17 milliard so'm zarar kimning gardaniga tushdi?
Prezidentimiz 12 mart kuni kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda internet tarmog'i orqali axborot tarqatish va ma'lumot izlash imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Ayni vaqtda internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshgan bo'lib, ulardan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda. Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlardan g'arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ko'paymoqda. Xususan, so'nggi olti yilda yurtimizda kiberjinoyatlar bo'yicha murojaatlar 48 baravarga oshgan. O'tgan yili sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o'g'rilik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda yuz bergan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so'mdan oshgan.
Taqdimotda aytilishicha, o'tgan davrda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga jami 17 milliard so'm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Tasavvur qilyapsizmi, bank tizimidagi zaiflik tufayli shuncha kishi pulidan ayrilgan. Bu banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik tizimi yetarli darajada himoyalanmaganining isbotidir.
Xo'sh, 17 milliard so'mlik moddiy zarar kimning gardaniga tushdi? Markaziy bank aybdor banklarga qanday chora ko'rdi? Mijozlarga yetkazilgan zararlar qoplab berildimi? Axir yuqorida tilga olingan holatlar ortida 3025 nafar fuqaroning yillar mobaynida jamg'arilgan puli, ishonchi va moliyaviy xavfsizligi turibdi.
To'g'ri, oxirgi paytlar mamlakatimizda boshqa sohalar qatori moliya tizimi ham jadal raqamlashtirilmoqda. Shunonchi, onlayn bank xizmatlari, mobil ilovalar va plastik kartalar orqali to'lovlar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylandi. Bu o'zgarishlar qulayliklar yaratib, tezkorlikni oshirmoqda, vaqtni tejab, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olmoqda. Ammo raqamli moliya tizimi yangi xavflarni ham keltirib chiqarmoqda.
Yaqinda Markaziy bank yangi tartib joriy qildi. Endilikda plastik kartalar orqali pul o'tkazmalarini amalga oshirishda operatsiya maqsadini ko'rsatish kerak. Ha, pul o'tkazmalarida shaffoflikni ta'minlash muhim. Lekin bank tizimidagi asosiy xavf shumidi, degan haqli savol tug'iladi. Avvalo, Markaziy bank mijozlarga eng katta zarar yetkazayotgan omillar – kiberhujumlar, ma'lumotlar o'g'rilanishi, onlayn to'lov tizimdagi ba'zi texnik nosozlik va zaifliklar haqida bosh qotirishi kerak emasmi?!
Jahon tajribasida moliya regulyatorlari banklarni faqat moliyaviy hisobotlar orqali emas, balki texnologik barqarorlik va kiberxavfsizlik darajasi bo'yicha ham qat'iy nazorat qiladi. Bizda ham bank tizimini xavfdan himoya qilish uchun xalqaro kiberxavfsizlik standartlari majburiy tartibda joriy etilishi joiz. Shuningdek, banklarning axborot tizimlari, ma'lumotlar muhofazasi va onlayn operatsiyalar xavfsizligi doimiy monitoring qilinishi lozim. Onlayn firibgarlik sxemalariga qarshi markazlashgan tahlil va tezkor javob tizimi zarur.
Raqamli moliya tizimi faqat qulaylikka emas, balki ishonchga ham tayanadi. Agar mijoz o'z mablag'i xavfsizligiga ishonmasa, raqamli islohotlar kutilgan darajada samara bermaydi. Shunday ekan, Markaziy bank oldidagi asosiy vazifa ma'muriy cheklovlarni ko'paytirish emas, balki zamonaviy va ishonchli kiberxavfsizlik infratuzilmasini yaratishdir. Aks holda, moddiy zararlar statistikasi yanada ortishi, mijozlar ishonchi susayishi, oxir-oqibat, bank tizimi barqarorligiga putur yetishi hech gap emas.
G'ulomjon MIRAHMEDOv
«ISHONCH»




Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0