Inson hayoti bilan hazillashib bo'lmaydi
Ochig'i, siyqasi chiqib ketgan bu mavzuda yozish niyatim yo'q edi. Lekin chiday olmadim. Сhunki keyingi paytlarda ko'chada piyoda ham, transportda ham xotirjam yurolmaydigan bo'lib qoldik. Men, ayniqsa, yo'lni kesib o'tishda juda qiynalyapman. Sababi barchaga ayon – ayrim haydovchilar svetoforning qizil chirog'iga ham, yashil chirog'iga ham qarashmaydi. Ularning nazdida piyodalar go'yoki odam emas...
Har tong ishga kelayotganimda kamida bir marta mashinalar to'qnashganini ko'raman. Ana shunday lahzalarda xayolimda «Bular qayoqqa va namuncha shoshishadi? Nega yo'l qoidalarini buzishadi?» degan savollar g'ujg'on o'ynaydi. Kechqurun qaytayotganimda ham ko'pincha shunaqa ko'ngilsizliklarning shohidi bo'laman.
Ular bilan tortishish befoyda
Avtobusdaman. U svetoforning qizil chirog'ida to'xtab turibdi. Birdan ketma-ket berilgan uzundan-uzoq signallardan cho'chib tushib, o'ng tomonga qaradim va uch-to'rt mashina ichki ko'chadan katta yo'lga chiqmoqchi bo'layotganini ko'rdim.
Holbuki, buning sira iloji yo'q edi. Сhunki avtobusning oldida 50 taga yaqin, ortida esa undan ham ko'proq mashinalar turibdi. Shunga qaramay, boyagi avtomobillar egalari basma-basiga signal berishardi. Ularning xurmacha qiliqlaridan jahlim chiqib, qo'llarim bilan «Avtobus qayoqqa yursin? Axir, u o'rtada turibdi-ku, shungayam aqllaring yetmaydimi?» degan ma'noda imo-ishora qildim. Bunga javoban ular boshlarini oynadan chiqarib va qo'llarini paxsa qilib, nimalardir deya baqira ketishdi. Bu holatni kuzatib turgan avtobus haydovchisi «Qo'ying, singlim, ular bilan tortishishning foydasi yo'q», deya meni tinchlantirishga urindi.
Rossiyalik dugonamning hayrati
Men bilan birga katta bo'lgan rus millatiga mansub dugonalarimning ko'pchiligi Rossiyaga ko'chib ketishgan. Ulardan biri – Marina yaqinda ota-onasini ko'rish niyatida oila a'zolari hamrohligida O'zbekistonga keldi. Shu bahonada bolalikdagi do'stlar ham diydorlashdik. Gap orasida Marina yurtimizda mashinalar juda ko'payib ketganini eslab qoldi.
– Bu demak, o'zbekistonliklar yaxshi yashayapti, – dedi u mamnun qiyofada. – Lekin meni bir narsa ajablantirdi, u ham bo'lsa, bu yerda ko'pchilik yo'l harakati qoidalariga rioya qilmas ekan. Haydovchilar orasida ham o'zaro hurmat yo'qdek. Piyodalar haqida esa gapirmay qo'ya qolay... Bizning oilada ikkita avtomashina bor. Birini erim haydaydi, ikkinchisini o'zim. Lekin O'zbekistonda rulga o'tirmagan bo'lardim. O'ylab o'yimga yetolmayapman, odamlar peshona teri bilan topgan puliga va umriga achinmaydimi?!.
Xorijda ko'rganlarim
Mehnat ta'tili chog'i Tailandga safar qildim. Bu mamlakatdagi yo'l harakati qoidalari bilan tanishib va haydovchilarning bir-biriga iliq munosabatini ko'rib, havasim keldi. Mashinalar bizdagiga nisbatan ko'p bo'lsa-da, egalaridan birortasi tezlikni belgilanganidan oshirganini, tartib-qoidani buzganini yoki besabab signal chalganini ko'rmadim.
To'g'ri, ikki hafta ichida ko'z o'ngimda ikkita avariya ro'y berdi. Birinchisida «Toyota» yon tomonida harakatlanayotgan mototsiklni ohista turtib yubordi. Oqibatda mototsikl haydovchisi rulni boshqarolmay yiqildi. Piyodalar yo'lakchasidan ketayotgan ikki kishi yugurib borib, uni va ulovini darhol chetga olishdi. Mashina egasi esa undan tusha solib, ikki qo'lini ko'ksiga qo'ygancha egilib-bukilib jabrdiydadan uzr so'ray boshladi.
Ikkinchi voqea ham shu zaylda kechdi. Ahamiyatlisi, to'qnashuvlardan mashinalarga ham, insonlarga ham sezilarli darajada zarar yetmadi. Shuningdek, bu voqealarni telefonda tasvirga olayotganlar ham ko'rinmadi.
Odam tashiyotganini unutib qo'yayotganlar
Kunda-kunora «Damas» rusumli yo'nalishli taksilar falokatga uchrab, ag'darilib ketgani yoki boshqa transport vositasi bilan to'qnashgani tufayli salonida o'tirgan yo'lovchilar jabr ko'rgani haqida eshitamiz. Bunday noxush hodisalarga asosan haydovchilarning yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilmasliklari sabab bo'ladi. Buni Toshkent viloyatida joylashgan uyimdan to poytaxt chegarasigacha «Damas»da keladigan yo'lovchi sifatida men ham yaxshi bilaman. Haydovchilardan ba'zilari o'zlarini odam emas, o'tin tashiyotganday tutib, tezlikni haddan ziyod oshirib yuborishadi. Maqsadlari so'nggi bekatga tezroq yetsalaru, yana odam olib qaytsalar. Ular yo'lovchilarning «hay-hay»lashlariga parvo qilishmaydi, svetofor chirog'iga ham qarashmaydi, yo'lda chiziqlar bor-yo'qligiga mutlaqo qiziqishmaydi.
Turgan gap, bu yanglig' beboshliklar oxir-oqibat avtofalokatlarni keltirib chiqaradi. Ustiga-ustak, ana shunday qaltis damlarda mashinasida yo'lovchilarni olib ketayotgan haydovchi birinchi navbatda ularning holidan xabar olish o'rniga narigi haydovchi bilan dahanaki jangga kirishib ketadi. Jabrdiydalar esa avariyaga uchragan mashina ichidan o'zlari bir amallab chiqib, shifoxonaga ham o'zlari borishadi...
Haydovchida javobgarlik hissi ustun bo'lishi shart!
Avtomashinani boshqarayotgan haydovchi, eng avvalo, o'zi tashiyotgan hamda ko'cha yoki yo'lda piyoda borayotgan yo'lovchilarning xavfsizligi, hayoti va sog'lig'i uchun javobgar sanaladi. Harakatlanish jarayonida biron kor-hol yuz bersa, u qonun oldida javob beradi. Ko'ngilsiz hodisa oqibatlari unchalik og'ir bo'lmasa, jarima bilan qutuladi. Bordi-yu, uning ehtiyotsizligi va shoshma-shosharligi birovning o'limiga sababchi bo'lsa-chi?!. Umrining qanchadir qismi qamoqda o'tgani yetmaganday, falokat qurbonining norasida bolalari yetim qolgan bo'lsa, qonunga binoan, ularga voyaga yetgunlariga qadar tovon puli ham to'laydi. Vijdon azobidan esa umrbod qutulolmaydi.
Och qornim, tinch qulog'im
Mamlakatimizda oxirgi paytlarda yo'l harakati qoidalariga ko'p o'zgartirishlar kiritilyapti. Сheklovlar va jarimalar borgan sari ortyapti. Lekin bu o'zgarishlar ba'zi kishilarga ta'sir qilmayapti. Ular oyiga yigirma million so'mlab jarima to'lasalar-da, yo'l harakati qoidalariga to'liq rioya qilish shartligi haqida o'ylab ko'rishmayapti.
– Dardimni kimga aytishni bilmayman, – deydi sartaroshxonadagi ayol hasratidan chang chiqib. – Uzoq yillar tinimsiz ishlab pul yig'dik. Unga ezgu niyatda yengil avtomobil' sotib oldik. Ammo shundan keyin hayotimizdan halovat, ro'zg'orimizdan qut-baraka yo'qoldi. Uyimizga har kuni jarima xati keladi. Unda qayd etilgan pul miqdori otning kallasiday bo'lgani tufayli erim ikkimizning o'rtamizda «jang» avjiga chiqadi. Men «Yo'l harakati qoidalarini bilmasangiz, mashinani haydamang», deb jig'ibiyron bo'laman. U esa «Qoidaga rioya qilsam, hammadan so'kish eshitib, malomatlarga qolaman. Sen buni bilmaysan-da...» deya jahli chiqadi. Xullas, «Och qornim, tinch qulog'im» deganlaridek, kunimiz mashinasiz bo'lsa ham, tinchgina o'tgani ming marta yaxshi edi...
Jazolashning antiqa usullari
Ma'lumotlarga ko'ra, ko'plab mamlakatlarda fuqarolar yo'l harakati qoidalariga qat'iy amal qilishadi. Haydovchilar bir-birlarini va piyodalarni juda hurmatlashadi. Aks holda, ular jiddiy ravishda jazolanadi. Ba'zi davlatlarda bu borada antiqa usullar ham qo'llaniladi. Ular ko'pincha g'ururi toptalgan haydovchilar tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, Turkiyada aybdor shartta qurol bilan otib tashlanadi. Rossiyada «delovoy»ning mashinasi montirovka vositasida chilparchin qilinadi. Yon qo'shnimiz Qozog'istonda ham shu ahvol. Jumladan, piyodaga yo'l bermagan haydovchini oddiy fuqaro urib, chalajon qilib tashlaydi.
Albatta, biz bunday xatti-harakatlarni ma'qullamaymiz, hammasi joriy qonun-qoidalar asosida va risoladagiday bo'lishini istaymiz.
Hech qursa, pulingizga achining!
Odamlarning ko'pchiligi yillar davomida pul yig'adi. Qurbi yetgani yangi mashina xarid qilish uchun uzoq vaqt navbatda turadi. Kuchi yetmagani ijaraga mashina oladi, to'yib yemay-ichmay va durustroq kiyinmay, ikki-uch yillab o'zini ham, oila a'zolarini ham qiynaydi. Mashinaning ijara pulini to'layman deb yana boshqa qarzlarga ham botadi.
Xullas, «mashinali boyvachcha» bo'lish hammaga ham nasib etavermaydi. Сhunki pul osonlikcha topilmaydi. Shunday ekan, avvalo, uni tejamkorlik bilan ishlating. Mashinali bo'lgach, uni avaylab, yo'l harakati qoidalarini buzmay haydang. Aks holda, hali mashina qarzlaridan qutilmay turib, ketma-ket millionlab jarima to'lashga majbur bo'lishingizni zinhor-bazinhor unutmang. Hech qursa, pulingizga achining!
Dilorom XUDOYBERGANOVA
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0