Sotqinlik uchun rag'bat jamiyatni qaerga yetaklaydi?
Sadoqat va sotqinlik. Xiyonat va sobitlik. Bu so'zlar bugungi o'zbeklar uchun nimani anglatadi? Yoshlarga sadoqat tuyg'usi qanday singdirilyapti? Ko'chalarda qoidabuzarlikka yo'l qo'yilgan holatlarni tasvirga olib, tegishli idoralarga yuborgan va buning uchun rag'batlantirilayotgan fuqarolarni kim deb atash mumkin? Odamlarni shunday ishlarga undayotgan qonunlarni-chi? Maktablarda chaqma-chaqarlik uchun o'qituvchidan maqtov eshitib ulg'ayotgan yoshlar kim bo'ladi?
Umuman, ta'lim va jamiyat qonuniyatlarining o'zi bugun farzandlarni sotqin qilib, tarbiyalamayaptimi? Сhaqimchilik evaziga mukofot jamiyat psixologiyasini qaerga yetaklamoqda?
Kinotavsiya
AQSh ijodkorlari tomonidan suratga olingan "Ayol tarovati" nomli fil'mni tomosha qilib, shu savollar hayolimdan o'tdi... Oddiy maktab o'quvchisi va iste'fodagi podpolkovnikning tanishuvidan boshlangan ushbu fil'mda sodiqlik nima, degan savolga sodda va aniq javob topilgan.
Syujet
Dunyoga dong'i ketgan aktyor Al Pachino ishtirokida suratga olingan fil'mning qisqacha syujeti quyidagicha: Frenk AQSh armiyasida uzoq yillar xizmat qilib, nafaqaga chiqqan podpolkovnik. Bu inson ko'r va qo'rsligi sabab u bilan til topishish deyarli imkonsiz. Сharli esa o'rtahol oila farzandi, maktabda a'lo baholarga o'qiydi, u kollejga borishni intiqlik bilan kutmoqda. Yigitcha rojdestvoda uyiga sayohat qilish uchun pul topishi kerak. Shu sabab u keksa podpolkovnik Frenkka qarashga rozi bo'ladi. Barcha voqeliklar ana shundan keyin boshlanadi. Bu orada Сharli maktabda sinfdosh do'stlarining qilmishiga guvoh bo'lib qolgandi. Maktab direktori esa undan sinfdoshlarini sotishini talab qilib, siquvga ola boshlaydi. Evaziga unga mukofot va mashhur kollejga yo'llanma berishini taklif qiladi. Shuningdek, bordi-yu, rozi bo'lmasa, maktabdan haydashini aytadi. Fil'm voqealari ana shu ikki o't orasida qolgan Сharlining tuyg'ulari asosida rivojlanadi. Kino finali esa juda ta'sirchan: Сharli do'stlarini sotmadi. Uni maktabdan haydash maqsadida o'tkazilgan yig'ilishga Сharlining holatidan xabardor podpolkovnik Frenk ham keldi va sahnada otashin nutq so'zladi.
Uning nutqida jumladan shunday gaplar bor edi:
"Ilm maskani xodimlari hushyor torting, bu yerda qanday insonlar yetishayapti? Сharlining bugungi sukuti yaxshi yo yomon bilmayman, hakam ham, oqlovchi ham emasman. Ammo Сharli o'z kelajagini ko'zlab, birovni sotishni o'ziga ep ko'rmadi. Bu esa qalb butunligi, bu - jasorat. Sardorlar aynan shunday sifatga ega bo'lishi lozim. Vijdonlilar ko'pchilik oldida sharmanda qilinadi, og'ir vaziyatda ba'zilar qochadi, ayrimlar esa unga tik boqadi. Сharli do'stlarini sotmadi. Jorj esa otasini pinjiga berkindi. Siz nima qilyapsiz, Jorjni mukofotlab, Сharlini jazolamoqchisiz. Bu maktabda Uil'yam Kauberd, Uil'yam Jeyms, Baer tahsil olgani endi ahamiyatsiz, chunki ulardagi mardlik va adolatlilik ruhi bu yerni allaqachon tark etgan. Bu dargoh endi kalamushlar makoni! Unda endi sotqin va vijdonsizlargina yashaydi. Bu yigitlarni chinakam erkak qilib, tarbiyalamoqchi bo'lsangiz, ish uslubingizni o'zgartiring, ustozlar, - deydi, podpolkovnik sahnada.
Fil'm so'ngida esa maktabdan haydalishi kerak bo'lgan Сharli maktab qahramoniga aylandi, kengash qarori bilan o'qishni davom ettiradigan bo'ldi.
Fil'm yutuqlari
Ushbu kartina rejessiyori Martin Brest kino asarni 1992 yilda suratga olgan. Fil'm daromadi 134,1 million dollar. Kino nomidan ayollar sharafiga suratga olinganday tuyulsa-da, uning asosida ayollar mavzusidan ko'ra, sadoqat tushunchasi asosiy planga olib chiqilgan. Frenk va Сharlining boshqa sarguzashtlari ham tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Fil'm falsafiy va qiziqarli sahnalari bilan hayot mazmunini anglashga undaydi. Shuningdek, kinoda Frenkning ayollarga hurmati va iltifoti chiroyli namoyish etilgan. Xullas, ming marta eshitgandan, bir ko'rgan afzal.
Xulosa
Сhaqimchilikni rag'batlantirish emas, qoralash, sotqinlik illatini mukofotlash emas, yo'q qilish zaruratdir. "Ayol tarovati" fil'mi ana shu jarayonlarni ochib bergan. Bir sadoqat qissasi orqali vatanga, do'stga, o'z maslaklariga sodiqlik haqida hikoya qiladigan eng yaxshi fil'mlardan.
Maftuna Karimova
Maqolaga baho bering
5/51
0
0
0
0