San'atimiz jadidini unutmaymiz, unutolmaymiz...
Bugungi o'zbek qo'shiqchilik san'ati haqida gap ketsa, xayolimizda, eng avvalo, Sherali Jo'raev gavdalanadi. Boshidan do'ppisini yechmagan, yurakdan hayqirib, g'urur va mardlikka undovchi qo'shiqlari bilan dillarga singib ketgan hofiz salkam oltmish yil qo'shiq aytdi. Aytganda ham bir-biridan qolishmaydigan, deyarli barchasi elaro mashhuru manzur bo'lgan qo'shiqlarni kuyga solib xonish qildi. Butun umr chin so'zga bosh egdi, ma'qul so'zga ergashdi.
U mehnatning, zahmatning odami edi. Aytishlaricha, Sherali degan qo'shiqchi chiqqan, endi-endi tanila boshlagan, uni bir marta eshitgan odam mahliyo bo'lib qolgan kezlar Andijonga o'sha davrdagi yurt rahbari Sharof Rashidov boradi. Hosil bayramiga bag'ishlangan tadbirda «Qaro ko'zim»ni maroq bilan ijro etgan yigitchani surishtiradi. Azal-azaldan Navoiy g'azali bilan aytiladigan «Ushshoq» qo'shig'ini alohida qadrlovchi Sharof ota yosh xonandaning iste'dodiga katta baho beradi. Viloyat rahbarlari ham fursatdan foydalanib, uni rag'batlantirish lozimligini eslatishadi. Sharof ota ma'qul deydi, lekin bu ish cho'zilaveradi. Keyingi safar boshqa tadbirga kelganida mahalliy rahbarlar yana Sherali haqida gap ochishadi. «Mayli, – deydi Sharof ota, – ammo uning yo'lini o'zlaring to'sayapsizlar-ku».
Darvoqe, o'sha paytlar yosh xonanda haqida turli mish-mishlar tarqalgan edi. Emishki, bu yigit kechalari qimor o'ynagani borar, ko'ngliga nima kelsa, shuni qilar ekan. Bu gaplar nechog'lik to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligini tekshirish boshlanib, u yashaydigan uyni ikki oy poylashibdi. Aksiga olib, xonanda kechasi biror joyga ketmas, qaytanga tuni bilan kitob mutolaa qilar, tor chertib, biror g'azalni kuyga solar ekan. Poyloqchilar ko'rgan-bilganlarini rahbarlarga yetkazishibdi.
Bu voqeani Sherali akaning o'zlari bot-bot kulib-kulib aytib berardi.
Binobarin, u rostdanam ko'cha xandon bo'lib yurganida o'nlab, yuzlab o'lmas qo'shiqlari dunyoga kelmasdi. Dildan kuylamaganida, ne-ne ko'ngillar oshiqlik ko'chasidan o'tmagan, hofiz qo'shiqlari sabab hayotlari o'zgarmagan bo'lardi.
* * *
Qishlog'imizda klub bo'lardi. Biz hind kinolari jinnisi edik. Bir kuni navbatdagi fil'mga patta sotilayotganda yuqori sinf o'quvchilari meni o'rab olib, shunday deyishdi:
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan, bugun soat sakkiz yarimda Sherali Jo'raev haqida ko'rsatuv bo'ladi-ku!
O'zim uchun muhim sanalgan bu xushxabarni eshitib, yuragim hapqirib ketdi va shu zahotiyoq uyga yugurdim. «Programma»ga qarasam, rostdanam «Sherali Jo'raev kuylaydi» ko'rsatuvi bor ekan. Miriqib ko'rdim. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi alloma shoirlarning Vatan, burch, sha'nu shavkat haqidagi gaplaridan so'ng hofizning shu mavzudagi qo'shiqlari berildi. Juda xursand bo'lib, ertasiga o'sha maktabdoshlarimga rahmat aytdim. Zotan, meni endi hamma Sherali Jo'raevning ashaddiy muxlisi sifatida bilib bo'lgan edi.
* * *
Bu mubtalolik menga nima berdi?
Hofiz qo'shiq qilib aytgan satrlarni yoddan bilardim. Ba'zi joylariga tushunmasam, asl nusxasini qidirib topardim. Shu tariqa hazrat Navoiyni, Mirzo Boburni o'qiydigan bo'ldim. Shoh Mashrab va Yassaviyga muhib bo'ldim. Fuzuliyni o'rgandim, Mulla Panoh Voqifni tanidim, Hamid Olimjon, G'afur G'ulom, Abdulla Orif, Erkin Vohidovlarning muxlisiga aylandim.
Keyin bildim, menga o'xshaganlar juda ko'p ekan. Kitob o'qimasa ham, olamning ma'nosini, odamning sharhini tushuntirib beradiganlarning sanog'i yo'q ekan. Bunga sabab ularning aksariyati hofiz qo'shiqlaridan dunyoni anglab yetganlar, chin oshiqlar ekanini ham bildim keyin.
Hofizning qo'shiqlari shunaqa: olimga aylantiradi odamni.
* * *
Sherali Jo'raevning qo'shiqlari dono va haqgo'y murabbiyga, shirin so'z ustozga o'xshaydi: qaysi mavzuda qo'shiq kuylamasin, tilga olingan mavzu haqida mushohada qilishga majbur bo'lasiz. «Bir ulug' el bor jahonda» degan qo'shiqni eshitsangiz, qanchalar go'zal va muazzam yurtda yashayotganingizni o'ylab, shukronalar aytasiz. El-ulus koriga yarayotganlar, xalqim, deb tunu kun tinim bilmaydiganlarga ajru mukofot bor. Bu haqda hofizdan o'tkazib hech kim aytolmagan hali:
Vatan deya o'lsa kim, tuprog'i sovimag'ay.
E, bu yog'i qiziq bo'ldi-ku, jon chiqqanda jasad besh daqiqada soviydi, deb eshitganmiz. Hofiz esa o'lganning ustiga tortilgan tuproq ham sovimaydi deyaptimi? Bu nima degani? Bu janobi payg'ambarimiz(s.a.v)ning Uhud g'azotida chekkan jabru sitamlari, o'shanda juda ulug' sahobalarning shahid bo'lganiyu, ularning jondan ayro vujudlari qiyomatga qadar asl holicha turishiga kafforat berilganidan xabardorlik degani! Bu asl millatparvarlik, vatanparvarlik shiorda emas, amalda ko'rsatilishi kerak degani! Bu jim turib Vatan haqida hayqirish degani! Bu hamma Vatan, Vatan, deganda jim turib Yurtni sevish degani, bu Vatan, Vatan deb turganlar bir xavf paydo bo'lsa, in-iniga kirib ketganda, jiddu jahd bilan o'rtaga chiqish degani!
* * *
Hazrat Alisher Navoiy yashab o'tganiga qariyb olti yuz yil bo'lyapti. U kishi bitgan satrlar umri ham besh asrni qaritdi. Ul zotning juda ko'p g'azallari turli zamon va makonlarda hofizlar tomonidan kuyga solinib, qo'shiq qilingan. Xususan, biz bilgan Mulla To'ychi hofizdan tortib to hozirgacha Alisher Navoiy misralari ashulaga aylanmoqda. Binobarin, Navoiyni tushunish, tushuntirishda san'at alohida ta'sirga ega ekanini inobatga olsak, bu naqadar mushkul vazifaligini anglaymiz. Navoiydan kuylash uchun esa Navoiydan ozgina xabardor bo'lish zarur. Navoiydan aytish uchun, hech bo'lmasa, u kishining mingdan bir fazilatiga ega bo'lish darkor. Navoiy deb gapirish uchun, jilla qursa, ulug' yozuvchi Oybekning «Navoiy» asarini o'qish lozim.
Sherali Jo'raev bu jihatdan ham saodatli san'atkor. Zero, u Navoiy haqida soatlab gapiradi, manaman degan navoiyshunos olimlar ham u kishi hazratning hech kimning xayoliga kelmagan g'azallarini va g'azallariga muxammaslarni topib, hayratlanarli darajadagi qo'shiq qilganiga tasannolar aytadi. Ayniqsa, «Avvalgilarga o'xshamas», «Izlangiz», «Ayriliq oni yaqindur», «Shitob aylab», «Shirindir», «Ey, xush ulkim», «Oshiq bo'ldim», «Ko'ngil», «Orazin» kabi qo'shiqlar shunchalar obi-tobida aytilganki, eshitgan sari yana eshitgingiz kelaveradi. Oh urib, Dovudiy nafas deganlari shunday bo'ladi, deb yuborasiz beixtiyor.
* * *
Sherali Jo'raevning hidoyatga chorlovchi qo'shiqlarini bir eshitib ko'ring. Ular adashganlarni yo'lga solmoqchi bo'lganlarning gaplaridan ko'ra ming karra ta'sirliroq, tabiiyroq, samimiyroq emasmi? Inchunin, «Hurlar bormish u yonda marvarid marjondek» deb boshlanuvchi qo'shiqni tinglagan kishi borki, ta'sirlanmay qolmaydi. Hofizning ta'kidlashicha, bu qo'shiq dunyoga kelishiga Qur'oni karimning «Voqea» surasi sabab bo'lgan. Bu suradagi muazzam oyatlarni poklanib bir o'qing va uning izidan shu xonishni tinglang, tiynatingiz boshqacha bo'lib qoladi. Bu go'zal xonish muqaddas so'zlarga qanchalar hamohangligini anglab yetasiz va yana hofizga tasannolar aytasiz.
* * *
«Bolaligimni yaxshi eslayman, – degan edilar Sherali aka. – Rahmatli Nurmuhammad otamiz ziyolilarni, kitob shaydolarini yoqtiradigan, qadrlaydigan inson edilar. Shunday kishilarni uyimizga tez-tez yig'ib, tongga qadar nafis suhbatlar uyushtirardilar. Men go'dak holimda mehmonlarga choy tashib, xizmat qilib, suhbatlarga quloq tutardim. Bir burchakka joylashib olib, otaxonlar gaplarini sehrli so'zdek qabul qilardim. Alpomish, Go'ro'g'li, Layli va Majnun, Farhod va Shirin nomlarini ilk bor ulardan eshitganman.
Devorda osig'liq turadigan radiodan yaxshi qo'shiq eshitilib qolsa, ular «Juda fayzli qo'shiq bo'libdi», deyishar, aksincha, o'rtamiyona xonish qilinsa, «E, fayzi yo'q qo'shiq ekan», deyishardi. Bu kabi so'zlar bola qalbimda qattiq o'rnashib qolgani tufayli bo'lsa kerak, ijod deb atalmish siru asrorga to'la olam meni o'ziga rom etdi. Otam menga ko'p kitob o'qitardilar. Davradoshlari huzurida hazrat Alisher Navoiy g'azallarini o'qib berganlarim yodimda. Ana shu muhit, ana shu muhiblik, mana, shuncha yillar o'tsa hamki, meni tark etgani yo'q. Buning uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Meni so'zga, navoga oshno qilgan, juda qiyin zamonlar bo'lsa-da, ziyoli, oqibatli odamlarni chaqirib, ularning suhbati orqali menga ulkan tarbiya bergan otamdan minnatdorman.
Mana, qariyb oltmish yildirki, el xizmatidaman. Ko'p zahmatlar bo'ldi, turli holatlar boshimizga tushdi. Ammo bir zum bo'lsa-da, san'atni tark etmadim. Сhunki otam va onam meni duo qilgandilar. Ota-ona duosi shak-shubhasiz ijobat bo'lishini o'z hayotim misolida ko'rdim. Elning shodon kunlarida ularga yanada xushnudlik ulashishga harakat qildim. Og'ir paytlarda ularning yonida turdim, dard chekkanda, dalda bo'lishga intildim.
Qo'shiqlarim xalqimizga manzur bo'lgan ekanki, to'ylarga chaqirishadi, sizni eshitsak, barcha anduhlarimiz tarqab ketadi, deyishadi. Bunday so'zlarni eshitish, muxlislarning yonib turgan ko'zlariga qarash naqadar baxt!
Ba'zan kuyunchak muxlislar, asl shinavandalarimiz «Sherali aka, shuncha yil ekranda ko'rinmadingiz, bunga sabab nima?» deb so'rab qolishadi. Bunga javoban «Mening yaxshi kunlarim oldinda ekanligida», deyman. Rostdanam, shunday bo'ldi. Muhtaram Prezidentimiz biz, san'atkorlarga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Maqom va baxshichilik san'ati bo'yicha festivallar o'tkazish yo'lga qo'yildi. Televidenie, radio, matbuot eshiklari lang ochildi. Shaxsan men Shavkat Mirziyoevning e'tiboridan behad mamnunman. Jafokash, zahmatu tashvishdan boshi chiqmagan xalqimiz baxtiga shunday insonparvar kishi rahbar bo'lganini Allohning marhamati deb bilaman».
* * *
«Sabr qilgan odamning yuzi hamisha yorug' bo'ladi, – degan edi Sherali aka suhbatlarimizdan birida. – Aytmoqchimanki, ko'p yillar katta sahnalardan yiroqda bo'ldim, davlat tadbirlarida ishtirok etmadim. Biroq xalqimizning qalbidan uzoqlashganim yo'q. Uzoqlashtirmagani uchun Allohga shukronalar bo'lsin. Mana, bugun dorilamon kunlar kelib, bizning dil og'riqlarimiz tumandek tarqab ketdi. Buning uchun yana bir bor muhtaram Shavkat Mirziyoevga tashakkurlarim va ehtiromlarimni bildirib qolaman. Shu kishi rahbar bo'lib, mening yoshligimni qaytarib berdi. Avvalo, kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» kabi ordenlar bilan taqdirlandim. Prezidentimizning yurt manfaati, xalqimiz farovonligi yo'lida qilayotgan ulug'vor xizmatlarini Yaratgan Egam yuksak ajrlar bilan siylasin.
Bugun olam to'fonlar ichra qalqib turgan dengizga o'xshaydi. Ziddiyatlar, afsuski, kun sayin avj olmoqda. Bunday vaziyatda qo'rqib ketasan, odam. Ammo bir taskin bor: jim qarab turilgani yo'q. Prezidentimiz yaxshi qo'shnichilik, uzoq-yaqindagi davlatlar bilan hamkorlik masalalarini juda chiroyli va ibratli tarzda amalga oshirib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan «Vatandoshlar» jamoat fondini olaylik. Bu tashkilotning oldiga qo'yilgan maqsadlar nihoyatda ulug'vor. Unda nafaqat shu zaminda yashayotgan, balki turli sabablar bilan chet ellarda yurgan vatandoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan diydorlashish, muammo va tugunlarni birgalikda yechish kabi vazifalar bor. Avvallari shunday bo'lganmi?.. Xalqdan uzoqlashish bor, lekin yaqinlashish yo'q edi. Hamma o'z holiga tashlab qo'yilgan, umidlar so'ngan, ishonch o'lgan edi. Bugun esa qarang, rahbarlar uyma-uy yuribdi. Men ham o'tgan yillari shunday yo'qlovlarda qatnashdim, katta-katta rahbarlarning eng olis qishloqlarga borib, oddiy odamlarga yordam berayotganiga guvoh bo'ldim.
Buning zamirida inson qadri degan ulug' tushuncha bor. Insonni ulug'lash, uni qadrlash, avvalo, tinch va totuv yashashi uchun sharoit qilib berishdan boshlanadi. Muhimi, biz bir-birimizni e'zozlasak, yuksalamiz. Bir-birimizga ishonsak, mehr bersak, qo'llab-quvvatlasak, yurt obod bo'ladi. Pana-pastqamda mijg'ovlanib, kir qidirgan emas, bir chelak suv bilan bir daraxtni sug'organ odam savob topadi. Shunday ekan, Vatanga, millatga borini berib mehnat qilayotganlarning orzusi ushalsin».
* * *
Sherali Jo'raev mumtoz adabiyotning muxlisi va bilimdoni edi. U kishining hikoya qilishlaricha, Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr» asari Alisher Navoiyni bolaligida o'ziga shunchalar mahliyo etgan ekanki, yosh Alisher bu dostonni boshidan oxirigacha yodlab olib, takror-takror o'qib yurarkan. Bu holdan xabar topgan ota-onasi unga o'qishni man etib, asarni yashirib qo'yishadi. Agar ular shunday qilishmaganda biz bilgan Navoiy yuz karra, ming karra ulug' bo'lardi. Hayratki, ul zot shundoq ham avliyolar avliyosi, shoirlar sultoni, piri komildir. Hayratki, Iso alayhissalom o'z nafasi bilan o'likni tiriltirgan bo'lsa, hazrat Navoiy so'zga jon baxsh etdi. Hayratki, u jamiki hayratlardan balandda, yuksakda, ko'kda. Hayratki, qariyb olti yuz yildan beri biz Navoiyni anglamoqqa intilamiz, anglayotganlarni ardoqlashga talpinamiz. Umuman, Alisher Navoiy asarlarini qayta-qayta o'qiyman. Faqat g'azallarini emas, yirik-yirik dostonlarni ham qo'ldan qo'ymayman.
Internetning You Tube sahifasi orqali xonadonimizda bo'lib o'tgan nazm va navo dasturlarini ko'pchilik tomosha qilgan. Bu kabi anjumanlardan boshqa bir niyat ko'zda tutilgan: keyingi paytda san'atimizdan o'zbekona ruh uzoqlashganday. Yevropaning, dengizning u tomoni san'at asarlari namunalari bizning san'atga kirib kelishida bir narsa paydo bo'ldi. O'zimizning klassik, ya'ni, qadimgi, ming yillab shakllangan she'riyatimizga putur yeta boshladi ozgina. Yoshlarimiz mabodo shuni ko'rsa, yana qaytib ularni esga olsin, degan niyatda Rumiyxonlik, Navoiyxonlik, Boburxonlik, Jomiyxonlik, Mashrabxonlik kechalarini uyushtirdik. Buni xalqimiz juda yaxshi qabul qildi. Asl muddaomiz bu ulug' zotlar merosini, ular kimligini yoshlar qalbiga olib kirish, qanaqadir yo'l bilan ongiga singdirishdir. Davlatimiz rahbari bejiz kitob, ma'rifat haqida gapirmayapti. Najot ta'limda, deb yoshlarga juda katta e'tibor qaratyapti. Mana shular zamirida millatni yuksaltirish, so'z va soz, ilm orqali Vatan sharafini ko'tarish muddaosi turibdi.
* * *
Davlatimiz rahbarining beqiyos mehri, shu jonajon Vatanning har bir farzandiga bo'lgan cheksiz muhabbati tufayli ko'plar qatori ulug' hofiz ham yana davralar, katta-katta shodiyonalar ko'rkiga aylangan edi. Zero, Qoya Burguti bilan yanada mahobatlidir.
Ammo Haqning qazoi qadari shu ekan: Sherali Jo'raev endi oramizda yo'q. U kishini so'nggi manzilga kuzatish marosimiga Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan ming-minglab muxlislar kelishdi. Ko'chalarga odam sig'may ketdi. Hamma yig'lagan, ulug' hofiz, suyukli kishisi bilan vidolashishga to'planganlarga Prezidentimiz ta'ziyanomasi biroz bo'lsa-da, taskin va tasalli berdi. Janozadan oldin O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Shavkat Mirziyoevning betakror san'atkor Sherali Jo'raevni e'zozlash, ardoqlash borasidagi alohida xizmatlarini tilga olganida ko'ngillar bir qalqidi. Hofizni davolashga eng malakali shifokorlar jalb etilgani, u xorijdagi nufuzli shifoxonalarga yuborilgani shu elning aziz bir farzandiga, inson qadriga bo'lgan ehtiromni ifodalagani shubhasiz.
Bu ehtiromu e'zozlar, duolar Sherali Jo'raevning oxiratini obod qilishga sabab bo'lsin. Biz esa xalq ichidan chiqib, uning dard-iztiroblarini kuylagan mard o'g'lonni, elni ma'rifatu g'ururga da'vat etgan hofizni, san'atimiz jadidini unutmaymiz, unutolmaymiz...
Maqsud JONIXONOV,
jurnalist
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0