Ayol alamlarini yutib yashashi kerakmi?
Yuqorichirchiqlik 45 yoshli F.Jumaevaning eri bilan ikki yildan buyon birga yashamayotgani sababli, uch nafar farzandi uchun aliment undirishlarini so'rab, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining xotin-qizlar muammolari bo'yicha 1211 Ishonch telefoniga qilgan murojaatini o'rganish maqsadida, unga qo'ng'iroq qildik.
– 2012 yilda Surxondaryodan Toshkent viloyatining Yuqori Сhirchiq tumaniga kelin bo'lib tushganman, – deydi F.Jumaeva. – Turmush o'rtog'imning ota-onasi bu dunyodan o'tib ketishgan, hovlimizda qaynopam ham ikki farzandi bilan yashar ekan. Opa-uka o'rtasida uy-joy mojarosi tez-tez bo'lib turardi. Turmush o'rtog'im kunlik yumushlar qilardi, ko'p o'tmay ichkilikka berilib ketdi. Insofga kelib qolar, deb yashab yurdim. Orada ikki qiz va bir o'g'il farzandli bo'ldik. Ammo u ichkilikni tashlamadi, qaytanga kun sayin zo'rayib boraverdi. Ichib kelib, janjallar chiqarardi, meni bolalar ko'z o'ngida urib-so'kardi. Bunaqa zo'ravonliklarni ko'p ko'rgan 6 yoshli kenja o'g'lim esa, yaxshi gapirolmaydigan, salgina balandlikdan ham qo'rqadigan bo'lib qoldi...
Erim topganini ichavergach, mahallaga yordam so'rab chiqdim. Meni “Ayollar daftari” ga kiritib, bitta tikuv mashinasi ajratib berishdi. Hunarim borligi ayni muddao bo'ldi, buyurtmalar ola boshladim. Lekin topganim ro'zg'orga amal-taqal yetardi. Erimning “hunari” qolmadi, bizni uydan haydab yuborgan paytlarda qo'shnilarning uylarida yotib yurdik. Uni mahalla-ko'y, qarindoshlar bir necha marta tartibga chaqirmoqchi bo'lishdi, ammo foydasi bo'lmadi. Men hammasidan bezib, oxir-oqibat uchta bolamni olib, ijaraga chiqib ketdim va erimni alimentga berdim. Alimentni undirish bo'yicha 3-4 oy davomida sarson bo'ldim. Natija bo'lmagach, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1211-Ishonch telefoniga murojaat qildim. Aliment miqdori salkam 40 mln so'm ekan. Hozir, menga 5 mln so'm undirib berishdi. Qolganini ham vaqti bilan undirib berishlarini aytishdi.
Ayni vaqtda bir koreys millatiga mansub kishiga tegishli xonadonning bir xonasi uchun 1 mln so'm ijara haqi to'layman. O'sha xonada ham tikishlarimni qilaman, ham bolalarim bilan yotaman. Ammo u yerdayam tinchimiz yo'q, kechki paytda ko'pincha koreys odamning ulfatlari yig'iladi. Men esa, kunlik ishlarga ham chiqay desam, biri 11, biri 9 yoshli qizlarim va 6 yoshli o'g'limni yolg'iz qoldirib ketolmayman. Kuni kecha esa, ijara egasi uyni ta'mirlashini aytdi. Endi yana ijaraga uy qidirishim kerak...
Biz vaziyatni yanada aniqlashtirish, qolaversa mushkul vaziyatda qolgan ayolga qanday yordam berilishini bilish uchun, ushbu mahalla raisini topib, unga qo'ng'iroq qildik.
– Bu oila bir necha yillardan buyon notinch oila, – deydi Yuqori Сhirchiq tumani “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Niyazimbet Kenjaliev. – Oila boshlig'i Ye.Mirzaev ancha yillardan buyon ichkilikka ruju qo'ygan. Uni tartibga chaqirishga ko'p bora harakat qildik. Ammo baribir foydasi bo'lmayapti. Hatto hozir faqatgina shu zormandani ichish uchun kunlik ishlarda ishlaydigan bo'ldi. Ayoli uyidan ketib, ijaraga borib yashayapti. Unga uyidan ketmasligini aytganmiz. Hozir ham aytyapmiz, qaytib borishini. Baribir, xalqimizda “erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin” degan ibora bor. Eri unchalik yomon odam emas. Murosa qilishsa, balki ichkilikni ham tashlab, oila yaxshi yashab ketishi ham mumkin-ku...
Mahalla raisi ayolga navbatdagi ijara uyni topishda yordam berishini, oilani murosaga keltirishga yana bir bor urinishini aytib, xayrlashdi.
F.Jumaevaga alimentni undirish yuzasidan Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, Ye.Mirzaevning alimentdan bo'lgan qarzdorligi hozirda 39 mln so'mdan ziyodni tashkil qiladi. Joriy yilning 14 fevral kuni undiruvchining plastik kartasiga 5 mln so'm miqdorida mablag' tushirib berilgan. Qolgan aliment qarzdorligini undirish bo'yicha keyingi ijro harakatlari olib borilmoqda.
Shu o'rinda, bir jihatga to'xtalsak. Ayni paytda ichkilik ta'sirida ayoli yoki farzandlarini nobud qilish, bunday sitamlardan charchagan, chora topolmagan ba'zi ayollarning o'z joniga qasd qilish holatlari ming afsuski jamiyatda yo'q emas. F.Jumaevaga tazyiq va zo'ravonlikdan davlat himoyasini taqdim etuvchi – himoya orderi naq 3 marta berilgan ekan. Shunday bo'lsa-da, bu oiladagi janjallarning keti uzilmagan, vaziyat hamon yaxshilanmagan. Oxir-oqibat, ayol xarajatga kirib bo'lsa-da, ijaraga chiqib ketishga majbur bo'lgan. Sizningcha, mahalla raisi aytayotgan, o'sha “unchalik yomon emas”, muntazam ichkilik ta'sirida bo'ladigan odamning yoniga ojiz bir ayol farzandlari bilan qaytsa to'g'ri ish bo'ladimi? Keyinchalik bu zo'ravon er ayoli yoki farzandlariga ziyon yetkazmasligiga kimdir kafolat bera olarmikan? Yoki ayol alamlarini ichga yutib, barchasiga chidab yashashga majburmi?
Mushkul vaziyatda qolgan bu ayolga mutasaddilar tez orada e'tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Xolida Egamberdieva,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0