Poytaxtda 1 kunda 3 tonna non chiqindiga uloqtirilmoqda
Toshkent shahar hokimligi va ekotashkilotlar esa sukutda Ishonch.uz muxbiri nonni uvol qilmayotgan mamlakatlar tajribasini o'rgandi. Kuni kecha Toshkentda bir kunda 3 tonna non chiqindiga tashlanayotgani keng muhokamalarga sabab bo'ldi.
Aslida, bu Toshkentda ilk bor qayd etilgan holat emas, o'tgan yillarda ham poytaxtda non isrof bo'layotgani haqida bong urilgan edi. Shahar mas'ullari va ekotashkilotlar esa uvol bo'layotgan non mahsulotlari borasida har doimgiday sukut saqlamoqda.
Lekin mutasaddilar isrofgarchilikning oldini olish bo'yicha amalga oshirilgan chet el tashabbuslarini ilgari surishi ham mumkin.
Aslida, non uvol bo'layotgan shahar dunyoda faqat Toshkent emas.
Aholisi nonsevar mamlakat bo'lgan Turkiyada ham tonna-tonna non isrof qilinadi.
Ma'lum bo'lishicha, bu mamlakatda har yili 2 milliard donadan ortiq non chiqindiga tashlanadi. Ammo bir necha yil avval Istanbulda mazkur isrofgarchilikka qarshi kurashning yangi usuli ishlab chiqilgan.
Hokimlik tashabbusi bilan Istanbulning Zeytinburnu tumanida chiqindiga uloqtirilayotgan nonlar tadbirkorlar tomonidan qayta ishlanib, qarovsiz hayvonlar va chorva mollari uchun sotiladi. Mazkur hududda qotib qolgan nonni tashlash uchun alohida idishlar qo'yilgan bo'lib, bu yerdan bir kunda 6 million dona atrofida qotgan non yig'ib olinadi. Istanbulda 2013 yildan buyon boshlangan ushbu tashabbusdan so'ng isrofgarchilik har yili 18 foizdan pasayishni boshlagan. O'shanda mas'ullar restoran, yotoqxona va yirik tashkilotlar oshxonalaridan ham qotgan va eskirgan non mahsulotlarini yig'ib, qayta ishlashni maqsad qilganini aytib o'tgan.
Turkiyalik mas'ullar bu tashabbus nonni uvol qilmaslikni odamlarga eslatib turish uchun ham kerakligini aytib o'tgan.
BaigeNews.kz sayti ma'lumotlariga ko'ra, qo'shni Qozog'istonda ham chiqindiga tashlangan nonni qayta ishlash tajribasi mavjud.
Ostonada chiqindi konteynerlari yonida "Faqat non uchun" yozuvi tushirilgan bochkalar qo'yilgan. Bu bochkaga to'plangan nonlar korxonaga olib ketilib, u yerda chorva uchun ozuqa tayyorlanadi. Ushbu bochkaga tashlanayotgan mahsulotlar ichida nafaqat non, balki pechen'e, bulochka kabi mahsulotlar ham bor.
Tadbirkor Ruslan Ubbiniyazovga ko'ra, ushbu bochkalardan bir kunda bir tonnaga yaqin non qoldiqlari yig'ib olinadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish markazi tashabbusi bilan tadbirkor bochkalarni joylashtirgani uchun davlatga to'lanadigan ijara to'lovidan ozod qilingan.
Gollandiyaning Rotterdam shahrida chiqindiga tashlangan nondan elektr energiyasi ishlab chiqarish usuli o'ylab topilgan.
Qotib qolgan non biogazga aylantiriladi, u orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Gollandiyada nondan energiya olish jarayonini tashkil etgan birinchi shahar Amsterdam edi. Ushbu texnologiya poytaxtda o'zini yaxshi ko'rsatganidan so'ng, Rotterdamda ham xuddi shunday non uchun konteynerlar o'rnatilgan.
Gollandiyadagi oziqlanish bo'yicha tadqiqot markazining statistik ma'lumotlariga ko'ra, Niderlandiyaning har bir fuqarosi yiliga o'rtacha 41 kilogramm oziq-ovqatni chiqindiga tashlaydi. Bu chiqindining 22 foizi non va xamir ovqatlarga to'g'ri keladi.
Ushbu markaz mutaxassislari mamlakatda do'kon va restoranlarda tashlab ketilgan nonni qayta ishlash loyihalarini ilgari surish zarurligini ta'kidlashgan. Bunday tashabbuslar Yevropada allaqachon mavjud. Masalan, Ruminiyada restoran va do'konlar oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati tugashidan 3 kun oldin xayriya tashkilotlariga topshirishi shart. Finlyandiyada esa mobil ilova bir necha yildan beri ishlamoqda, buning natijasida do'konlar yaroqlilik muddati tugayotgan mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda sotishlari mumkin.
Qator mamlakatlarda esa chiqindiga tashlangan nonni qayta ishlash usullari yo'lga qo'yilgan.
Xulosa shuki, non mahsulotlarini qayta ishlash isrofgarchilikning oldini olish bilan birga, daromad manbai va eko xavflar kamayishiga ham hissa qo'shuvchi muhim omildir.
Bu borada dunyo mamlakatlarida harakatlar boshlanib, yaxshi natijalar qayd etilgan.
Shunday vaqtda O'zbekistonda bir kunda 3 tonna non uvol bo'layotgani, bu orqali eko muammolar ham ortayotgani achinarli hol.
Poytaxt aholisi, qolaversa, ekologiyaga mas'ul tashkilotlar, shahar hokimligi masalaga befarq qaramaydi, degan umiddamiz.
Maftuna KARIMOVA
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0