Сhiqindini elektrga bog'lashdan oldin muammolarni hal qilmaysizmi, hurmatli mas'ullar?
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida bo'ldik. Kun o'ta issiqligidan nafasing qaytadi. Mahallalarni aylanar ekanmiz, xonadonlar oldida qoplab yig'ib qo'yilgan chiqindilar e'tiborimizni tortdi. Nimaga buncha ko'p? Ayniqsa, ulardan taralayotgan badbo'y hid dimoqqa urilib, ko'ngil behuzur bo'lishini aytmaysizmi.
Ko'chada o'tib ketayotgan yo'lovchini to'xtatib, deyarli har bir xonadon yaqinida bunday manzara uchrayotgani sababini so'radik. “Musor mashina vaqtida kelmaydi, olib ketmagunicha shu ahvol” dedi u.
Bir paytlar bu tizim anchagina izdan chiqqan edi. “Komxoz” deya ataluvchi idoraning rahbarligida olib borilgan ishlar o'lda-jo'lda qolishi, ishchilar oylab maoshsiz yurishlari, hammayoq chiqindiga to'lib ketishiga odamlar “o'rganib” ham qolishgandi. Vaqt o'tib, tizimda anchagina islohotlar amalga oshirildi, atrof-muhit obodligiga mas'ul idoralar ikkiga ajratildi, chiqindi tashuvchi va boshqa zaruriy texnikalar xarid qilindi, ishchilarga tayinli maosh beriladigan bo'ldi, shartnomalar orqali ish ko'rish tartibi yo'lga qo'yildi. Bundan albatta dillar ravshan tortadi.
Biroq, so'nggi vaqtlarda chiqindidan qarzdorlik bo'lsa, elektrga to'lov ta'qiqlanishi to'g'risidagi gaplar aholi o'rtasida turli e'tirozlarni uyg'otmoqda. Zangiota mahallalaridagi ba'zi xonadonlar oldida to'planib yotgan chiqindilardan kelib chiqib, o'sha chiqindi tashuvchi korxonalar o'z vazifasini to'laqonli bajaryaptimi, degan savol paydo bo'ldi. Aholi-chi, chiqindi uchun to'lovlarni o'z vaqtida qilyaptimi, chiqindi tashlash qoidalariga rioya qilyaptimi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida, zangiotaliklar huzuriga kirib bordik.
“Hatto bir yarim oygacha hidlanib yotaveradi”
Oybek mahalla fuqarolar yig'ini ko'chalarini piyoda aylanib yurgan edik. Сhiqindi uyumi nisbatan ko'proq to'plangan xonadon yonida to'xtab, egalarini chaqirib, suhbatga tortdik.
— Yillik to'lovni to'lab qo'yganmiz, — deydi xonadon vakili, pensioner Muhabbat Rahmatillaeva. — Сhiqindilarni darvozadan sal nariga yig'ib qo'yamiz. Lekin oylab, hatto bir yarim oygacha shu yerda hidlanib yotgan paytlar bo'ladi. Ko'chada bolalar o'ynab yurishadi, kasallik yuqtirishi mumkin, undan keyin, uyingizga mehmon kelishi bor, bunaqa manzaradan odam juda noqulay bo'ladi-da. Mahalla raisi “Toza hudud” degan idora bilan ommaviy shartnoma tuzilganligini aytgandi. Lekin u shartnoma bo'yicha bizga qanday tartibda xizmat ko'rsatiladi, buni bilmaymiz, chunki bandlarini o'qib chiqmaganmiz. Bizlarga haftada bir marta mashina kelib chiqindilarni olib ketishi aytilgan. Lekin har safar qayta-qayta e'tiroz qilib chiqaverganimizdan keyin kelishadi. Ko'pincha ularni kutmasdan har bir qopga 5 ming so'mdan pul to'lab, o'zimiz mashina yollaymiz. “Toza hudud” deganlari hech bo'lmasa, yozning issiq kunlarida chiqindini o'z vaqtida olib ketsa yaxshi bo'lardi.
“Ziyoratgoh atrofi, katta ko'chalarga ataylab tashlab ketishadi”
Keyingi manzil — Gulzor mahalla fuqarolar yig'ini bo'ldi. Zangiota ziyoratgohi yaqinidagi ushbu mahallada katta yo'l yoqasidagi to'planib yotgan chiqindilar, hatto katta bir itning o'ligi e'tiborimizni tortdi. Aftidan, itni mashina urib yuborgan. U shishishni boshlagan, ichi ham ochilib qolgan. Qizig'i, bir necha kundan buyon issiqda badbo'y hid taratib yotsa ham, birorta vijdonli odam uni ko'mib yuborish chorasini ko'rmagan. Bizga hamroh bo'lganlardan bu holat atrofga turli kasalliklar tarqatishi mumkinligi, hoziroq tuman sanitariya bo'limiga qo'ng'iroq qilishini so'radik. Afsuski hamrohimiz u yerdan “bu bizning vazifamiz emas” degan javobni oldi.
— Ko'rganingizdek, bizga yaqin joyda Zangiota ziyoratgohi bor, — deydi shu mahallada yashovchi fuqaro Ruqiya Qo'shaeva. — U yerga respublikamizning turli joylaridan ko'plab ziyoratchilar kelishadi. Atrof toza saqlanishi shart. Shuning uchun ham, aynqsa kechasi ziyoratgoh atrofi va yo'l chetiga atayin chiqindilar tashlab ketishadi. Faqat shundagina chiqindilarni olishga majbur bo'lishadi, deb o'ylashsa kerak-da. Orqa tomonimizda ko'p qavatli uylar bor. U yerda chiqindi to'plash joyi yo'q. Umumiy shahobcha biroz uzoqda joylashgan. Shuning uchun ular ham yo'l yoqasiga olib chiqishadi. Bir necha marta rasmlarga, videolarga olib, tegishli joylarga xabar qilib olib chiqtirdik axlatni. Nima uchun har safar shunday qilishimiz kerak?
Tadbirkorlarga yengillik berish kerak
“Bog'zor” mahallasiga kirib bordik. Mahalla raisi Aleksandr Shapavalov bizni ochiq chehra bilan kutib oldi. Rus millatiga mansub bu kishi o'zbek tilini yaxshi bilar ekan, uning mahalla ahli ishonchini oqlagani, yaqinda qayta saylanganidan xabar topdik.
— Mahallaning telegram guruhida ikkita an'anaviy savol bo'ladi, — deydi u. — Biri “bola puli qachon tushadi?”, ikkinchisi esa “musor mashina qachon keladi?”. Сhiqindilarni olib ketish haqiqatdan ham muammo. Zangiota tumani “Toza hudud” DUK bilan ommaviy shartnoma tuzilgan. Har safar mas'ullar texnika yetishmayotganini aytishadi. Ularda hozir ishlab turgan bor-yo'g'i 4 ta chiqindi tashiydigan mashina bor, shu sababli ulgurishmayapti. Yaxshi xizmat ko'rsatilmayotgani yetmaganday, aholining noreal qarzdorliklari ham bor. Odamlar ko'rsatilmagan xizmat uchun pul to'lashni istamayapti. Bu qarzdorliklarni mas'ullar o'tirib qayta hisob-kitob qilishsin. Ana shundan keyin elektr bilan bog'lab qo'yish ishlarini amalga oshirishsin.
Yana bir gap. Aholi orasida chiqindi tashish xizmati ko'rsatish istagidagi bir nechta tadbirkorlar bor. Ularning texnikalari yetarli. Biroq, bu xizmatni ko'rsatish uchun auktsionda yutib chiqish kerak ekan. Lekin bunday tig'iz vaziyatda xizmat ko'rsatish istagini bildirgan tadbirkorlarga osonroq biror chora o'ylab topishsa yaxshi bo'lardi. Qo'yib berishsin, ular xalqqa xizmat qilishsin. Shunda chiqindilar o'z vaqtida olib chiqilardi va atrof ham ozoda saqlangan bo'lardi.
Hatto 4-5 yildan buyon chiqindiga pul to'lamaydiganlar bor
Biz chiqindilarning o'z vaqtida olib ketilmasligi sabablari va hosil bo'lgan noreal qarzdorliklar borasidagi savollar bilan Zangiota tumani “Toza hudud” DUK mas'ullariga yuzlandik.
— Tumandagi jami 73 ta mahallaning 47 tasiga tashkilot tomonidan xizmat ko'rsatiladi, mahallalar bilan ommaviy shartnomalar tuzilgan, — deydi Abonentlar bilan ishlash bo'limi boshlig'i Izzatilla Azizxo'jaev. — Biroq, texnika yetishmasligi sababli ularning 24 tasi bilan shartnomani bekor qilganmiz. Shuning uchun ayni paytda 23 tasiga xizmat ko'rsatilyapti. Lekin chiqindilarni olib chiqib ketish uchun ham mavjud 4 ta texnikalar bilan mahallalarga borib ulgurmayapmiz. Yaqin kunlarda yana 11 ta texnika olib kelinishi rejalashtirilgan. Ana shunda bu muammolar anchagina bartaraf bo'ladi.
Hozirda turli sabablarga ko'ra hosil bo'lgan noreal qarzdorliklar bo'yicha har bir mahalla raisi bilan birgalikda qayta hisob-kitob ishlari qilinmoqda. 1 avgustdan boshlab, elektr to'lovi chiqindidan paydo bo'lgan qarzdorlikka bog'lanishi ortidan kelib chiqishi mumkin bo'lgan haqli e'tirozlarning oldini olish uchun xodimlarimiz tinim bilmay ishlayapti.
Shu o'rinda aholidan ham iltimosimiz bor. Birinchidan, maishiy chiqindilarni to'plashga e'tiborli bo'lishsin. Сhunki kimdir uyini ta'mirlayapti, kimdir juda ko'p hayvon boqadi va hokazo. Ba'zan ta'mirlashdan chiqqan chiqindilarni mashinaga ortish qiyin. Aslida shartnomaga ko'ra, yirik gabaritli va qurilish-ta'mirlash ishlaridan hosil bo'lgan, chorvachilik, shuningdek agrotexnik ishlardan hosil bo'lgan chiqindilari iste'molchining buyurtmanomasi asosida, alohida to'lov qilingan holda olib chiqilishi aytilgan. Shuning uchun uylari atrofiga faqatgina belgilangan chiqindilarni olib chiqishsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Ikkinchidan, chiqindilar uchun hatto 4-5 yillab pul to'lamaydigan oilalar bor. Ular tunlari chiqindi to'planadigan joylarga, yo'l yoqalariga chiqindi tashlab ketishadi. O'shalar sal vijdonini uyg'otib, o'z oilasidan chiqqan chiqitlar uchun pul to'lab, belgilangan joylarga tashlashlarini so'raymiz. Uchinchidan esa, odamlar o'zlarining mulki bo'lgan ko'p kvartirali va yakka tartibdagi uylarda ro'yxatda turgan yoki vaqtinchalik ro'yxatda turgan yoki umuman, haqiqatda istiqomat qiluvchi shaxslar soni o'zgarganligi to'g'risida o'z vaqtida xabardor qilishsin.
Avval kamchiliklar barataraf etilishi shart
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo'lsak, chiqindilar borasida aholiga biroz madaniyat yetishmasligiga ko'z yumib bo'lmaydi. Aks holda, yillab o'zidan, oila a'zolaridan hosil bo'lgan chiqindiga pul to'lamaslik, olib ketishga majbur bo'lishadi, deya shundoqqina katta yo'l yoqasiga tashlab ketish holatlari urchimasdi. Shuningdek, mas'ullar ham avvalo chiqindi tashish xizmatini yaxshilashni qat'iy nazoratga olmasdan, noreal qarzdorliklarni bartaraf qilmay turib, chiqindini elektr tizimiga ulashni joriy qilishni yana bir o'ylab ko'rishsa yaxshi bo'lardi. Сhunki kamchiliklarni bartaraf qilish shart, bo'lmasa ko'plab chalkashliklar yuzaga kelishi, murojaatlar ortishi turgan gap. Bunday ko'r-ko'rona chiqarilgan tartibdan xalq jabr ko'rishi aniq.
Yana bir muammo shundaki, chiqindi tashishda aholiga xizmat ko'rsatishni istovchi, hamma zarur texnikasi yetarli bo'lgan tadbirkorlar ko'p. Ularning xizmat ko'rsatishi uchun auktsionda qatnashish, uning shartlarini bajarish — ortiqcha vaqt va asabning ketishidan boshqa narsa emas. “Na uyoqlik va na buyoqlik” bo'lmagan mavhum narsani kutib, qolaversa yutib chiqishi shart bo'lgan vaziyatga ko'z tikib o'tirgandan ko'ra, tadbirkor boshqa bir manfaatliroq ish qiladi. Shu tizimni soddalashtirish chorasi ham ko'rilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lardi.
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz
Mақолага баҳо беринг
0/50
0
0
0
0