Onlayn sayohat: O'smat ota ziyoratgohi haqida eshitganmisiz?
Jizzax viloyatining Baxmal tumani faqatgina shirin-shakar mevalari, go'zal tabiati va tog'lari bilangina mashhur emas. Bu o'lka aziz avliyolar makon topgan maqbaralari va muqaddas qadamjolari bilan ham tanilgan. Qorli cho'qqilari olislardan ham ko'zga tashlanib turuvchi manzaraga maftun bo'lib, tumanga kirib kelar ekansiz, sizni tog'lar bag'ridagi, havosi musaffo va tarixiy xotiralarga boy hudud — O'smat shaharchasi kutib oladi. O'smat ota ziyoratgohi undagi tabarruk maskan bo'lib, butun yurtimiz ziyoratchilarini o'ziga jalb etib kelayotir.
O'smat ota kim bo'lgan?
O'smat ota haqida tarixiy manbalarda aniq ma'lumotlar kam. Xalq orasida u Alloh yo'lida yurgan, zohid, ziyoli va karomatli kishilardan biri sifatida tan olinadi. Hayoti yaxshilik va adolatga da'vat, ilm-ma'rifatga bo'lgan muhabbat bilan to'la bo'lgani aytiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o'rinbosari Otabek Muhammadievning ta'kidlashicha, O'smat ota ziyoratgohining paydo bo'lishi shu hududdan yetishib chiqqan o'z davrining mashhur muhaddisi, fiqh olimi va mutakallimi Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiy nomi bilan bog'liq. Manbalarda u zot 1095 yili Samarqand qishloqlaridan biri – Usmandda tug'ilib, 1157 yili 64 yoshida shu yerda vafot etgani aytiladi. “Usmand” atamasi vaqt o'tishi bilan tovush o'zgarishi natijasida “Usmat”ga, keyinchalik esa “O'smat”ga aylangan.
Usmandiy ilm ahli orasida kechadigan bahs-munozaralarda chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham ilm ahli orasida “Olamning ustuni”, “Dinning ustuni” kabi yuksak unvonlar bilan mashhur bo'lgan. Alloma qoldirgan ulkan ilmiy-ma'naviy merosning hammasi arab tilida yozilgan. Manbalarda alloma hayoti davomida islomning kalom, munozara ilmi, tafsir va usuli fiqh sohalariga oid o'n uchta noyob asar yozgani qayd etilgan. Bizgacha oltita asari yetib kelgan bo'lib, nusxalari jahon ko'lyozma fondlarida saqlanmoqda.
Allomaning moturidiya kalom maktabi qarashlarini o'zida aks ettirgan “Lubob ul-kalom” nomli shoh asarining ikkita ko'lyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardan biri Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Qora Сhalabiyzoda bo'limida saqlanadi. Bu asarning eng qadimiy nusxasi bo'lib, u arab harflari bilan nuqtalarsiz, nasta'liq xatida yozilgan, Ali ibn Najmuddin ismli xattot tomonidan 1303 yilda – alloma vafotidan qariyb bir yarim asr keyin ko'chirilgan. U turkiyalik olim doktor Muhammad Said Uzervarli tomonidan tadqiq etilib, 2005 va 2019 yillarda nashr etildi.
Asarning ikkinchi qo'lyozma nusxasi esa Sulaymoniya kutubxonasining Shahid Ali Posho bo'limida saqlanadi. U xattot Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso tomonidan 1412 yili nasta'liq xatida ko'chirilgan.
Hanafiya mazhabi moturidiya e'tiqodiga asoslangan mazkur asar muqaddimasida muallif uni yozishdan maqsad e'tiqodni sog'lomlashtirish va tuzatish ekanini uqtirib o'tadi. Ko'plab bo'limlardan iborat “Lubob ul-kalom”da, eng avvalo, ilm turlari, inson hayoti va jamiyatdagi o'rni haqida qimmatli fikrlar bildiriladi, to'g'ri ma'lumotlarga ega bo'lish uchun olamni bilish kerak, deyiladi. Bunda besh sezgi a'zosi, ishonchli xabarlar beruvchi manbalar (Qur'oni karim va hadisi shariflar) hamda insonning aql-idroki va salohiyati muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta'kidlanadi.
“Lubob ul-kalom” asari Imom Moturidiyning “Tavhid” va “Ta'vilot ul-Qur'on”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asarlarida o'z aksini topgan ahli sunna val jamoa aqidasini keng targ'ib etishda o'ziga xos manbadir. Ularda ilgari surilgan mavzular “Lubob al-kalom”da ham o'z ifodasini topgani fikrimiz dalilidir. Zero, bu asar, muallif aytganidek, e'tiqodini tuzatishni boshlovchi kishilar uchun hidoyat manbai bo'lsin, degan maqsadda yozilgan.
Usmandiyning “Lubob ul-kalom” asari hozirgi g'oyalar kurashi avj olgan bir davrda yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun muhim manba hisoblanadi. Ayniqsa, botil da'volarni ilgari surayotgan oqimlarga qarshi g'oyaviy zarba berishda qo'l keladigan omillardan biri bo'lib xizmat qiladi.
Ziyorat an'analari va marosimlar
Tog'lar etagida joylashgan ziyoratgoh hududining tabiiy go'zalligi bilan ajralib turadi: toshli daryolari, yam-yashil bog'lari, suvlari shivirlab oquvchi soylari va soyali daraxtzorlari ziyoratchilarga ruhiy orom bag'ishlaydi. Maydoni 0,42 gektar.
Har yili bahor va yoz fasllarida minglab yurtdoshlarimiz bu yerga kelib, nafaqat ruhiy poklanish, balki tabiat bilan uyg'unlashgan holda dam olish imkoniyatiga ham ega bo'lishadi.
Ziyoratchilar odatda qabr boshida duo o'qib, savobni u zotga bag'ishlashadi. Ayrim kunlarda jamoaviy duo va xayriya tadbirlari uyushtiriladi. Bu yerda qurbonlik qilish, ehson tarqatish va turli diniy marosimlar o'tkazish an'anaga aylangan.
Ba'zi odamlar bu yerda qilgan duolari ijobat bo'lganini aytib, qayta-qayta ziyoratga kelishadi. Shu sababli O'smat ota ziyoratgohi xalq orasida «Niyazlar, ya'ni niyatlar ijobat bo'ladigan joy» sifatida tanilgan.
Madaniy va ma'rifiy ahamiyati
O'smat ota ziyoratgohi nafaqat diniy, balki madaniy va ma'naviy ahamiyatga ham ega. Unda o'tkaziladigan ma'naviy tadbirlar yosh avlodga tarixiy xotira va ilm-ma'rifat ruhini singdirishda muhim o'rin tutadi.
Keyingi yillarda ziyoratgoh atrofi ancha obodonlashtirilib, maktab o'quvchilarining jamoa bo'lib kelishlari ham ko'paydi. Natijada bu maskan ta'lim-tarbiya markaziga aylanib bormoqda. Yoshlar ushbu muqaddas maskanga kelib, o'tmish va ma'naviy merosimiz, O'smat ota yuksak ilm sohibi va ulug' mutakkallim zot bo'lgani haqida bilib olishmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, O'smat ota ziyoratgohi xalqning yuragidan joy olgan, tarix, ma'naviyat va tabiat uyg'unlashgan muqaddas maskandir. U yerga safar qilgan insonning ruhiyati poklanib, xotirjamlik va samimiyatni his qiladi.
Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0