+20C

+20C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Qachon malakali gidlarga yolchiymiz?

Yaqinda xorijdan kelgan bir guruh jurnalist va ziyolilar bilan ikki nafar gid-tarjimon hamrohligida Imom Buxoriy ziyoratgohi sari otlandik. Yo‘l-yo‘lakay tilmochlarimiz Samarqandning o‘tmishi, meʼmoriy yodgorliklari, chor atrofda obodonlashtirilayotgan ziyoratgohlar xususida «hikoya» qilib ketishdi. Gapning ochig‘i, tariximizning ular talqinidagi taʼrifidan nafaqat mezbonlar, balki o‘tmishdan boxabar mehmonlar ham xijolat tortib qolishdi. Shu bois yarim yo‘lda gid-tarjimon (u sertifikatini ro‘kach qilsa-da) xizmatidan voz kechishga to‘g‘ri keldi...
Jamiyat
416 14:28 | 07.06.2026 14:28

− Turizm milliy iqtisodiyotning eng muhim sohalaridan biriga aylanib bormoqda, − deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos Mahmudxon Yunusov. − Tarmoq istiqbolini taʼminlashda gidlar zimmasiga ham alohida masʼuliyat yuklanadi. Ammo hali ham mamlakatimiz tarixi, xalqlarimiz madaniyati, etnografiyasi bo‘yicha mufassal tushuncha bera oladigan gidlarga ehtiyoj kattaligicha qolmoqda. Achinarlisi, sohaning ayrim vakillari tomonidan asossiz maʼlumotlarga tayanish holati barham topganicha yo‘q. Masalan, Registon maydonidan bir necha chaqirim narida joylashgan inshoot gidlar tomonidan goh «Ishratxona», goh «Ashratxona» deya talqin etib kelinadi. Vaholanki, bu meʼmoriy yodgorlik, tarixiy manbalarga ko‘ra, temuriy hukmdor Abu Said Mirzoning rafiqasi Habiba Sultonbegim tomonidan qizi Sulton Xovad Beka oqo uchun bunyod ettirilgan. Sulolaviy yoki oilaviy dafn majmuasining nojoiz nomlar bilan atalishini esa aslo oqlab bo‘lmaydi.


Yana bir holat. Bibixonim madrasasi ro‘parasidagi masjid gidlar tomonidan «Bibixonim jome masjidi» deya taʼriflanmoqda. Aslida bu inshoot «Amir Temur jome masjidi» deb atalishi kerak. Mahmudxon Yunusov bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi «Qaysi biri to‘g‘ri: Amir Temur masjidimi yoki Bibixonim masjidi?» sarlavhali maqolasida mufassal tushuncha bergan. Shuningdek, Siyob kanali yoqasida joylashgan, xalq orasida «Doniyol payg‘ambar qabri» deya yuritiluvchi maqbara haqidagi afsonaning Amir Temur bilan bog‘liqligi nechog‘liq haqiqatga yaqin ekani «Xo‘ja Doniyormi yoki Doniyol payg‘ambar?» sarlavhali risolada tarixiy faktlar asosida isbotlab bergan. Ammo bu joyda ham ayrim gidlar tomonidan sayyohlarga etkazilayotgan cho‘pchaklar hech qanday asosga ega emas.


− Registon ansambli direktsiyasi tashabbusi bilan aynan gid-tarjimonlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida «Samarqand yodgorliklari» to‘plami nashr etildi, − deydi Mahmudxon Yunusov. − O‘sha kitobda tadqiqotchi olimlar, muzeyshunoslarning o‘lkadagi osori-atiqalarning bunyod etilishidan tortib, nomlanishi va taʼrif berilishigacha muhim maʼlumotlar o‘rin olgan. Bundan tashqari, Samarqand davlat universiteti, Turizm universiteti, Arxeologiya instituti tadqiqotchi olimlari tomonidan «O‘zbekiston meʼmoriy yodgorliklari» risolasi chop etilgan.


Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, hudud miqyosida faoliyat yuritayotgan gid-tarjimonlar foydalanadigan manbalar etarli. Faqat ulardan to‘g‘ri foydalanish masalasiga eʼtibor qaratilmayapti. Samarqandda rasmiy manbalarda malaka guvohnomasiga ega gid-tarjimonlar soni 800 nafarni qoralashi qayd etilsa-da, oxirgi yillardagi aniq soni xususida ochiq statistika mavjud emas. Negaki, 2020 yildan gid mutaxassislar ham o‘zini o‘zi band qilganlar toifasiga kiritilgan. Natijada Rossiya, Koreya va boshqa o‘lkalarda ishlab, tilni muayyan darajada o‘zlashtirib olgan ayrim fuqarolar tarjimonlik guvohnomasi olishga erishgan. Ularning aksariyati bu sohada etarlicha maʼlumotga ega bo‘lmasdan, turli resurslardan olingan maʼlumotlar asosida gidlik qilayotganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda temir yo‘l vokzali, aeroport va avtovokzallarda sayyohlarni kutib olib, ularni o‘z bilganicha aylantirib yurgan «uchar» gidlar ham ko‘payib borayotganini tan olish kerak.


− Asosiy muammo shundaki, ayni vaqtgacha gid-tarjimon tayyorlashning yagona o‘quv dasturi ishlab chiqilmagan, – deydi Mahmudxon Yunusov. – Shu bois ularning malakasi bo‘yicha jiddiy imtihonlar tashkil etilib, faoliyati yuzasidan vaqti-vaqti bilan o‘rganishlar olib borilishi, kasbiy malakasi baholanishi lozim, deb o‘ylayman. O‘rganishlarda viloyatdagi birorta muzey yoki yodgorlik majmualarida rasmiy maoshga ishlovchi gid-tarjimon shtatlari mavjud emasligi aniqlandi. Faqatgina ayrim muzeylar va meʼmoriy obidalar, jumladan, Registon ansambli tajribali gidlar xizmatidan shartnoma asosida foydalanib kelayotgan ekan.


− Registon ansambli Samarqand yuzi sanaladi. Chet eldan kelgan har bir sayyoh o‘lkamizni gid tushunchasi orqali anglaydi. Kuzatishlarimizda ayrim tarjimonlarning muloqot uchun mos so‘zlarni tanlay olmasligi, o‘z fikrlarini to‘liq ifodalay bilmasligi, nutqidagi mantiqiy ketma-ketlikning buzilishi bizni bu borada jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur etdi, – deydi majmua rahbari Xonqul Samarov. – Sharoitdan kelib chiqqan holda, tajribali, etarlicha bilim va kasb ko‘nikmasiga ega 12 nafar gid-tarjimonni shartnoma asosida hamkorlikka taklif etganmiz. Ular besh tilni mukammal bilishadi. Mamlakatimiz tarixi, madaniya­ti, urf-odatlarini chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislar hisoblanadi.



Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, gid-tarjimonlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ularning kasbiy malakasini oshirish va doimiy shtat birliklarini joriy etish zarurati yaqqol sezilmoqda. Chunki sayyohlik oqimi ortayotgan bir sharoitda malakali gidlar nafaqat tarix haqida haqqoniy maʼlumot beradi, balki mamlakat imijiga ham bevosita taʼsir ko‘rsatishini unutmasligimiz kerak.


Nurilla ShAMSIEV


Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6649 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat