“Qodiriyni sotib shoir bo'lganlar…”
Alhazar, alhazar-ming bor alhazar,
Ana yuribdilar kiyganlari zar.
Qodiriyni sotib shoir bo'lganlar
Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor.
Muhammad Yusuf
10-aprel o'zbek romanchiligining asoschisi, umrboqiy asarlari adabiyotimiz va umuman madaniyatimiz mulkiga aylanib ulgurgan o'lmas so'z san'atkori – Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun. Yozuvchi o'zbek adabiyoti maydonida o'zining betakror romanlari, tanqidiy-publitsistik maqolalari, yumoristik feletonlari bilan o'chmas iz qoldirgan.
Yozuvchi, shoir, tarjimon, dramaturg, XX asr o'zbek adabiyotining ulkan namoyondalaridan biri bo'lgan Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894-yil 10-aprelda Toshkent shahrining Eskijo'va mahallasida tavallud topgan. Adibning otasi Qodirbobo (1820-1924 y) xon, beklar qo'lida sarbozlik qilgan. Rus bosqini paytida Toshkent mudofaasida qatnashgan.
Adib o'z tarjimai holida shunday deydi:
“Har holda bemavridroq bo'lsa kerak, kambag'al, bog'bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada...tug'ilg'onman. Yoshim to'qqiz-o'nlarga borg'ondan so'ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o'qib, keyin vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o'n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo'jayinim o'zi savdogar kishi bo'lub, o'rischa yozuv-chizuv bilaturg'on odamga muhtoj edi. Shu ta'ma bo'lsa kerak, meni o'ris maktabga yubordi... 1912 yilda manfaktur bila savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 so'm barobariga prikazchik bo'lub kirdim...”
Bolaligidan eti mehnatda qotgan Qodiriy turli yumushlarni bajarish bilan birga, dastlab musulmon maktabda, so'ngra rus tuzem maktabida o'qiydi. 1916-1917 yillarda Abulqosim shayx madrarasida arab va fors tillaridan saboq oladi.
1923-yilda “Mushtum” jurnalida ilk ijodiy faoliyatini boshlagan adib o'sha vaqtlarni shunday xotirlaydi:
“Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirg'on gazetalarni o'qib, dunyoda gazeta degan gap borlig'iga imon keltirdim. 1913-yilda o'zbekcha “Sadoi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyina” gazetalari chiqa boshlag'och, menda shularga gap yozib yurish fikri uyg'ondi”.
Abdulla Qodiriy adib va shoir sifatida 1912-yillarda faoliyatini boshlagan. “To'y” “Ahvolimiz”, “Millatimga”, “Fikr aylagil” kabi she'rlari “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi uning ilk asarlaridir.
Qodiriy shunday xotirlaydi: “1913-yilda chiqqan "Padarkush" ta'sirida "Baxtsiz kuyov" degan teatr kitobini yozib yuborg'animni o'zim ham payqamay qoldim (1915-yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turg'on hikoya va ro'monlarga taqlidan "Juvonboz" otliq hikoyachani yozib noshir topilmag'onidan, o'zim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilg'ondan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko'ngilli bo'lib yozildim...”
Shu tariqa adabiyot olamiga kirib kelgan yozuvchining asarlari hanuz kitobxonlar orasida o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida hibsga olingan Qodiriy millat manglayiga bitilgan mash'um tun, ya'ni 1938-yilning 4-oktyabrida uzoq qiynoqlardan so'ng Сho'lpon, Fitrat, Ziyo Said kabi maslakdoshlari bilan birgalikda otib tashlanadi.
Bugungi kunga kelib yurtimizda Qodiriy dahosiga ehtirom yuzasidan qilinayotgan ezgu ishlarning ko'lami keng miqyosda davom etmoqda.
Mustaqillikdan so'ng ko'plab ziyolilar qatorida Abdullo Qodiriy nomi to'la oqlanib, e'tirof sifatida 1991-yil adibga “Mustaqillik” ordeni, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berilgan. Shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti ta'sis etilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutiga, madaniyat va istirohat bog'lariga, davlat muassasalari hamda metro bekatiga Abdulla Qodiriy nomi berilgan. 2019 yil Abdulla Qodiriy uy-muzeyi faoliyati yo'lga qo'yilib, shu yilning o'zida Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ochildi.
Qodiriy ijodi nafaqat yutimizda, ayni paytda, qardosh xalqlar va g'arb adabiyotida ham keng miqyosda o'rganilayotgani quvonarlidir. Qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov ijodkor hayotiga oid “Abdulla Qodiriy” nomli asar yozib unda shunday fikrlarini bildiradi:
“Uning romanlari 20-yillarda go'yo tekis sahroda to'satdan Pomir tog'lari vujudga kelganday paydo bo'ldi…”
2019-yilda millatparvar yozuvchi Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani amerikalik sharqshunos Mark Eduard Riz tarjimasida, ingliz tilida “Bygone days” nomi bilan kitob holida chop qilgani adib asarlarining dunyo bo'ylab keng tarqalishi imkonini beradi.
Mashhura JO'RAQULOVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0