Eshak go'shti xalq dasturxonida! Nazorat qani?
So'nggi paytlarda eshak go'shtining noqonuniy ravishda oziq-ovqat bozoriga kirib kelishi, iste'molchilarga sotilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilik e'tiborini tortmoqda.
May oyida 361 kg eshak go'shti Toshkentga olib kirilayotgani fosh qilingan bo'lsa, yaqinla 193 kilogramm eshak go'shtini 3,8 million so'mga sotib olayotgan shaxs ushlangan. Xabarga ko'ra, somsapaz eshak go'shtini 20 ming so'mdan sotib olishini va undan somsa tayyorlashini tan olgan.
Yaqinda esa, Sirdaryo viloyatida Qarshi–Farg'ona yo'nalishida taxminan 1,5 tonna eshak va mol suyaklari tashilayotgan yuk mashinasi reyd vaqtida to'xtatilgan.
Xo'sh, biz bilgan va bilmagan miqdordagi eshak go'shti biznesi qaerga kirib kelmoqda? Ayrimlar aytganidek — hayvonot bog'igami yoki oshxonalarga?
Aslida, qonunchilikda eshak go'shtini iste'mol qilish yoki sotganlik uchun javobgarlik mavjud emas. Faqat eshak go'shtini boshqa hayvon — masalan, mol go'shti deb sotganlik uchun javobgarlik bor. Ammo hech bir oshpaz tayyorlagan taomiga eshak go'shti solinganini aytib sotmaydi. Sababi — O'zbekiston aholisining 96,6 foizi musulmon diniga e'tiqod qilishadi va eshak go'shtini iste'mol qilishmaydi.
Qonunga zid ravishda faoliyat yuritayotgan, eshak go'shtini mol go'shti deb pullayotgan oshxonalarning firibgarligi, iste'molchi huquqlarining buzilishi, iste'molga yaroqsiz mahsulotlarni shaharga olib kirayotgan, hech qanday hadiksiz oldi-sotdi ishlarini amalga oshirayotganlarning qilmishlari tobora ko'payib bormoqda. Bu esa, muayyan tizimlarning yaxshi ishlamayotganini ham ko'rsatadi.
Bu faqatgina e'tiqod masalasi emas — bu qonun va inson huquqlarining buzilishi masalasidir.
Shunday holatlar yuzasidan jamoatchilik orasida bir necha surishtiruvlar o'tkazdik. Unga ko'ra, oshkoralikni xohlamagan shahar markazidagi kichik yemakxona rahbari o'z fikrlarini bildirdi:
– Eng xavfli mahsulot — bu qiyma go'shtdan tayyorlangan shashliklar. Sababi, uning tarkibini bilish juda qiyin. O'zimizning oshxona uchun har kuni Сhorsu bozoridan Belarus — 110 ming, qozoq — 115–120 ming, o'zbek — 125–140 ming so'm turdagi go'sht mahsulotlarini xarid qilamiz. Narxga yarasha, go'sht mahsulotlaridan tayyorlangan yeguliklar uchun yuqoriroq narx belgilaymiz.
Ko'chada va chekka bozorlarda esa 5–6 ming so'm narxdagi shashliklarni yoki 10 ming so'mga 3 dona go'shtli manti sotayotganlar ham talaygina. Hozirgi go'sht narxlarining kun sayin oshib borayotgani, bunday arzon mahsulotlarning narxi kishini o'ylantiradi, — deydi suhbatdoshimiz.
Facebook foydalanuvchilariga savol bilan murojaat qilganimizda, ular quyidagi izohlarni qoldirishdi:
– Men ham shubhalanganim uchun ko'chadan faqat tovuqli va kartoshkali taomlar yeyman. Ancha vaqtdan beri ko'chadan sotib olmay qo'yganman.
– Eshitishim bo'yicha, o'lik sigir va tovuqlarning go'shti ham qo'shiladi. Shuning uchun go'shtli taomlarni yemaslikni odat qilganman.
– Bir necha joylarda shubhali taomlarga duch kelib, tuflab tashlaganman. Shu sababli hozir faqat uyda ovqatlanamiz. Ishxonaga ham uydan tayyorlanganini olib ketamiz.
Masalaga boshqa tomondan qaralsa, bunday yashirin amalga oshirilayotgan ishlar ortida ma'lum ma'noda ko'rib-bilib turgan odamlarning loqaydligi va ayrim kimsalarning takliflari ham sabab bo'layotganini ko'rish mumkin. Natijada, qonun va huquq buzilishi avj olmoqda.
Har bir luqmani ming shubha bilan og'zimizga olmoqdamiz. Quyidagi voqea ham bunga misol bo'la oladi.
Bir kuni taksiga chiqqan ayollar va ularning bolalari tushlik uchun choyxonaga borishayotgani, o'sha manzilga olib borib qo'yishlari haqida gapirdi. Bu yemakxona ancha mashhur bo'lsa kerak, haydovchi kulgu aralash:
— Qanday ovqat buyurtma berasizlar? — deb so'radi.
— Eshak go'shtidan shashlik yeb kelaylik. O'z ko'zimiz bilan ko'rmaganmiz, ammo odamlar shunday deyishadi-ku... Arzonligi bois xaridorlar keti uzilmaydi. Yana ham insofni o'zlariga bersin, — deya qo'shimcha qildi.
Yana bir yo'lovchi tanishining shu joyda ishlashi, omborxonadagi ahvol yomonligi tufayli u yerdagi taomlardan hech qachon iste'mol qilmaslikka qaror qilganini so'zlab berdi.
Avvalroq «Eshak go'shti ayrimlar aytganidek, hayvonot bog'idagi hayvonlar uchun ishlatilmoqdami?» degan savolni qo'ygan edik. Aynan shu mavzuda Toshkent hayvonot bog'i xodimlari bilan bog'landik. Ular hech qanday eshak go'shti hayvonot bog'iga olib kelinmasligini, barcha ozuqa shartnoma asosida tegishli firmalardan keltirilishini va hayvonlar sifatli mol go'shti bilan oziqlanishini ta'kidlashdi.
Ho'sh, unday bo'lsa eshak go'shti biznesi qaerda gullab-yashnamoqda?
Qaysi turdagi mahsulotlarni iste'mol qilish — odamlarning shaxsiy tanlovi. Ammo qonunga zid ravishda ish ko'rayotganlar, boshqalarning sog'lig'i va e'tiqodiga daxl qilayotganlar albatta javob berishi shart.
Bundan tashqari, ko'rinib turibdiki, eshak go'shti allaqachon noqonuniy biznesga aylanib ulgurgan. Ammo qaerda va qanday qilib so'yish ishlari amalga oshirilayotgani — bu hali ham sir. Achinarlisi, bu holatlar yuzasidan na Sanitariya-epidemiologiya markazining tekshiruvlari, na O'zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining aniq harakati ko'rinadi.
Diyora RAVShANOVA
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0