Nurafshon shahrida eshak go'shti sotuvchilari qo'lga olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Nurafshon shahridagi xonadonlarning biridan eshak terisi va go'sht mahsulotlari olingani” haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9-yanvar kuni Toshkent viloyati IIBB Karantin tadbirlarini tashkil etish bo'linmasi va hamkorlikdagi tashkilotlar tomonidan aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan ta'minlash yo'nalishida nazorat tadbirlari o'tkazilgan.
Tadbir davomida Oqqo'rg'on tumanida eshak suyaklarini suvga tashlab ketilgani holati aniqlanib, 3 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlangan va tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.
Surishtiruvlar Nurafshon shahrida ham davom ettirilgan va tadbir davomida eshak terilari va go'sht mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olingan.
“Tekshiruvlar yakuni bo'yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi”, – deyiladi Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabarida.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0