Yoz – sayohat va sayr mavsumi
Yoz fasli nafaqat ta'tillar, balki dam olish uchun ham eng qo'l keladigan vaqt hisoblanadi. Shahar hayotidan charchagan inson tabiat bag'riga oshiqadi. Ayrimlar tog'larga, boshqalar esa suv bo'yiga otlanadi. Ko'p hollarda sayohatchilarni “qaysi yo'nalishni tanlash kerak?” degan savol o'ylantiradi.
Biz siz uchun so'limligi, tabiiyligi va dam olish imkoniyatlari bilan ajralib turuvchi 7 ta yozgi maskanni tavsiya etamiz.
Сhorvoq — Toshkent yaqinidagi “dengiz”
Manzil: Toshkent viloyati, Bo'stonliq tumani
Сhorvoq suv ombori nafaqat poytaxtliklar, balki respublika bo'ylab sayyohlar uchun ham eng mashhur dam olish maskanlaridan biri. Har yili yozda bu yerga minglab odamlar oqib keladi.
Bu yerdagi suv sporti turlari — gidrotsikl, katamaran, baydarka, paraplan kabi mashg'ulotlar nafaqat hayajon, balki salomatlik uchun ham foydali.
Aydarko'l ko'li
Manzil: Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida
Aydarko'lni “qumlar orasidagi feruza daryo” deb nomlashadi. Bu yerlar hatto ko'pni ko'rgan, dunyoning qator go'zalliklari va noyob tabiat hodisalaridan boxabar insonlarni ham hayratga solishi hech gap emas. U sahro va dashtlardan charchagan sayohatchilarni o'ziga chorlaydi.
Aydar-Arnasoy suv tizimiga kelib, avvaliga cheksiz zavqlanasiz. Bir tarafdan Qizilqum, boshqasidan ko'm-ko'k keng ko'l bo'lib, uning ortidan tog' tizmalari ko'rinib turadi. Avvallari bu yerda sho'r yer bo'lgan. Keyinchalik tog' ariqchalari va jilg'alari orqali ko'llar paydo bo'lgan. Endi Сhordaryo suv omborining suvlari bilan birga ular bir yirik suv havzasiga, ya'ni Aydarko'lga aylangan.
Bu yerda dam olishning bir nechta varianti mavjud: chodirlarda yashash, sayr qilish, baliq ovlash yoki shunchaki quyoshda toblanish. Tunda esa gulhan yoqib, yulduzlar ostida suhbat qurish — bu yoz fasli uchun sevimli an'anaga aylanadi.
Tsentob — tog' etagidagi sokin qishloq
Manzil: Navoiy viloyati, Nurota tumani
Tsentob qishlog'i — tabiat sevuvchilar uchun “maxfiy go'sha”dir. Nurota tog'lari yetaklarida joylashgan bu maskanda hayot shoshilmaydi.
Bu yerdagi qadimiy uylar, tor eshiklar, past shiftlar va maxalliy aholining samimiyati mehmonlarni o'ziga rom qiladi. Hech qanday to'siqlarsiz tabiat bag'rida suhbatlashish, mahalliy ovqatlardan tatib ko'rish va tiniq havoda dam olish — haqiqiy orom manbai.
Sangardak sharsharasi
Manzil: Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani
Sangardak sharsharasi Sariosiyo tumani hududida, Denov shahridan 30 km. va Termiz shahridan 205 km. uzoqlikda joylashgan. Sariosiyo tumani, o'zining ichki subtropik iqlimi bilan mashhur bo'lib, ushbu iqlim, hududda o'ziga xos betakror mikroiqlim yaratadi. Bu joylardagi adirlar va tepaliklar yam-yashil o'simliklar bilan qoplangan. Tuman hududi bo'ylab Hisor tog' tizmasi cho'zilgan bo'lib, undan Surxondaryo, To'palangdaryo, Obizarang va boshqa tog' daryolari oqib tushadi.
Bu erdagi eng manzarali joylarda turli xil o'simlik va hayvonot dunyosi vakillarini uchratish mumkin.
Mahalliy aholi orasida tabiatning ushbu diqqatga sazovor joyi haqida ko'p afsona va hikoyalar yuradi. Aytishlaricha, bu sharsharani ko'rish uchun qadimgi yunonlar, arablar va butun Movorounnahrning hukmdorlari bu yerga kelishgan. Sangardak darasidan kirib kelaverishda, sharsharaning ovozi ancha uzoqdan eshitila boshlaydi. Unga etib borganingizdan so'ng esa, ushbu joylar tabiatining barcha buyukligi va go'zalligini his qilasiz. Sharshara, shunday g'aroyib xususiyatga ega. Pastga oqib tushayotgan suv, qoyalar va suv o'simliklari orasidan 20 metrlik balandlikdan pog'onali sharshara singari oqib tushadi.Sharsharalar, doim odamlarning diqqatini jalb qilib kelgan, ularni tabiatning mo''jizasi, oddiy odamlar uchun ilohiy sovg'a deb hisoblashgan, shuning uchun ham, Sangardak yaqinida, o'z afsonasiga ega bo'lgan ziyoratgoh bor.
Nefrit ko'li
Manzil: Toshkent viloyati
Urungach irmog'i vodiysida ikkita ko'l bor. Pastki qismi juda kichik, chiroyli firuza tusli, yuqori qismi esa katta ko'l. Suvi shunchalik tiniq va shaffof ko'lki, tubida har bir toshni ko'rishingiz mumkin. Tarixiy jihatdan, ko'l tabiiy to'g'on bo'lib xizmat qilgan toshning qulashi natijasida paydo bo'lgan.
Katta va kichik Urungach ko'llari o'zining nefrit monand rangi bilan shu nomga loyiq ko'rilgan. Urungach qishlog'idan uzoq bo'lmagan masofadagi Ugam-Сhotqol qo'riqxonasida suv omborlari joylashgan. Kichik ko'l hajmiga ko'ra shunday atalgan. Katta ko'l hajm jihatidan anchayin katta va teparoqda joylashgan. Suvining zumrad sifat rangi qimmatbaho nefrit toshini eslatadi.
Baland tog'lar tufayli ko'llarga yetib borish noqulayliklar tug'dirsa ham Nefrit ko'llari va uni o'rab turgan go'zal tabiat bunga arziydi. Sayohatchilarni ko'llarning ta'riflab bo'lmaydigan go'zalligi hayratga soladi. Bu yerda ular tabiatning tafakkuridan zavqlanishadi, tog'dan oqib tushayotgan eng toza suv, ko'm-ko'k maysalar, tinchlik va osoyishtalik bu yerda hukmron.
Nefrit ko'llariga tashrif buyurish uchun eng yaxshi vaqt 15 maydan 15 iyungacha. Bu vaqtda Urungach eng to'laqonli hisoblanadi. Shundan so'ng, suv asta-sekin pastki ko'lni tark etadi va kuz-qishda u butunlay quriydi. Yuqori Urungachda yil davomida suv qoladi.
Zomin
Manzil: Jizzax viloyati, Zomin tumani
Zomin milliy bog'i nafaqat respublikada, balki butun Markaziy Osiyodagi eng boy tabiiy bog'lardan biri. 1000 yillik archalar, 7 asrlik daraxtlar, kichik sharsharalar va toshli soylar — ularning har biri tabiatning tarixini namoyon etadi. Zomin — nafaqat dam olish, balki davo olish maskanidir.
Taxtakoracha dovoni
Manzil: Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari orasida
Taxtaqoracha dovoni Zarafshon va Hisor tog'lari tutashgan hududda joylashgan, ushbu dovon Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog'laydi.
Dovon tabiati mo''tadil, tabiati xushmanzara. Bu yerda mashhur taom — Qashqadaryo tandiri tayyorlaydigan qator oshxonalar va dam olish maskanlari mavjud. Yozgi jazirama issiqda dovon tashrif buyurishga arziydigan maskanlardan biri sanaladi.
Sevinch Turopjonova,
O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakul'teti
2-bosqich talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0