+37C

+37C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

37 ta ajrim. Har kuni...

Uzoq yillar bir tom ostida yashagan, bir dasturxon atrofida o‘tirgan, farzandlarining kelajagi haqida shirin orzular qilgan er-xotin to‘satdan bir-biriga begona bo‘lib qolmaydi. Bunday nizolar oylar, yillar mobaynida ro‘y beradigan hodisa. Oilada avval tushunmovchilik yuzaga keladi. Sekin-asta o‘zaro suhbatlar qisqaradi. Shu tariqa mehr o‘rnini eʼtiroz, ishonch o‘rnini shubha egallab, mojarolar kelib chiqadi.
Jamiyat
78 14:29 | 11.08.2026 14:29

Shu bosqichda muammo ijobiy hal etilsa, nur ustiga nur, aks holda, oddiy kelishmovchilik nizoga, nizo ajrimga, ayrim hollarda esa fojiaga aylanishi hech gap emas. Demak, ajrim haqidagi sud qarori aslida bir kunda qabul qilingan qaror emas, balki yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarning huquqiy jihatdan yakun topishidir…


Statistika qo‘mitasi yaqinda eʼlon qilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida mamlakatimizda 24,8 mingta ajrim qayd etilibdi. Bu har kuni o‘rtacha 137 ta oilaning rasman parchalanganini anglatadi. Har bir raqam ortida esa oila, inson taqdiri, achinarlisi, ruhiy tushkunlik, tirik etim bolalar bor.


To‘g‘ri, hamma ajrimni ham fojia deb baholab bo‘lmaydi. Oilada doimiy haqorat, tazyiq yoki zo‘ravonlik hukm sursa, uni qanday qilib bo‘lmasin, saqlab qolishga urinish adolatdan emas. Zero, gap inson taqdiri xususida bormoqda. Bunday vaziyatda birinchi vazifa jabrlanuvchini himoya qilishdir. Ammo yil sayin ajrimlar ortib borayotgani biz hali-hamon sabablar qolib, oqibatlar bilan kurashib yotganimizdan dalolat beradi.


Xo‘sh, nima uchun bir oilaviy muammoni, asosan, u sud eshigiga etganda yoki qandaydir fojia yuz bergandagina ko‘ra boshlaymiz?


Aslida, oilaviy inqirozlarning yagona va tugal sababi yo‘q. Uni davr o‘zgarishi, qadriyatlarga putur etishi yoki iqtisodiy qiyinchiliklar bilan izohlab bo‘lmaydi. Baʼzi oilalarni ishsizlik emirsa, boshqalarini qarzdorlik yoki uy-joy muammosi izdan chiqaradi. Kimdir mehnat migratsiyasi tufayli oilasidan uzoqlashadi, yana boshqasi qarindosh-urug‘ining ortiqcha aralashuvi sababli tinchligini yo‘qotadi. Ruhiy bosim, bir-birini eshitmaslik, masʼuliyatsizlik, muloqot madaniyatining etishmasligi ham ko‘plab mojarolarga zamin hozirlaydi. Xullas, har bir oilaning dardi o‘ziga xos. Lekin ajrim yoqasidagi oilalarning barchasini birlashtirib turadigan bitta umumiy jihat bor, u ham bo‘lsa, muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmagan.


Biz to‘yga nikohdan ko‘ra, jiddiyroq tayyorgarlik ko‘ramiz. Tantanali marosim uchun oylab reja tuzamiz, katta mablag‘ sarflaymiz, eng yaxshi restoran qidiramiz. Ammo er-xotin munosabati qanday quriladi, kelishmovchilik qanday hal etiladi, oilada masʼuliyat qanday taqsimlanadi, nizo kelib chiqsa, uni qanday engish mumkin, degan savollar ko‘pincha muhokama qilinmaydi. Vaholanki, nikoh bir kunlik bayram emas, bir umrlik masʼuliyatdir. Eng achinarlisi shundaki, oiladagi har bir mojaroning eng og‘ir oqibatini, odatda, bolalar tortadi.


Sudda er-xotinning mulki bo‘linadi, aliment miqdori belgilanadi, huquqiy masalalar hal qilinadi. Ammo bolaning qalbida paydo bo‘lgan bo‘shliqni hech narsa to‘ldirolmaydi. Doimiy janjal muhitida ulg‘aygan bola xavfsizlik hissini yo‘qotadi. Ota-onasining bir-biriga munosabati uning ruhiyatiga taʼsir ko‘rsatadi. Shunday ekan, har bir ajrim ortida, avvalo, inson taqdiri turganini unutmaslik kerak.


Keyingi yillarda mamlakatimizda oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta tizim shakllantirildi. Mahalla institutining vakolatlari kengaytirildi, «mahalla ettiligi» faoliyati yo‘lga qo‘yildi, xotin-qizlar faollari, ijtimoiy xodimlar, profilaktika inspektorlari, yoshlar etakchilari kabi tuzilmalarning o‘zaro hamkorligi kuchaytirildi. Buning barchasi bir maqsadga – oilaviy muammolarni erta aniqlash va ularga o‘z vaqtida echim topishga xizmat qilishi lozim edi. Biroq…


Xo‘sh, ushbu tizim oilada muammo endi paydo bo‘layotgan paytda ishga tushyaptimi? Yoki masʼullar er-xotin sudga murojaat qilganidan keyingina faollashyaptimi?


Taassufki, real holat bunday chora-tadbirlar er-xotin munosabatlari sovib bo‘lgan, o‘zaro ishonch yo‘qolgan, ikki tomon ham o‘z qarorini deyarli qabul qilib bo‘lgach, yaʼni sudgacha etib kelgandan so‘ng amalga oshirilayotganini ko‘rsatmoqda. Bunday vaziyatda esa muammoni hal qilishning deyarli imkoni yo‘q. Qandaydir komissiyalar tuzish yoki navbatdagi yig‘ilishlarni tashkil etishdan ko‘ra, mavjud imkoniyatlarni aynan profilaktikaga yo‘naltirish ko‘proq samara beradi.


Ha, oila har kimning shaxsiy hududi hisoblanadi. Na mahalla raisi, na profilaktika inspektori, na boshqa biror idora er-xotinning hayotiga aralashishga haqli emas. Shu mʼnoda ajrimlar ko‘lami ortib borishida mahalla institutini ayblash adolatdan emas. Ammo mahalla azaldan odamlar dardiga eng yaqin ijtimoiy idora bo‘lib kelgan. Qo‘ni-qo‘shnining ahvolini, oilaning kayfiyatini, xonadondagi muhitni aynan mahalladoshlar yaxshi bilishadi. Demak, muammo yuzaga kelganda yordamga oshiqish, avvalo, shu tizimning vazifasi hisoblanadi.


Oilani mustahkamlash haqida gap ketganda, yana bir muhim masalani chetlab o‘tib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, faoliyatni baholash mezoni.


Bugungi hisobotlarda o‘tkazilgan davra suhbatlari, seminarlar, profilaktik tadbirlar, o‘rganilgan xonadonlar, yig‘ilishlar haqida ko‘p gapirilyapti. Biz bu ishlar kerak emas, deyishdan yiroqmiz. Albatta, ularning har biri muayyan ahamiyatga ega. Ayni chog‘da bir haqiqatni tan olaylik: quruq hisobotu tadbirlar bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Masalan, bir mahallada o‘nlab uchrashuv o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha mahallada oilaviy nizolar kamaymagan, psixologik yordamga muhtoj insonlar o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlanmagan, ajrimlar avvalgidek davom etayotgan bo‘lsa, ura-urachilikka asoslangan tadbiru yig‘ilishlardan nima naf?


Davlatimiz rahbari keyingi yillarda barcha sohalarda faoliyatga «natijadorlik» tamoyili asosida baho berish zarurligini qayta-qayta taʼkidlamoqda. Mahalladagi mutasaddilar ham o‘zlariga «Nechta yosh oila o‘z vaqtida psixolog qabul qilgani uchun ajrimdan qaytdi? Nechta nizo mahallaning o‘zida murosa yo‘li bilan hal etildi? Nechta oilaga iqtisodiy yoki ijtimoiy yordam ko‘rsatilgandan keyin mojaro barham topdi? Qancha farzandning tirik etim bo‘lib qolishi oldi olindi?» degan haqli savollarni berishi zarur. Bu boradagi ko‘rsatkichlar har qanday tizimning haqiqiy samaradorligini ko‘rsatadi.


To‘g‘ri, baʼzan barcha masʼuliyat mahalla zimmasiga yuklanadi. Bu ham adolatdan emas. Chunki mahalla xodimlari kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, turli reestrlar va «daftar»larni yuritish, murojaatlarni ko‘rib chiqish kabi o‘nlab vazifalarni bajarmoqda. Bunday sharoitda esa har bir xonadon bilan muntazam ishlash oson emas. Shuning uchun psixolog, ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli, zarur hollarda tibbiyot va taʼlim muassasalari vakillarining hamkorligi zarur.


Zero, oila muammosi bitta sohaning muammosi emas, u ijtimoiy hayotning turli jabhalari kesishgan nuqtadir. Eng muhimi, oila bilan ishlashda «hammaga bir xil yondashuv» tamoyili o‘zini oqlamaydi. Oddiy kelishmovchilikka murosa va maslahat etarli bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy qiyinchilikka ijtimoiy ko‘mak kerak bo‘ladi. Ruhiy muammoga psixolog yordami zarur. Ammo zo‘ravonlik mavjud holatlarda asosiy vazifa oilani har qanday yo‘l bilan saqlab qolish emas, balki jabrlanuvchining xavfsizligini taʼminlashdir. Ana shundagina «oilani asrash» degan tushuncha haqiqiy mazmun kasb etadi. Har holda, mehr yo‘q, qo‘rquv hukm surgan oilani mustahkam oila deb bo‘lmaydi. Bola uchun ham doimiy haqorat va zo‘ravonlik ichidagi «to‘liq oila»dan ko‘ra, tinch va xavfsiz muhit muhimroq. Shunday ekan, oila siyosatida asosiy maqsad har qanday nikohni saqlab qolish emas, balki sog‘lom munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash, muammoni erta aniqlash zarur. Balki shunda ajrimlar soni qisqarar…



G‘ulomjon Mirahmedov,


ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7422 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat