizning kinochilarimizdan qolishmaydi, deyishingiz mumkin. Ammo sezgan bo'lsangiz, xorij fil'mlarida samimiylik bor. Qahramonlardan biri hazillari, kesatiq gaplari, kulgili iboralari, zukkoligi, xatti-harakatlarining beg'uborligi yoki soddaligi bilan ichingizda uyg'onayotgan tug'yonlarni mo''tadillashtirib turadi. Xususan, gap qanchalar og'ir kasalliklar haqida bormasin yoki hal etib bo'lmasdek tuyuladigan vaziyatlarga tushib qolmasin, doktor Xausning topqirligi, qochirim gaplari syujetdagi har qanday muammoni ikkinchi darajaga tushirib qo'yadi. Izquvar Monk bo'lsa, soddaligi bilan ko'nglingizda iliq tuyg'ularni uyg'otadi.
“Dengiz hukmdori”, “Tangem”, “Jumong”, “Tabib” seriallarining yutug'ini esa mag'lubiyatlar muvaffaqiyatga, iztiroblar quvonchga o'rnini tez-tez bo'shatib berishi hamda yuzingizga tabassum indira oladigan qahramonlarning borligi ta'minlaydi. Ana shu ijobiylik Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon”, “Kichkina tabib”, “Osmondagi bolalar”, “Novda” kabi fil'mlarida ham mujassam. Shu bois ularni qayta-qayta ko'rsak-da, zavq tuyishdan to'xtamayapmiz.
Kinoasarlar g'oyalarni singdiruvchi qurol ekanini inobatga olsak, bu jabhada ijobiy natijalarni qayd eta olmayotganimiz achinarli. Shunday bo'lmaganida, ayrimlar farzandiga koreys yoki hind seriali qahramonining ismini qo'ymagan bo'lardi. Ba'zilarni esa Jumong, Gumbok yoki Tangem laqabi g'ururlantirganligini ham ko'ryapmiz.
Zotan, dunyo tan oladigan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug'bek, Mirzo Bobur, Muhammad Shayboniyxon, Beruniy, ibn Sino, Farg'oniy, Termiziy kabi yuzlab ajdodlarimiz bor. Ularning har biri to'g'risida o'nlab seriallar olsa bo'ladi.
Savol tug'iladi, zolim qaynona yoxud qaynota, jabrdiyda yoki yengiltak kelin, g'urursiz va abgor erkak haqidagi voqealarni to'xtovsiz ekranga olib chiqishdan maqsad nima? Agar nimanidir ko'zlayotgan bo'lsangiz, ayting, bilaylik. Niyatingiz faqat efirni to'ldirish bo'lsa, uni ham ochiqlang.
Shu o'rinda ta'kidlashni istardimki, bu kabi savollarni bermoqqa har bir yurtdoshimizning haqi bor. Shunki seriallarning aksariyati byudjet mablag'lari hisobidan suratga olinmoqda. Iltimos, faqat tomoshabin shuni xohlayapti, demang. Bu boradagi ehtiyojning qandayligini bilmoqchi bo'lsangiz, bitta telekanalni tanlang-da, faqat ilg'or davlatlarning saviyali fil'm va seriallarini namoyish qiling. Ana shunda ishingiz bahosini bilasiz.
Yana shuni unutmangki, odamlardagi kinoga oid saviyani namoyish etilayotgan fil'mlar belgilaydi. Ya'ni, uni ko'tarish yoki tushirish sizning qo'lingizda. Zero, yaxshi stsenariy tanlash, badiiy fil'mlar ishlashga doir zamonaviy tajribalarni o'zlashtirish, kino sanoatimizni xorijga fil'm eksport qiladigan darajaga ko'tarish sizning zimmangizda.
Bu fikrlarni kimningdir ko'nglini og'ritish uchun bayon etmadik. Azbaroyi, milliy badiiy fil'm va seriallarimiz yurakka kirib borishini, nafaqat biz, balki dunyo ahli zavq bilan tomosha qilishini chin dildan istaganimiz uchun aytmoqdamiz.
Qolaversa, psixologlar ta'kidiga ko'ra, salbiy hissiyotlar kuchli stress va tushkunlikka sabab bo'lib, tajovuzkorlikni oshiradi. Xuddi shunday, uyqu buzilishi, diqqat susayishi, real hayotdan uzoqlashuv kabi asoratlarni keltirib chiqaradi. Shu ma'noda, odamlar salomatligiga ham qaysidir darajada mas'ul ekaningizni esdan chiqarmang.
Alijon ABDUSATTOROv,
ISHONCH.UZ



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0