Qashshoqlikdan odamlarning hayotini o'zgartirishgacha: Deyl Karnegi hayot yo'li
Bu yil noyabr oyida AQShlik mashhur yozuvchi, pedagog Deyl Karnegining tavalludiga 135 yil to'ldi. U nutq va muomala madaniyati, odamlar bilan muloqot qilish, nizoli vaziyatlarda o'zini tutish, bugungi kunda turmushimizda ko'p uchrayotgan motivatorlikka oid kitoblari, tavsiyalari bilan mashhurdir.
Xo'sh Karnegi kim edi? U nega mashhur va nima ishlarni amalga oshirgan? Quyida shu savollarga javob izlaymiz.
Kambag'al fermerning farzandi
Deyl Karnegi 1888 yil 24 noyabrda Merivill (Missuri shtati) shahri chekkasida, kambag'al fermer oilasida tug'ildi. Bo'lajak omadli insonning bolaligi ko'pam quvonchli bo'lmagan: ular kelajakka ijobiy qarash tugul, non topish va ochdan o'lmaslik haqida o'ylashardi. Oilaning yagona umidi bolalar edi. Karnegi yoshi ulg'aygach, oddiy o'qituvchilarni tayyorlovchi kollejga o'qishga kirdi, chunki u yerda ta'lim bepul edi. U o'zining notiqligi bilan ajralib turardi. Yigitcha asta-sekin turli debatlarda qatnasha boshladi.
Lekin u kollejni tugatib, o'qituvchi bo'lmadi, balki savdo agenti bo'lib ishlay boshladi. Aynan shu davr unga kitoblarida ilgari surgan ko'p narsalarni o'rgatdi: kamroq bahslashish, ko'proq tabassum qilish, boshqalarning tanlovini maqtash, ularni ko'proq tinglash.
N'yu-Yorkka “yurish”
U o'zidagi notiqlik qobiliyatidan foydalanishni istardi. 1911 yilda N'yu-Yorkka kelib, bir yilda tinglovchilar uchun kurs ochdi. Dastlab uning muvaffaqiyatiga ko'pchilik shubha ko'zi bilan qaradi.
Lekin Karnegiga omad kulib boqdi. O'sha paytda AQShda o'z ustida ishlash va rivojlanish kurslariga talab oshib ketdi. Karnegi odamlar bilan muloqot qilish, savdo va muomalaga oid kurslar o'tardi. Hatto 1914 yilda kelib kurslaridan haftasiga 500 dollar mablag' topishga muvaffaq bo'ldi. Bu o'sha davr uchun juda katta pul edi.
20-yillarga kelib allaqachon AQShning bir nechta shaharlarida uning nutq maktablari ochilgandi. Shu yillarda u “Notiq san'ati: tadbirkorlar uchun amaliy kurs” kitobini yozdi. Lekin Deyl Karnegiga haqiqiy shuhratni 1936 yilda yozilgan “Do'stlarni qanday yutish va odamlarga ta'sir o'tkazish” kitob keltirdi. Kitob tezda bestseller asarga aylandi va bir yil ichida milliondan oshiq nusxada sotildi.
Kitobda quyidagi tavsiyalar mavjud: “Tez-tez tabassum qiling va odamlarni ismi bilan chaqiring. Odamlarga va ularning sevimli mashg'ulotlariga qiziqish bildiring. Suhbatdoshingizni ko'proq tinglang va o'zingiz kamroq gapiring. Odamlarni tanqid qilmaslikka harakat qiling, lekin ularni tez-tez maqtang”.
Karnegi yozadi: “Tanqid befoyda – u odamni mudofaaga majbur qiladi, o'zini oqlashga urinishlarni rag'batlantiradi. Tanqid xavflidir, chunki u insonning g'ururiga zarba beradi, o'zini o'zi qadrlash tuyg'usiga putur yetkazadi va uni xafa qiladi.
Munozarada ustunlikka erishishning yagona yo'li – undan qochishdir. Boshqa odamlarning fikrlariga hurmat ko'rsating, hech qachon nohaq ekanini yuziga solmang. Har qanday vaziyatga boshqa odamning ham nuqtai-nazaridan qarashga harakat qiling...”.
Diqqat qiling, Karnegining bu o'gitlari bugungi kunda, insoniyat ijtimoiy tarmoqlardagi bahsga sho'ng'igan davrda qanchalik o'rinli.
Uning har xil muxlislari bor
Deyl Karnegi ikki marta uylangan, 1955 yil 66 yoshida vafot etgan. Vafoti vaqtida uning kitoblari naq besh million nusxada sotilishga ulgurgandi. AQShning 750 dan oshiq shaharlarida uning kurslari ochilib, 450 ming kishi uni tugatishga ulgurgandi.
Ta'kidlash joizki, uning o'quvchilari, muxlislari orasida turli kishilar bor edi. Jumladan, milliarder Uorren Baffetdan tortib, ashaddiy qotil Сharlz Mensongacha. Sobiq ittifoqning so'nggi rahbari Mixail Gorbachyov ham Karnegi asarlari unga ko'p foyda berganini qayd etgan. AQShni boshqargan Lindon Jonson ham bir paytlar Karnegi maktablaridan birida bilim olgan.
Karnegi va uning asarlarini hammayam yaxshi ko'rmaydi. Uning tanqidchilari ham ko'p edi. Ular muallifni nosamimiylikda, suhbatdoshga yon bosish va hatto firibgarlikda ham ayblashardi.
AQShlik yozuvchi Sinkler L'yuis Karnegini firibgarlikda ayblab chiqqan. Uning fikricha, Karnegi g'oyalari odamlardan nimadir foyda olish uchun o'zini ijobiy shaklda ko'rsatish va tabassumga majburlashdan iborat. Psixolog Everett Leo Shostrom esa Karnegi g'oyalariga qarshi “Manipulyator odam” nomli asar yozdi.
Tanqidchilarga ko'ra, Deylning tavsiyalari yuzaki muloqot va soxta do'stlar orttirishga xizmat qiladi. Albatta, katta shaxsiyatlar haqida ziddiyatli fikrlar bo'lishi tabiiy. Ular haqida qanday xulosa chiqarish zukko o'quvchining o'ziga havola.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0