123 yillik qarama-qarshilik, diktatorning tahdidi va boshqalar: “el-klassiko” tarixi
Dunyo futbolini, jumladan, Yevropa musobaqalarini “Real Madrid” va “Barselona” jamoalari to'qnashuvisiz tasavvur qilib bo'lmaydi.“El-klassiko” nomini olgan o'yinlar o'tkazila boshlaganiga 120 yildan oshiq vaqt o'tdi. Ikki klub o'rtasidagi raqobat nafaqat Ispaniya, balki jahon darajasiga chiqib bo'lgan, hatto O'zbekistonda ham har ikkala jamoaning millionlab muxlislarini topish mumkin.
Istalgan joyda jamoa muxlislari topiladi, ular ko'p tortishadi, hatto jiddiy janjallar ham yuz beradi. “Real Madrid” va “Barselona” qarshiligi o'ziga xos tarixga ega. Masalan, jamoalar o'zining birinchi o'yinni o'tkazganiga bu yil 123 yil to'ldi. Shuningdek, o'yinlarning birida Madrid jamoasi raqibiga naqd 11 ta gol urgan. Biroq, yillar davomida na u taraf, na bu taraf mutlaq ustunlikka erisha olmadi. Har ikkala jamoa ham sovrinlar borasida maqtagulik natijalarga ega.
Qarama-qarshilik siyosiy asosga ham ega: Madrid - Ispaniyaning poytaxti va eng yirik shahri, Barselona - Kataloniya avtonom hamjamiyatining poytaxti va eng yirik shahri, bu yerda Ispaniyadan ajralib chiqishga intiluvchi separatistik kayfiyat kuchli. Ko'pincha klublar qarama-qarshi tomonlarning timsoli sifatida qabul qilinadi: “Real Madrid” ispan millatchiligining ramzi sifatida, “Barselona” kataloniyalik millatchilik ramzi sifatida. Har ikkala klub dunyodagi eng boy va mashhur futbol klublari qatoriga kiradi; 2024 yilda Forbes jurnali ularni eng qimmat uchta futbol jamoasi qatoriga kiritdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar soni bo'yicha ham “Real Madrid” va “Barselona” sport jamoalari orasida yetakchi sanaladi.

Tarixdagi birinchi klassiko 1902 yil 13 mayda, Ispaniya milliy chempionati vujudga kelishidan 24 yil oldin bo'lib o'tgan. U paytda Ispaniya poytaxti sharafini “Madrid” futbol klubi himoya qilardi. Jamoa 1920 yil 29 iyunda qirollik maqomini oldi va “Real Madrid”ga aylandi.
1902 yilgi musobaqa Madrid kubogi yoki “Toj kiyish kubogi” deb nomlangan va qirol Alfonso XIII ning hokimiyat tepasiga kelishiga bag'ishlangan edi. Uchrashuv Madriddagi “Ippodrome de la Kastellano” stadionida, 2 ming 500 muxlis ishtirokida bo'lib o'tdi. O'yinda kataloniyaliklar 1-2 hisobida g'alaba qozongandi.
1939 yil 6 martda diktator Franko nomi bilan tanilgan Fransisko Franko Ispaniya bosh vaziri bo'ldi. U “Real Madrid”ning homiysi bo'lgan va erkinlikni sevuvchi Kataloniya hamda “Barselona”ni jini suymasdi. Aynan Kataloniya hukumat rejimiga oxirigacha qarshilik ko'rsatgan yagona mintaqa bo'lib qoldi. Franko qo'zg'olonchilarni bostirish uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Barcha kataloniyaliklar uchun qonli tartibsizlikda yagona tasalli bu “Barselona” futbol klubi edi. Faqat stadionda mahalliy katalon tilida gaplashish va atributlarni ko'rsatishga ruxsat berildi.
Ammo Madridda “Barsa” futbolchilari ba'zida qo'rqitish va haqiqiy bosimlarga duchor bo'lishdi. Ikkinchi Jahon urushi davom etayotgan 1943 yil 19 iyunda Ispaniya kubogi yarim finalining javob o'yinida (“Barselona” o'z uyidagi birinchi o'yinda 3:0 hisobida g'alaba qozongan) “Real” 11:1 hisobida g'alaba qozongan - bu “el klassiko”dagi eng yirik g'alabadir. (Ispaniya rasman Ikkinchi Jahon urushida qatnashmagan, biroq Gitler Germaniyasiga hayrixoh bo'lgan). Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, o'yin boshlanishidan oldin harbiy kiyimdagi odamlar mehmonlarning kiyinish xonasiga kirib, futbolchilar va murabbiylarga ochiqchasiga tahdid qilib, kerakli hisobda mag'lub bo'lishga undagan. Shu tariqa tanaffusdayoq “Real” 8:0 hisobida oldinda edi...
Shundan so'ng, klassiko ispan futbolidagi asosiy voqelikka aylanib bordi. 1959 yil 15 fevralda “el klassiko” televizor orqali ilk bor translyatsiya qilindi. Stadionga tashrif buyurishga imkon topolmagan tomoshabinlar televizor qarshisiga yugurdilar.

1950-70 yillar “Real Madrid” va “Barselona” raqibligi yangi darajaga chiqdi. Siyosatchilar futbolga faol aralashishni to'xtatmadilar. Argentinalik Al'fredo di Stefano sabab yangi keskinlik vujudga keldi. Dastlab u “Barselona”ga o'tishi kerak edi, ammo ispan hukumati aralashuvidan so'ng u “Real” safiga qo'shildi va bu qarama-qarshilikning yangi bosqichini boshlab berdi. Darvoqe, o'sha yillarda poytaxtlik “qaymoqranglilar” Yevropa futbolida ustunlik qilgan va klub ketma-ket 5 marta Yevropa chempionlar kubogini qo'lga kiritgan.
Keyingi yillar sportdagi raqobat kuchayib borayotgan va ikkala klubning La Ligada ustun kuch sifatida rivojlanishi davri bo'ldi. Xuanito (“Real”) va Diego Maradona (“Barselona”) kabi futbolchilar o'rtasidagi raqobat nafaqat o'yinlarni klublar o'rtasidagi keskinlik timsoliga aylantirdi, balki ularga bo'lgan qiziqishni ham oshirdi. 1995 yilda Mikael Laudrup “Barselona”ning ko'k-anor rangli futbolkasini “Real Madrid”ning oq libosiga almashtirdi. Kataloniyada u eng ashaddiy dushman deb e'lon qilindi va futbolchining “Kamp Nou”dagi ilk “el-klasiko”si futbolchi uchun haqiqiy dahshatga aylandi. U o'yin davomida o'ziga qaratilgan haqoratlarga chiday olmadi va almashtirishlarini so'radi.
Yana bir mashhur futbolchi Luis Enrike Madriddan Barselonaga ko'chib o'tgandi. “Real Madrid” muxlislari ham uning kayfiyatini buzishga harakat qilishdi. Ammo ular muvaffaqiyatga erisha olishmadi. “Santyago Bernabeu”ning g'azabi “Kamp Nou”ning shovqini oldida kuchsizroq chiqdi. “Sizni yomon ko'radigan kataloniyalik muxlislar qarshisida 90 daqiqa maydonda o'ynashdan ortiq azob bo'lmasa kerak”, - degandi Enrike keyinroq.
Ayniqsa, portugaliyalik mashhur yulduz Luish Figuning 2000 yilda “Barselona”dan “Real”ga o'tgani katta ahamiyatga ega voqea bo'ldi. Bu transfer futbol olamini larzaga soldi va muxlislar, ayniqsa, kataloniyaliklar o'rtasida asabiylikka sabab bo'ldi, ular buni hiyonat deb bilishdi. “Kamp Nou”da bo'lib o'tgan bir o'yinda “Barselona” muxlislari Figuga e'tiroz bildirish uchun maydonga cho'chqaning boshini ham uloqtirishdi. Bu futbolchi uchun katta tahqirlanish edi. 2005 yilda esa kamerunlik Samuel Eto'O esa battar olovga moy sepdi. U 12 may kuni Kataloniya klubi chempionlikni nishonlayotgani payti Madrid jamoasiga qarata, “echkilar” deya haqoratomuz so'z ishlatdi. Oqibatda futbolchi alohida matbuot anjumani tashkil etib, madridliklardan uzr so'rashga majbur bo'ldi. Unga 12 ming yevro jarima ham solindi.

Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi yulduzlarning kelishi bilan klassiko butun dunyo bo'ylab millionlab muxlislar tomonidan tomosha qilinadigan global voqeaga aylandi. Qarshilik Messi va Ronaldu o'rtasidagi raqobatning yangi davri sifatida ifodalandi, ikki futbolchi o'rtasidagi har bir o'yin dunyoning eng yaxshi ikki futbolchisi o'rtasidagi jangga aylandi.
“El-Klasiko” shunchaki maydondagi musobaqa emas, balki reklama kampaniyalari, yirik televidenie va tijorat bitimlari uchun platformaga aylandi. Uchrashuvlar bir necha o'nlab mamlakatlarda translyatsiya qilinadi va ular atrofidagi voqealar global sport madaniyatini aks ettiradi.
Messi va Ronaldu davridan keyin klassikoning shiddati o'zgarishsiz qolmoqda. Ko'p yillar davomida hukmronlik qilgan bu yulduzlarsiz ham “Real” va “Barselona” o'rtasidagi o'yinlar qiziqarli va oldindan aytib bo'lmaydigan o'tishda davom etmoqda. Ushbu raqobatning ta'siri futboldan tashqarida ham tarqaladi: o'yinlar katta qiziqish uyg'otadi va siyosiy munozaralar va madaniy ifodalar mavzusiga aylanadi.
Bugungi el-klassiko futboldan ham ko'proq jarayon sifatida ifodalanadi. Bu kurash, g'urur, ehtiros va kuchli iroda ramzi. “Real Madrid” va “Barselona” o'rtasidagi o'yinlar eng yuqori darajadagi futbolning sinonimi bo'lib, Ispaniyaning ikki eng yirik klubi o'rtasidagi ko'p asrlik raqobatning ramzi hisoblanadi.
2025 yil 12 yanvar holatiga ko'ra, “Real” “el-klassiko”da 105 ta, “Barselona” 102 ta marta g'alaba qozongan. To'plar nisbati esa 435 ga 428 tani tashkil etadi. Aytgancha, yaqin bir oy ichida bizni bir emas, ikkita to'qnashuv kutib turibdi. “Real Madrid” va “Barselona” aprel' oyi oxirida dastlab kubok bahsida, so'ngra chempionat doirasida bahslashadi. Kataloniyaliklar hozirda ajoyib sport formasida, ular chempionlik sari odimlamoqda. “Arsenal”ga imkoniyatni boy bergan “Real” biroz kuchsizroq ko'rinmoqda, ammo futbolda har narsa bo'lishi mumkin. Demak, bu mavzu hali-beri trenddan tushmasligi ehtimoli bor.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0