Bodring bozor «qiroli»ga aylandi – Ishonch.uz surishtiruvi
Muxbir Toshkent shahri bozorlarida sotilayotgan bodring narxlari bilan qiziqdi.
Yangi yil arafasida pomidor va bodring narxi 100 ming so'mgacha ko'tarilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ishonch.uz muxbiri bu borada Toshkentdagi bir qancha bozorlarda bo'lib vaziyatni o'rgandi.
Birinchi manzil – «Yunusobod dehqon bozori». Bu yerda bodring 40-45, pomidor esa 25-30 ming so'mdan sotilayotganiga guvoh bo'ldik.
Shu kunlarda nega aynan bodring qimmatlashib ketgani, bu sabzavot qaerdan olib kelinayotganiga qiziqdik.
Mavzuga doir: Bodring narxlari nega keskin ko'tarildi? Mutaxassis javob beradi
Savdogarlarning aytishicha, bodring asosan Buxoro, Samarqand viloyatidan olib kelinmoqda. Ayrim sotuvchilar esa mazkur mahsulotni «Qo'yliq dehqon bozori»dan, 1 kilosini 37 ming so'mdan olib kelib, ustiga ozroq narx qo'shib sotmoqda.
Eng qimmat sanalgan «Oloy dehqon bozori»da bodring 70-85 ming so'm bo'lsa, pomidor 35-45 ming so'mdan sotilmoqda.
Sotuvchilarning izoh berishicha, bayram kunlari uning narxi yana ko'tarilishi mumkin.
– Bodring O'zbekistonda kam, o'zimiz ham qimmatga olyapmiz. Ha aytgancha, hozir olib qoling, bayram kuni narxi ikki barobarga ko'tariladi, – deydi sotuvchi.
Ishonch.uz bozorlarni kuzatishda davom etadi. Ko'ramiz, yangi yil arafasida narx bo'yicha odamlarni lol qoldiradigan navbatdagi mahsulot qaysi bo'lar ekan?
Madina PO'LAT qizi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0