Tilanchilik: XXI asrning rivojlanib borayotgan kasblari
Bu maqolani yozishimga ijtimoiy tarmoqlar uchun videolavha suratga olayotgan paytimizda sodir bo'lgan bir voqea sabab bo'ldi. Yonimizga 30–40 yoshlar atrofidagi bir kishi kelib, so'zimizga quloq tuta boshladi. Uning shirakayf ekani sezilib turardi. Biz suratga olishni to'xtatganimizni ko'rib, “5000 so'm bersangiz”, deb so'rashga o'tdi. Pul yo'qligini aytsak, yana boshqa “usul”ga o'tdi:
— Bloger ekansizlar, menga yordam qilinglar. Kartamni beraman, meniyam videoga olinglar. Yetti nafar qizim bor, qiynalganman. Gapirib beraman...
Qarang, mast inson ham “stsenariy” nima ekanini, uni qanday taqdim etishni yaxshi biladi. Bu esa tilanchilikning muayyan toifalar orasida “ijtimoiy-kreativ kasb”ga aylanganini ko'rsatadi.
Hozirgi kunda poytaxtimiz ko'chalari, metro bekatlari, chorrahalar va jamoat joylari bunday shaxslar bilan to'lib ketgan. Ular orasida:
Kitob yoki salfetka sotib yurgan bolalar,
Qo'lida “Menga yordam kerak” deb yozilgan qog'oz bilan yurganlar,
Soqov bo'lib ko'ringan kattalar,
Сhaqaloq ko'tarib mashinalar o'rtasida yurib tilanchilik qiluvchi ayollar ham bor.
Bugun ular shunchaki oldingiday "qo'l uzatish" bilan cheklanmaydi. Yangilangan format: bank kartalari, dramaturgiya elementlari, videoga chiqish takliflari, va eng achinarlisi — odamlarning qalb tuyg'ularini marketing quroliga aylantirish.
Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta sahnalar
Ma'lumotlarga qaraganda, ba'zi blogerlar tilanchilar bilan shartnoma tuzadi. Yig'ilgan xayriya pulining ma'lum qismi blogerda qoladi. Bundan tashqari, ayrim firibgarlar haqiqiy yordamga muhtoj odamlarning suratlarini olib, turli soxta sahifalar ochib, qayta-qayta yordam so'rab pul to'plashadi.
Odamlarning ko'nglidagi mehr hissi shunday soxta aktsiyalar orqali suiste'mol qilinib, haqiqiy ehtiyojmandlarga ishonchni yo'qotmoqda.
Sog'lom yigit metro vagonlarida qog'oz ko'tarib, pul so'raydi. Yoshi katta ayollar “doktor tashxisi”ni ko'rsatib, arzimas tovarni ikki-uch baravariga sotishadi. Siz esa ularning yuz-ko'ziga qarab, undagi qalbakimi yo haqiqiy dardmi — farqlay olmaysiz. Yordam qilmaslikni o'zingizga xiyonat deb bilasiz.
Ammo odamzot bor-ki, bu ko'zlarga qarab yo'q deya olmaydi. Afsuski, bular shundan ham foydalanish payiga o'tishgan. Oyog'ing tagidan ketmaydi. Bermaguningcha qo'ymaydi. Yoningdagi insonlardan uyalganingdan ham so'raganini berib yuborasan kishi. Ularning nishonida ko'pincha qizlar va yosh-yosh juftliklar. Bilamizki qizlarning qalbi o'g'il bolalarnikiga qaraganda ancha yumshoq bo'ladi, ularni ishontirish ular uchun osonroq, yoshi kattalardan ko'ra, juftliklarga keladigan bo'lsak, o'g'il bolaning g'ururini qitiqlaydi, qarabsizki yonidagi qizdan uyalganidan ham berishga majbur bo'ladi.
Qarang, bular borgan sari qay darajada tubanlashib borishmoqda. Vaholanki,siz endi bularga shunchaki yo'q javobini berib qutula olmaysiz. Telefoningizda chiqib kelayotgan o'sha bechoralarni shunchaki o'tkazib yubora olmaysiz. Sababi ular insonlarning tuyg'ulariga qanday zarba berishni o'rganib ulgurishdi.
Lekin ular bir narsani unutib unutib qo'yishgan. Din tomondan olib qaraganda ham “tilanchilik yo'lini tanlaganlarga xorlik eshiklarini ochamiz” deyilganidek, ular topayotgan pullari barakasiz, kartalariga tushayotgan pullar fayzsiz ekanini tushunib yetishmayapdi.
Biz blogerlarni ayblashimiz mumkin. Hamma narsani ommaga olib chiqmoqdasan deya, lekin o'sha kartalarni pul bilan to'ldirayotgan o'zimiz emasmi? Ularning soxta ko'z yoshlariga ishonib so'raganini o'z qo'limiz bilan berayotgan kim? Haqiqiy bemorlarni nomidan foydalanayotganlar ham aslida siz-u bizdek insonlar emasmi? Tilanchilar yonidan shunchaki o'tib ketganlarni g'iybat qilib, ularni yomon otliqqa chiqarayotganlar, qurumsoq deb nom qo'yayotganlar ham biz emasmi?
Ming afsuslar bo'lsinki, barcha savollarga, muammolarga javob bu insonlar. Jamiyat, xalq, biz. Blogerlarimiz kimdir yordam so'rab chiqsa shu zahoti internetdan qo'yishdan oldin borib ishonch hosil qilsa, bu kabi xabarlarni ko'rayotganlar pul tashlashga shaylanishdan oldin bu xabar feyk emasligini tekshirib ko'rsak, ko'chadagi tilanchilar aslida yordamga muhtoj emasligini sezib pul bermay o'tayotgan kishi orqadagi kimsa o'zini yaxshi ko'rsatish uchun unga pul berishni to'xtatsa, shuncha yillardan beri ularni daromad bilan ta'minlab turgan karvonni to'xtatsak, ularning tomiriga bolta urgan bo'lamiz.
Said Jamol, O'zJOKU talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0