34 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot mahalliylashtirilmoqda
Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida gazni tayyorlash va tozalash jarayonlarida qo‘llaniladigan NaA markali seolitni mahalliylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda mazkur mahsulot import asosida xarid qilinadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2027 yilda NaA seolitga bo‘lgan ehtiyoj qariyb 1 ming tonnani tashkil etadi va bu maqsad uchun 34 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Mahsulotni mahalliylashtirish natijasida esa 12 foizga yaqin iqtisodiy samara olinishi kutilmoqda.
Loyiha Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Milliy metrologiya agentligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida mahalliy ishlab chiqaruvchi “Shturval” MChJ bilan amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi bosqichda mahalliy mahsulotning texnik va sifat ko‘rsatkichlari akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada sinovdan o‘tkaziladi. Ijobiy natija qayd etilgan taqdirda mahsulot sanoat tajriba-sinoviga yo‘naltiriladi.
Shundan so‘ng Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi mavjud sinov qurilmasi tayyor holatga keltirilib, mahalliy NaA seolitining amaldagi texnologik jarayondagi samaradorligi baholanadi.
Loyiha nafaqat import hajmini qisqartirish, balki muhim texnologik mahsulotning ichki bozorda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, taʼminot barqarorligini taʼminlash va mablag‘larni tejash imkonini beradi.
Mahsulot laboratoriya va sanoat sinovlari ijobiy natija bersa, mahalliy NaA seolitini tarmoq korxonalarida keng joriy etish bo‘yicha amaliy choralar belgilanadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0