Yunusobodda “snos” asorati: u yerda aholi xarobalar ichida yashayapti…
Poytaxtimizning markaziy tumanlaridan biri bo'lgan Yunusobod tumanidagi "Otchopar-2" mahallasi bir paytlar shahardagi eng so'lim va obod maskanlardan biri bo'lgan. Ammo so'nggi 5-6 yil ichida shaharda avj olgan yangi qurilishlar bu hududni ham chetlab o'tmadi. Achinarlisi, mahalla snosga tushganligi sababli ko'plab xonadon sohiblari boshqa joylarga ko'chib ketgan bo'lsa, investorlarning ularga ma'qul kelmagan takliflari tufayli shu yerda qolgan 35-40 chog'lik uy egalari xarobazor ichida yashab ketmoqda.
Ko'pchiligi keksalar, bolalar va ayollar bo'lgan aholi avvalo noqulay ahvolga kelib qolgan sharoitdan aziyat chekayotgan bo'lsa, ikkinchidan, hasharotlar va daydi itlar to'dasi, har yoqdan qazilgan katlovanlar dastidan yuzaga kelgan tuproqlar uyumi, qo'lansa hid va ulkan texnikalarning tinimsiz shovqinidan qiynalmoqda.
Ishonch.uz mahalla ahlining tahririyatga qilgan murojaati ortidan "Otchopar-2" mahallasida bo'ldi.
Videoda ko'rib turganingizdek, odamlarning hayotida kechayotgan yaxshi o'zgarishlar haqida gapirib turgan bir paytimizda, poytaxtning qoq markazida shunday sharoitda yashab kelayotgan aholi borligi achinarli.
Ajablanarlisi, Toshkent shahar hokimligining ham, Yunusobod tuman hokimligining ham bu holatdan xabarlari bor. Ammo afsuski, necha martalab mas'ullar kelib ketishgan, muammoni hal qilishga va'da berishganiga qaramasdan qarovsiz mahalladagi 30-40 chog'li xo'jalikning vaziyati o'nglanmayapti. Natijada odamlar umidsizlikka ham tushib qolishgan.
Biz «Otchopar - 2» mahallasi rahbariyatini qidirib, mahalla guzariga ham bordik, holatga u yerdagilardan izoh so'radik. Ammo mahalla xodimlari ham bu masala mahalla darajasidan yuqorida hal bo'ladigan muammo ekanini, necha marotaba ko'tarib chiqayotganiga qaramasdan, hech kim biror gap aytmayotganini ta'kidladi.
Demak, Toshkent shahar hokimligi va Yunusobod tuman hokimligidan ishonch.uz jiddiy izoh kutib qoladi.
Hurmatli, tuman va shahar mas'ullari, "Otchopar-2" mahallasi aholisini qiynayotgan masala yechimi uchun sizlardan biror harakat, zarur choralar ko'rilmayotgan ekan, aholi dardini kimga borib aytsin?
Nahotki, o'z vazifangizni bajarish uchun OAVdagi chaqiriqlar, odamlarning, ayniqsa bu yerda yashayotgan keksalarning nolalari kamlik qilayotgan bo'lsa?
Zebo Namozova,
Quvonch To'raev,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0