Bolalarda kamqonlik qanday asoratlarga olib keladi?
Bola organizmida temir moddasining yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan kamqonlik boshqa kasalliklarga ham yo'l ochishi bilan xavflidir. Sababi anemiyadan shikoyat qilayotgan bemorlarning boshqa infektsion xastaliklarga chalinish ehtimoli ham yuqori bo'ladi. Yosh bolalarda kamqonlik muammosi ijtimoiy ahamiyatga ega. Bolaning to'g'ri rivojlanishi va tengdoshlaridan jismonan ham aqlan orqada qolmasligi uchun ham bu kasallikka aslo befarq qarab bo'lmaydi. Ushbu kasallik borasidagi savollarimizga malakali pediatr Shahzoda Anorboeva javob beradi.
– Bolalarda uchraydigan kamqonlik haqida ma'lumot bersangiz...
– Anemiyani pediatr, qiyin holatlarda esa gematolog davolaydi. Bolalar anemiyasi butun dunyo pediatrlarining muammosi sanaladi. JSST ma'lumotlariga tayanadigan bo'lsak, maktabgacha yoshda bo'lgan bolalarning 47 % va maktab yoshidagi bolalarning 25 foizi anemiyadan aziyat chekadi. Qon tarkibidagi gemoglobin miqdorining pasayib ketishi kamqonlik kasalligiga sabab bo'ladi. Miyaga kislorod yetkazib berish esa aynan qondagi gemoglobinning asosiy vazifasidir. Bu kasallik bilan og'rigan bemorlarda turli infektsion xastaliklarga chalinish xavfi yuqori bo'lib, uni tezda bartaraf etish qobiliyati past bo'ladi. Qon tarkibida organizmning hayotiy o'sib rivojlanishi uchun muhim bo'lgan oziq moddalar mavjud.
Eritrotsitning asosiy vazifasi kislorod molekulalarini tashishdir. Kislorod organlar va to'qimalarga gemoglobin – temir tarkibidagi maxsus oqsil orqali yetkaziladi. O'rtacha gemoglobin darajasini quyidagi raqamlarda ko'rishingiz mumkin:
G / Ldagi normal gemoglobin darajasi (litr uchun gramm) yoshga bog'liq:
- yangi tug'ilgan chaqaloqlarda - 180 dan 240 gacha;
- 1 oydan 6 oygacha - 115 dan 175 gacha;
- 6 oydan 5 yoshgacha - 110 dan 140 gacha;
- 5 yoshdan 12 yoshgacha - 110 yoshdan 145 yoshgacha;
- 12 yoshdan 15 yoshgacha - 115 yoshdan 150 yoshgacha.
– Anemiya kelib chiqishining asosiy sabablari nimada?
– Bolalardagi kamqonlik turli sabablarga ko'ra rivojlanadi. Ota-ona sinchkovlik bilan ushbu kasallikka nima turtki bo'lganini aniqlashi kerak. Anemiya – tashqi va ichki, nasliy va orttirilgan, homiladorlik va tug'ilgandan keyingi, patologik va asosiy omillar asosida yuzaga keladi. Ayolning homiladorlik davridagi kamqonligi bolaga o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi. Achinarlisi homilador ayollarning temir moddasiga bo'lgan talabining ikki karra ortishi oqibatida kelib chiqadigan anemiya soni katta ko'rsatgichlarni ko'rsatadi. Bolalar uchun anemiya xavfli kasallik sirasiga kiradi. Sababi bola kun sayin o'sadi va ma'lumki o'zining «zahiralari» kam bo'lsa, rivojlanishdan orqada qolishi mumkin. To'yib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarni iste'mol qilmaslik ham anemiyaga sababchi bo'ladi. Organizmda gemoglobin darajasining uzoq vaqt past bo'lishi bolada gipoktsiya ya'ni kislorod yetishmovchiligiga olib keladi. Natijada a'zolar va to'qimalar ziyon ko'radi. Anemiya tufayli bolalar jismoniy va intellektual rivojlanishdan orqada qolishlari mumkin. Qolaversa, surunkali va yuqumli kasalliklarga moyil bo'ladi.
– Kasallikning belgilari va o'z vaqtida davolanmasa qanday asoratlarga olib kelishi haqida ma'lumot bering.
– Anemiya ko'plab a'zolar va tizimlarga ta'sir qiladi. Ilk belgilar terida paydo bo'lib, oqarib mayinlashadi. Tirnoq va sochlar mo'rtlashib, yorqinligini yo'qotadi. Tez-tez til yallig'lanishi, yuzaki yaralar paydo bo'lishi mumkin. Kamqonlik, asab tizimiga ham ta'sir qiladi. Sababi kamqonlikda quloqda shovqin paydo bo'ladi va bosh aylanishi kuzatiladi. Anemiyaning eng yorqin belgisi – doimiy charchoqlik va behollikdir. Eng yomoni 1 yoshgacha bo'lgan bolalarning rivojlanishi tengdoshlarinikidan ancha orqada qoladi. Og'irroq ko'rinishlarida hatto hushdan ketishi va yuragi tez-tez urishi mumkin. Sababi kamqonlik qon bosimining pasayishiga ham sabab bo'ladi.
– Aniq tashxis qo'yish uchun qanday tekshiruvlardan o'tish kerak?
– Bolada kamqonlik belgilarini sezgan ota-ona eng avvalo qon tekshiruvlari uchun analiz tekshiruvlarini amalga oshirish zarur. Qondagi eritrotsitlar va gemoglobin sonining ko'rsatkichlari orqali tashxis qo'yiladi. Gemoglobin miqdori 110 g / l dan eritrotsitlar 3,5 x 10¹² / l dan kam bo'lsa, anemiya tashxisi qo'yiladi. Bu ko'rsatkich anemiyaning yengil darajasiga tegishli. O'rtacha anemiya quyidagi ko'rsatkichlar bilan o'rnatiladi: gemoglobin 90 g / l dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² / l gacha, og'ir gemoglobin bilan 70 g / l dan kam, eritrotsitlar 2,5x10¹² / l dan kam. Bolada kamqonlik aniqlanganda nafaqat gematolog balki gastroenterolog, nefrolog, pediatlarga murojaat qilinadi.
– Davolash davrida nimalarga ahamiyat qaratiladi?
– Kamqonlikni davolashning bosqichlari to'liq shifokor nazorati ostida o'tishi lozim. Agar bolada anemiyaning yengil ko'rinishi kechayotgan bo'lsa, temir moddasiga boy bo'lgan ovqatlar va qo'shimcha vitaminlar beriladi. Takroriy kamqonlik yuzaga kelmaslik uchun ushbu jarayonni to'xtatmaslik zarur. Ratsionda mol go'shti jigari, dukkakli ekinlar, dengiz mahsulotlari, yangi sabzavot va mevalar, ko'katlar o'rin olishi kerak. Temir preparatlari va vitaminlari ko'rsatilgan dori-darmonlarni shifokor tayinlaydi.
– Anemiyani oldini olish borasida qanday tavsiyalar berasiz?
– Anemiyada ham boshqa kasalliklar singari davolashdan ko'ra oldini olish osonroq kechadi. Temir tanqisligi kamqonlikning asosiy sababi ekanligini hisobga olsak, to'g'ri ovqatlanishning ahamiyati juda katta. Bola tug'ilmasidanoq oldinroq homilador ayollar sog'lom ovqatlanishga, yetarlicha uxlab dam olishga erishishi zarur. Ilk 6 oylikda ona sutiga qo'shimcha ovqatlar qo'shib borish zarur. Katta yoshdagi bolalar uchun turli xil ovqatlanish balansini tashkil qilish kerak. Сhaqaloqlarni iloji boricha ochiq havoda bo'lishi va quyosh vannalarini qabul qilishi muhimdir. Agar bu yetarli bo'lmasa, vitamin-mineral komplekslari va tarkibida temir moddasi saqlovchi preparatlardan foydalanish mumkin. Muhim eslatma. Temir moddasi organizmga yaxshi so'rilishi uchun S vitamin suv va havodek zarur. Ba'zi mahsulotlar esa bu jarayonga qarshilik ko'rsatadi. Masalan, sut, choy va kofe. Ularni kamroq iste'mol qilish tavsiya etiladi.
Feruza RAHIMOVA
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0