Ayol va bola huquqlari – davlat himoyasida
Yangi farmon zo'ravonlikka qarshi kurashda muhim qadam
Yaqinda bozorda bir achinarli manzaraga duch keldim. Er-xotin qaysidir mahsulotni xarid qilish asnosi tortishib qolgan shekilli, erkak og'ziga kelgan so'zlar bilan f bo'ralatib so'kyapti. Atrofdagilardan zig'ircha andisha qilayotgani yo'q. Hartugul yoshi kattaroq otaxon dakki bergach, o'zicha bir nimalar deb nari ketdi. Ayol esa xijolatdan joyida qotdi…
Mushtipar ojizani turmush o'rtog'i jamoat joyida shu ko'yga solayotgan ekan, uydagi manzarani tasavvur qilib, o'zingiz uchun xulosa chiqarib olavering…
Afsuski, oramizda huda-behudaga janjal ko'tarib, xotinini, bola-chaqasini so'kadigan, kaltaklaydigan «erkak»lar yo'q emas. Hatto muxlislik qiladigan futbol komandasi yutqazib qo'ysa, alamini ayoli va bolalaridan oladiganlar ham bor. Bunga shaxsan o'zim guvoh bo'lganman.
Aslida bu faqat biz bilan bog'liq muammo emas, butun dunyoda ayollar va bolalarga nisbatan zo'ravonlik hali-hamon dolzarbligicha qolmoqda.
Xalqaro tashkilotlar ma'lumotlariga ko'ra, bu nafaqat ijtimoiy muammo, balki inson huquqlarining buzilishi sifatida baholanadi. Xususan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o'z umr yo'ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o'tkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo'ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma'lum qiladi. Ayollar o'limining 38 foizi ularning turmush o'rtog'i tomonidan amalga oshiriladi va zo'ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so'zlaydi.
YuNISEF taqdim etgan ma'lumotlarga qaraganda, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan har 10 boladan olti nafari har kuni jismoniy zo'ravonlikka uchraydi. Har 5 daqiqada bir bola zo'ravonlikdan vafot etadi.
Raqamlardan ko'rinib turibdiki, zo'ravonlik butun jahonda jiddiy muammo bo'lib qolmoqda.
So'nggi yillarda yurtimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilada sog'lom muhitni ta'minlash borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2023 yilda mamlakat bo'yicha 39 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderi berilgan. 2024 yilda esa bu ko'rsatkich 42 mingdan ortiqni tashkil etgan. 2025 yil davomida profilaktik ishlar kuchaytirilishi natijasida minglab oilalarda nizolar barvaqt hal etilgan, zo'ravonlik xavfi mavjud holatlar mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olingan.
Aslida muammoning oldini olishda jazolashdan ko'ra, profilaktik chora-tadbirlar ko'proq samara beradi. Buni amaliyot yaqqol tasdiqlab turibdi.
2026 yil 3 martda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to'g'risida»gi farmon ana shu sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Mazkur hujjatga binoan, bir qator muhim vazifalar belgilandi. Eng avvalo, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va jabrlanganlarga kompleks yordam ko'rsatish tizimi yanada takomillashtiriladi. Zo'ravonlikdan jabrlangan shaxslarni himoya qilish mexanizmlari kuchaytiriladi, profilaktik ishlar mahalla darajasida yanada tizimli tashkil etiladi, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam xizmatlari kengaytiriladi. Shuningdek, ayollar va bolalar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha davlat organlari hamkorligi kuchaytiriladi. Mahalla, ichki ishlar organlari, ta'lim muassasalari va jamoat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, jamiyatda zo'ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Hujjatning ahamiyati faqat huquqiy choralar bilan cheklanmaydi. U zo'ravonlikka qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqadi. Ilgari asosan sodir bo'lgan holatlarga huquqiy baho berilgan bo'lsa, endi profilaktika, ya'ni muammoning ildizini bartaraf etishga katta e'tibor qaratiladi, oqibat bilan emas, sabab bilan kurashiladi. Bu esa har bir oilada sog'lom muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
To'g'ri, bizda oila muqaddas hisoblanadi. Er-xotinning urushi – doka ro'molning qurishi, uydagi gapni ko'chaga chiqarish odobdan emas, degan naqllar qon-qonimizga singib ketgan. Shu bois ko'p hollarda ayollar oila tinchligini saqlashni, farzandlari kelajagini o'ylab, har qanday jabr-sitamlarga bardosh beradi. Birovga dardini aytishdan, bir yostiqqa bosh qo'ygan turmush o'rtog'ining ustidan tegishli joyga shikoyat qilishdan andisha qiladi. Boshiga neki tushsa, tishini-tishiga bosib, sabr bilan yashaydi. Bu bir tarafdan yaxshi. Zero, to'la-to'kis baxtga osonlikcha erishib bo'lmaydi. Oshsiz uy bo'lishi mumkin, va lekin urushsiz xonadon bo'lmaydi. Ota-bobolarimiz shu tariqa hayot kechirib, kam bo'lishmagan.
Ammo hozir zamon boshqa. Odamlar orasidan mehr-oqibat ko'tarilgan. Achchiq bo'lsa-da, haqiqat bu. Arzimas masala katta tortishuvga aylanib, ayolini o'lasi qilib urayotganlar, hatto qasddan joniga qasd qilayotganlar haqida bot-bot eshityapmiz. Bolalarga oilada qilinayotgan zo'ravonliklar haqida-ku, gapirmasa ham bo'ladi…
Xullas, hozirgi ahvolimizga ko'zgu tutsak, holatimiz maqtagulik emas. Shunday ekan, «Odamlar nima deydi», degan andisha tufayli boshidan kechirayotgan azob-uqubat va zo'ravonliklarni «oilaviy masala», deb xaspo'shlash kerak emas. Buning oqibati voy bo'lishi mumkin. Shunki sukut muammoni hal qilmaydi, aksincha, gazak oldiradi. Sabr – fazilat, ammo adolatsizlikka ko'nikib yashash har kuni bir o'lib-tirilish bilan barobar. Buni boshidan o'tkazganlar juda yaxshi bilishadi.
Shuning uchun masalaga nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-ma'naviy nuqtai nazardan yondashishni davrning o'zi taqozo etmoqda. Avvalo, har bir ayol o'z haq-huquqlarini bilishi, jamiyat esa ularning murojaatlariga befarq bo'lmasligi zarur. Shundagina oilada tinchlik-xotirjamlik hukm suradi. Shu ma'noda olib qaraganda, yangi farmon mamlakatimizda inson qadrini ulug'lash, ayollar va bolalarni zo'ravonlikdan saqlash va munosib hayot kechirishlarini ta'minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
G'ulomjon MIRAHMEDOv
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0