O'zgidromet “kislotali yomg'ir” haqidagi xabarlarni rad etdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go'yoki “kislotali bulutlar” shakllanib, Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Eron hududida go'yoki “kislotali bulutlar” shakllanib, Markaziy Osiyo davlatlari hududiga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
O'zgidromet ushbu ma'lumotlarning ilmiy jihatdan asoslanmaganligini aytmoqda.
Qayd etilishicha, kislotali yog'inlar atmosferada oltingugurt va yoki azot oksidlari uzoq vaqt davomida to'planib, bulutlarda suv bug'i bilan kimyoviy reaktsiyaga kirishgan hollardagina hosil bo'ladi. Bunday jarayonlar esa asosan yirik sanoat hududlari va to'g'ridan-to'g'ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Havo massalari uzoq masofalarga ko'chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik, vertikal aralashish, quruq va nam cho'kish jarayonlari ta'sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog'inlar shakllanishi deyarli mumkin emas.
“Bundan tashqari, yog'inlarning hosil bo'lishi mahalliy bulut hosil bo'lish jarayonlari bilan bog'liq bo'lib, yog'inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo'lgan suv bug'i va aerozollar hisobiga shakllanadi.
Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma'lumotlariga ko'ra, kislotali bulutlarning O'zbekiston va qo'shni davlatlar hududiga ko'chib kelishi xavfi kuzatilmayapti”, – deyiladi rasmiy axborotda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0